15 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,1 °C

Moliya
11 Oktyabr  2019 920

Davlat byudjeti mablag‘larini ishlatishda qonun buzilishlar aniqlandi

2019-yilning 9 oyida Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan “Davlat moliyasini boshqarish axborot dasturi” (DMBAD) va “UzASBO” dasturi ma'lumotlar bazasidan keng foydalangan holda jami 2 655 ta tashkilot va muassasalarda kameral nazorat tadbirlari o‘tkazdi, deb xabar qiladi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Kameral nazorat tadbirlariga qamrab olingan muassasalarning 820 tasida (31%) 22,6 mlrd. so‘m miqdorida byudjet qonunchiligini buzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 16,5 mlrd. so‘m mablag‘lar byudjetga tiklangan.

Hisobot davrida nazorat tadbirlarining asosiy qismi byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda mablag‘lardan maqsadli foydalanishi va moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, 5487 ta nazorat tadbirlaridan 4461 tasida (81,3%)
91,4 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ushbu asossiz xarajatlarning 83 mlrd.so'mi (91%) davlat byudjetiga tiklanishi ta'minlandi.

To‘qqiz oy davomida aniqlangan byudjet intizomini buzilish holatlari Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 18,9 mlrd. so‘m, Oliy va o'rta maxsus ta'limi vazirligi tizimi tashkilotlarida 12,1 mlrd. so‘m, Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimidagi muassasalarida 6,6 mlrd. so‘m, Sog'liqni saqlash vazirligida 10,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan. 

Yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (13,5 mlrd. so‘m), Andijon (9,2 mlrd. so‘m), Samarqand (7,7 mlrd. so‘m), Surxondaryo (7,1 mlrd. so‘m), Toshkent (7,3 mlrd. so‘m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (7,5 mlrd. so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan 84,3 mlrd. so‘m qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 3 004 ta nazorat tadbirlari hujjatlari tegishli choralar  ko‘rish uchun  prokuratura organlariga yuborildi.

Hisobot davrida byudjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan byudjet tashkilotlarining 261 nafar mansabdor va mas'ul shaxslariga belgilangan tartibda 191,4 mln. so‘mlik ma'muriy jarima qo‘llanildi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida 2018-yil hosilidan tayyorlangan paxta xomashyosini qabul qilish, qayta ishlash, paxta mahsulotlarini sotish bo‘yicha hisob-kitoblarning haqqoniyligi yuzasidan o‘tkazilgan 158 ta nazorat tadbirlarining 88 tasida 120,3 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbiri hujjatlari tegishli chora ko‘rish uchun  prokuratura organlariga topshirilgan.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 9 oyda o‘tkazilgan jami 7 152 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 302,8 mlrd. so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlanib, shundan 148,7 mlrd. so‘mi byudjet va maqsadli jamg‘armalar hamda xo‘jalik sub'ektlari hisob raqamlariga tiklanishi ta'minlandi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech