27 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,6 °C

Moliya
13 May  2020 484

Bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi

“2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Oʻzbekistonda bank sektorini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Xususan, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, banklar faoliyatini avtomatlashtirish, banklarning asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan funksiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilish orqali bank tizimining samaradorligini oshirish bank sektorini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlaridan etib belgilandi.

2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi hamda strategiyani amalga oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi.

Maqsadli koʻrsatkichlarda, jumladan, quyidagilar nazarda tutildi:

- bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025-yilga kelib 60 foizgacha oshirish;

- banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025-yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;

- 2025-yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;

- umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025-yilga kelib 4 foizgacha oshirish.

Farmonga (https://t.me/huquqiyaxborot/7138) koʻra, xalqaro moliya institutlari koʻmagida “Ipoteka-bank” ATIB, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” ATB, AT “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Turonbank” ATBdagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Bunda birinchi bosqichda ular institutsional oʻzgartiriladi (faoliyati transformatsiya qilinadi), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketi sotiladi.

“Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitallarida davlat ulushi saqlab qolinadi.

Ayrim banklarning moliyaviy ahvolini baholash asosida, qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq ular konsolidatsiyalanadi.

Farmonga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisiga Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech