23 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,2 °C

Sport
19 Mart  2020 1005

Velosportchi Murodjon Xolmurodov bilan eksklyuziv intervyu

Murodjon Xolmurodov  ko‘p sportchilar orzusi bo‘lgan Tokio–2020 Olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilardan biri.  Aslida uning bu yo‘ldagi muvaffaqiyati o‘tgan yili poytaxtimizda veloshosse bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatidan boshlangan. Bu musobaqada zafar quchgandan so‘ng Murodjon turli xalqaro poygalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.

Ayni damlarda yurtimizda Olimpiada o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rayotgan Murodjon Xolmurodovdan bugungi  rejalari va sportga kirib kelishi haqida so‘radik.

– Mana «Tokio-2020» o‘yinlari boshlanishiga ham tabora oz fursat qolmoqda. Hozirgi kunda mahoratni oshirish uchun nimalarga e'tibor qaratyapsiz? Mamlakatimizda mashg‘ulotlar olib borish uchun shart–sharoitlar yetarlimi?

— Avvalo mamlakatimizda  Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga katta e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidlashni istardim. Shu bois barcha sport turlari qatori velosiped sportini  rivojlantirish va xalqaro musobaqalarda yurtimiz sportchilarining munosib ishtirok etishiga katta ahamiyat qaratilyapti. Jumladan, velosportchilarimizning xalqaro musobaqalarda qatnashishi va turli yig‘inlarda o‘z mahoratlarini oshirishi uchun shu kunga qadar hyech qanday muammolar bo‘lmadi. (Afsuski hozirda karonavirus tufayli vaqtincha xorij yig‘inlarimiz to‘xtatilgan)  O‘zimizdagi mashg‘ulotlarga kelsak, sharoitlar a'lo darajada. Bugungi kungacha Tokioga tayyorgarlik O‘zbekistan Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Respublika oliy sport mahorati maktabi, O‘zbekiston velosport federatsiyasining yaqin ko‘magida reja bo‘yicha amalga oshirilib, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan.

— Har bir ishning boshlanishi ya’ni muqaddimasi bo‘ladi. Sportga ilk qadamingiz, birinchi murabbiyingiz haqida gapirib bersangiz?

— Bolalik inson hayotida uning kelgusi yo‘lini belgilovchi muhim palla Men ham velosiped sportiga bolaligimdan oshno bo‘lganman  O‘smirligimda birga o‘sgan do‘stim Aziz Salomov bilan velosipedda ko‘p sayr qilardik. O‘zaro poyga o‘ynaganimizda marraga doimo birinchi yetardim. Do‘stim mendagi iqtidorni sezgan bo‘lsa kerak, velosiped sporti to‘garagiga qatnashishimni tavsiya qildi. Hammasi shundan boshlandi. Ilk velosport sirlarini Gurlan tumanidagi velosport jonkuyarlari — Omonboy Jumanov, Mahmud Qo‘shchanov, Ulug‘bek Haydarovdan o‘rganganman. Ulardan bir umr minnatdorman. Hozir Albert Iskandarov, Rustam Nuriddinov singari tajribali murabbiylar bilan birga mashg‘ulotlar olib boryapman.

— Sportchilik faoliyatingizdagi g‘alaba va mag‘lubiyatlar sizga saboq bo‘lishi shubhasiz. Qaysi chempionatlarda munosib qatnashdim, deb hisoblaysiz?

— 2018-yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan  Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokimdan biroz qoniqish hosil qilaman. Aslida iloji boricha har bir musobaqaga puxta hozirlik ko‘rib, yo‘lga chiqamiz. Sababi bizdan yurtdoshlarimiz, qolaversa, ota-onamiz, yaqinlarimiz, do‘stlarimiz, muxlislar g‘alaba kutishini his qilaman. Odamzot borki, umid bilan yashaydi. Ammo har doim ham zafar quchishning iloji yo‘q. Mag‘lubiyatlar alamini ham totishga to‘g‘ri keladi. Masalan, London olimpiadasida omadim chopmagan. Bu ham bejizga emas ekan. Olimpiada menga yirik musobaqada qatnashish tajribasini berdi va bu juda asqotyapti.

— Velosport sizni nimasi bilan o‘ziga rom qiladi? Bu sport bilan shug‘ullanishni istagan yoshlarga  qanday maslahatlar berasiz?

— Velosport eng murakkab sport turlaridan biridir. Bu odamning nimaga qodirligini, irodasini va mahoratini ko‘rsatishda muhimdir. Shu tarafi bilan menga juda yoqadi. Velosport bilan shug‘ullanmoqchi, chempion bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshlar avvalo yo‘l harakati qoidalarini mukammal o‘rganishi hamda bu yo‘ldagi mashaqqatli mehnatga sabr-toqatli bo‘lishi kerak. 10–12 yoshdan boshlab,  bu sport turi bilan shug‘ullanish mumkin.

— Har bir sportchining orzusi bo‘ladi? Sizning-chi?

— Asosiysi navbatdagi olimpiada o‘yinlarida sovrindorlar safidan joy olsam, deyman. Chempionlikni aytsam, juda balandparvoz gap bo‘ladi. Xalqimiz «Qoyaga chiqqan cho‘qqini ko‘zlar», deb bejizga aytmagan. Bor imkoniyatlarni ishga solamiz, ammo qiyin bo‘lishi shubhasiz. Chunki raqobat juda kuchli, raqiblarim ham o‘ta mahoratli sportchilar.

Abdulhay Yunusov,
suhbatlashdi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech