01 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,5 °C

Ijtimoiy hayot
25 Fevral  2020 772

Hukumatning yangi ipoteka siyosati ma’lum qilindi

Hukumat ipoteka krediti shartlarini yengillashtirdi, shuningdek, alohida toifaga mansub aholi uchun byudjetdan subsidiya ajratmoqda. Joriy yilda 17 mingdan ortiq uy-joy qurilishi boshlanadi, shunda 13 mingdan ortiq oila imtiyozli taklif bilan sharoitini yaxshilab olishi mumkin.

O‘zbekiston Moliya vazirligi prezidentning tegishli farmoniga muvofiq shahar va qishloq joylarida uy-joylarni qurish va ipoteka krediti orqali sotishning yangi tartibini e’lon qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri Moliya vazirligi ma’lumotiga tayangan holda xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, uy-joy qiymati maydon kengligi bilan narxlanadi. Narxlar esa uchta kategoriyada 1 kvadrat metr uchun taqdim etilgan: qishloq joylarda (4,3 mln so‘m), shaharda (5 mln so‘m), Toshkent shahrida (5,5 mln so‘m). Masalan, ikki xonali namunali xonadon uchun (45 kv. m bo‘lgan taqdirda) qishloq joylarda 193 mln 500 ming so‘m, shaharda 225 mln so‘m, Toshkent shahrida esa 247 mln 500 ming so‘m to‘lanadi. Rejalashtirilgan uy-joyning chegaralangan maydoni va qiymati o‘rnatilmaydi.

Qishloq joylarda uy-joylar Andijon, Buxoro Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari shaharlariga va tuman ma’muriy markazlariga tutash hududlarda quriladi (jami xonadonlar soni 4000ta).

Shaharlarda uy-joylar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahrida quriladi (jami 13 ming 750ta).

Ko‘p kvartirali uy-joyning qurilishi qishloq joylarda ham, shaharlarda ham tadbirkorlik sub’ekti tomonidan o‘z mablag‘lari, tijorat banklaridan olingan kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar va o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan, tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan va aholi zich yashaydigan joylashgan bo‘sh yer ajratiladi.

Tortib kelinadigan muhandislik kommunikatsiyalari markazlashtirilgan manbalar hisobidan hamda tegishli ravishda «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta’minot» korxonalarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, shaharlarda ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 80 foizgacha bo‘lishi mumkin. Qishloq joylarida qurilgan uy-joy uchun ipoteka krediti 90 foizgacha taqdim etiladi. Ya’ni ipoteka shartlari bilan uy-joy sotib olmoqchi bo‘lgan shaxs xonadon umumiy qiymatidan 10 foiz (qishloq joylarida) yoki 20 foizni (shaharlarda) to‘lashi lozim. Masalan, uch va undan ko‘p xonali kvartira uchun (58 kv. m bo‘lgan taqdirda):

  • qishloq joylarida uy-joyning boshlang‘ich badal to‘lovi 24 mln 940 ming so‘m;
  • shaharlarda 58 mln so‘m (subsidiya berilgan taqdirda 29 mln so‘m);
  • Toshkentda 63 mln 800 ming so‘m (subsidiya berilgan taqdirda 31 mln 900 ming).

Subsidiya puli past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan 13 mingdan ortiq oilaga byudjetdan ajratiladi.

Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va (yoki) kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisob-varag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar.

Qishloq joylarda subsidiya ipoteka krediti foizining bir qismini to‘lash uchun, shaharlarda esa ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarini bir qismini to‘lash uchun ajratiladi. Bunda:

  • qishloq joylarda — 2400 oilaga birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismi uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga byudjetdan subsidiyalar ajratiladi;
  • shaharlarda — 10,8 ming oilaga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismi uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan aholining alohida toifalariga quyidagilar kiritiladi:

  • uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar;
  • og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin- qizlar;
  • yoshlar ittifoqi;
  • mehnat migrantlari;
  • yetimlar;
  • og‘ir kasallikka chalinganlar va nogironlar.

Ipoteka krediti 15 yil muddatga banklar tomonidan rasmiylashtiriladi. Kreditning foiz stavkasi bozor shartlari asosida 20 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Subsidiya ajratish masalasida hududlardagi Davlat xizmatlar agentligiga 1 martdan e’tiboran murojaat qilish mumkin.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech