23 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,7 °C

Ijtimoiy hayot
30 Iyul  2019 400

Vazirlar ham endi uyma-uy yurib, aholi muammosini hal etishi belgilandi

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida endilikda Xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlarining aholi muammolari bilan ishlashi yangi strategiya va tizim asosida tashkil etilmoqda.

Bunda aholi bilan muloqot yangicha yondashuv – davlat idoralarining bevosita birinchi rahbarlari eng og‘ir, eng chekka, eng olis hududlarga chiqqan holda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish asosida tashkil etishga kirishildi.

Dastlab Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi “Madaniyat va istirohat bog‘i”da tashkil qilingan ommaviy qabulda Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Prezidentimizning Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonalari mas'ullari, viloyatdagi sektorlar rahbarlari murojaatchilarni qabul qilib, ularni qiynayotgan muammolarga yechim izladi.

Ommaviy qabullarni kuzatar ekanmiz, davlat soliq qo‘mitasi raisi, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirlari qabulida uzundan uzoq navbatlar hosil bo‘lganini ko‘rdik. Bu o‘z o‘zidan murojaatlarning asosiy qismi aynan mazkur yo‘nalishlarga tegishli ekanidan dalolat beradi.  Qo‘shilgan qiymat solig‘i, o‘zgargan soliq stavkalari, tadbirkorlik sub'ektlariga berilayotgan imtiyozlar, shu va shu kabi vaziyatlarda tushunmovchiliklarga duch kelayotgan fuqarolar Davlat soliq qo‘mitasi raisi bilan bevosida muloqotda bo‘lishdi.

Ommaviy qabuldagi aholi salomatligi bilan bog‘liq murojaatlarning asosiy qismi tibbiyot muassasalarida davolanish yo‘llanmalarini olishdagi muammolar bilan bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, pasport-viza, ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan shikoyatlar, sobiq ichki ishlar organlari xodimlarini ishga qayta tiklash va ichki ishlar organlariga ishga kirish, ijtimoiy-huquqiy hamda maishiy masalalariga oid murojaatlar Ichki ishlar vaziri qabulida muhokama etildi.

Qabul jarayonida aniqlangan muammolarni joyida yechish choralari ko‘rilib, hal etilishi vaqt talab etadigan holatlardagina aniq muddat va mas'ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olinib, bu haqda aholi bilan zarur tushuntirish ishlari olib borildi.

Ohangaron shahridagi “Madaniyat va istirohat bog‘i”da tashkil qilingan ommaviy qabuldan so‘ng aholi muammolarini o‘rganishda sektorlar rahbarlari Ohangaronning eng uzoq-olis, chekka hududlariga bo‘linib, bevosita joylarga chiqib, qabullar o‘tkazdi. “Telov” mahalla fuqarolar yig‘ini Ohangaron shahridan qariyb 30 km uzoqda joylashgan. Bosh prokuror va viloyat prokurori mazkur hududda aholi bilan yuzma yuz, ochiq muloqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Ohangaron tumanining eng chekka qishloqlaridan biri – Gulobodda ommaviy qabul o‘tkazdi.

Aholi qishloqda maktabgacha ta'lim muassasasi yo‘qligidan qiynaladi. Ayni vaqtda bu hududda 187 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar mavjud. Ular maktabgacha ta'limga qamrab olinsa, 150 dan ortiq ayollar o‘z mehnat faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin.

Ohangaron tumanining Shodmalik mahallasida Oliy sud raisining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Sud-huquq tizimiga oid 20dan ortiq murojaatlar yuzasidan nazorat o‘rnatilishi qayd etildi va 21 ta murojaat bo‘yicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirish berildi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda sud-huquq masalalarida ham qator murojaatlar bo‘lgan edi. Mazkur murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudi  12 nafar mahkumni sud zalidan ozod qilish bo‘yicha qaror qabul qildi. Prezident Xalq qabulxonalariga murojaatlari natijasida o‘z hayotini o‘nglab olishi uchun yana bir bor imkon berilgan bu insonlar va oila a'zolarining  hayotga, yashashga bo‘lgan ishonchlari yanada mustahkam bo‘ldi.

Ohangaron shahrida o‘tkazilgan ommaviy qabulda 427 ta murojaat kelib tushdi. Bundan Oliy sudga 152 murojaat, Bosh prokuraturaga - 105 ta, Ichki ishlar vazirligiga - 67 ta, Adliya vazirligiga - 26 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligiga - 23 ta, Bandlikka ko‘maklashish markaziga - 16 ta, Davlat soliq qo‘mitasiga - 14 ta, yer resurlari kadastr qo‘mitasiga - 13 ta, Markaziy bankka - 11 ta masala kelib tushdi.

Bundan tashqari, qishloqma-qishloq yurib o‘tkazilgan qabullar jarayonida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev Telov qishlog‘ida 32 fuqaroni qabul qilib, ular ko‘targan masalalardan 20 tasini joyida hal etdi.

Ichki ishlar vaziri, Oliy sud raisi, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Shodmalik qishog‘ida 35 nafar, “Gulobod” qishlog‘ida 29 nafar fuqarolarni qabul qilib, jami kelib tushgan 42 ta masalani joyida hal qildi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi va Sog‘liqni saqlash vaziri Markaziy qo‘rg‘on hududi “Uvak” qishlog‘ida 29 nafar fuqaroning murojaatini ko‘rib chiqib,  ularda ko‘tarilgan 30 dan ziyod masalaning 15 tasini joyida qanoatlantirdi.

Sudlar tomonidan Ohangaron shahri mahallalari va qishloqlarida o‘tkazilgan ommaviy qabullar natijasida 95 nafar fuqaro sud zalidan ozod qilindi, 10 nafar jazo o‘tayotgan shaxsning jazosini yengilrog‘iga almashtirilib, jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech