07 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Transport
4 Iyul  2020 646

Oʻzbekiston yuk tashishning elektron kitobchasini joriy etadi

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tranzitga koʻmaklashishda, mintaqada va uning tashqarisida savdo-sotiqni ragʻbatlantirishda eng muhim harakatlantiruvchi kuchga aylandi. Bu haqida Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (XATI) Bosh kotibi Umberto de Pretto Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farxod Arziyev bilan boʻlib oʻtgan videokonferensiyada aytib oʻtdi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq muammolarga qaramay, joriy yilning 6 oyi mobaynida Oʻzbekistonda yuk tashish (TIR Carnet) kitobchalaridan foydalanish miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 32% ga koʻpaydi. Ushbu koʻrsatkichning oʻsishi 2019-yil yakuni boʻyicha undan oldingi yilga nisbatan 46% ni tashkil etgan edi.

U.Pretto BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi doirasida yuklarni avtomobilda xalqaro tashish tizimini raqamlashtirishni (e TIR) qoʻllab-quvvatlagani, shu jumladan, 1975-yildagi Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish kitobchasini qoʻllash boʻyicha Bojxona konvensiyasiga 11-ilovani joriy yilning boshida qabul qilinishida faol ishtirok etgani uchun Oʻzbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi.

Oʻzbek tomoni XATI bilan yaqin hamkorlikni chuqurlashtirishdan hamda respublikaning xalqaro transport koridorlarida ishtirok etish geografiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini yana bir bor tasdiqladi. Taʼkidlanishicha, real vaqt rejimida ishlaydigan ishonchli xalqaro elektron maʼlumotlar bazasining mavjudligi hisobiga hujjatlarni qogʻozda rasmiylashtirmasdan yuk tashishni joriy etish bojxona organlari va tashuvchilarning ishini sezilarli darajada osonlashtiradi, uning xavfsizligini oshiradi va ushbu jarayonni tezlashtiradi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Videokonferensiya yakunida ishtirokchilar yuklarni yetkazib berish bosqichlarida va tajriba tariqasidagi “yeTIR” tashishlarni amalga oshirishda COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech