29 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,3 °C

Mamlakatimizda
31 May  2020 1320

Soliq organlari servis xizmati koʻrsatadi

 Oʻzbekiston soliq organlari tizimi tarkibiy tuzilmasida qayta tashkil etish boshlanyapti.

 

Maqsad – soliq toʻlovchilarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatish, shu bilan tizimning servisga yoʻnaltirilganlik darajasini oshirish va soliq toʻlovchilarning oʻz soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qulay tarzda bajarishini taʼminlashga erishish.

Endilikda umumbelgilangan soliqlar toʻlovchilari hisoblanadigan barcha QQS toʻlovchilarining soliq maʼmuriyatchiligi bosqichma-bosqich yangi darajaga oʻtadi.

Xizmat koʻrsatishning yangi tartibi birinchi bosqichda Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida joriy etiladi. Unga koʻra, 1-iyundan boshlab umumbelgilangan soliq toʻlovchilariga avvalgidek tuman inspeksiyalarida emas, balki viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida xizmat koʻrsatiladi.

2020-yil 1-iyuldan boshlab mazkur uchta hududda soliq toʻlovchilarning ushbu toifasining soliq maʼmuriyatchiligi toʻliq Toshkent shahar va viloyat DSBlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ishni samarali tashkil etish maqsadida soliq xizmati tizimini optimallashtirish va tarkibiy tuzilmalari tarmogʻini takomillashtirish Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari oʻz tavsiyalarida koʻrsatib oʻtdi.

Bundan tashqari, DSQ huzuridagi Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasini tashkil etish tajribasi soliq toʻlovchilarning maʼlum toifalariga nisbatan soliq maʼmuriyatchiligi manzilli tartibda alohida tuzilmalar tomonidan yuritilishining maqsadga muvofiqligini isbotladi.

Shu munosabat bilan hududiy DSB lar tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish ishlari boshlandi: QQSni rasmiylashtirish va qaytarish bilan shugʻullanadigan maxsus boʻlimlar tashkil etilmoqda. Mazkur DSB larda umumbelgilangan soliqlar boʻyicha maʼlumotlarni jamlash uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralari koʻrilmoqda hamda soliq toʻlovchilarga odatiy tartibda va masofadan turib xizmatlar koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Yangi mexanizm xizmat koʻrsatish sifati va tezligini oshirishga yordam beradi, soliq toʻlovchilarning soliq organlariga birinchi murojaatida yechimini topmagan muammosi boʻyicha yuqori organga murojaat qilish holatlari bir necha barobar kamayadi.

Ish manzilli ravishda, vazifalarni aniq taqsimlash va har bir masalani batafsil oʻrganish asosida tashkil etiladi. Sifatli servis xizmati soliq toʻlovchilarga soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va ixtiyoriy ravishda bajarishga imkon beradi.

Tarkibiy tuzilmani qayta tashkil etish tadbirkorlik subyektlaridan hech qanday qoʻshimcha harakatlar talab qilmaydi. Oʻtkazish soliq xizmati xodimlari tomonidan ularning ishtirokisiz amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun. Bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasida 96 130 ta subyekt QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ushbu tartib birinchi bosqichda Toshkent shahri, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi va 29 170 ta QQS toʻlovchisini qamrab oladi (jami uchta hudud boʻyicha). Keyinchalik, boshqa hududlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi, 1-oktyabrdan boshlab esa ushbu mexanizm butun respublika boʻylab amalga oshiriladi, deb xabar beradi DSQ matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech