18 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Xalqaro munosabatlar
21 May  2019 893

Vazir Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi vitse-prezidenti etib saylandi

Jenevada jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining (JSSA) 72-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi ma'lumotiga ko‘ra, uning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yevropa mintaqasidagi vitse-prezidenti etib, mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov saylandi.

Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi salomatligini asrash va yanada yaxshilash, sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun shart-sharoitlarni shakllantirish va profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e'tirof etilayotgani dalolatidir.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi - JSSTning oliy organi bo‘lib, unda barcha a'zo-davlatlar delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy vazifalari JSST faoliyatining yo‘nalishlarini aniqlash, tashkilot bosh direktorini tanlash, byudjetni tasdiqlash va nazorat qilishdir. Assambleya raisi va uning besh nafar o‘rinbosarlari JSSTning har bir mintaqasidan biriga saylanadi va navbat bilan JSSA yalpi sessiyalariga raislik qiladi.

JSSAning hozirgi sessiyasida 190 dan ortiq mamlakat, jumladan, 150 ga yaqin sog‘liqni saqlash vazirlari, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, xalqaro fondlar va ilmiy doiralar vakillaridan iborat 3 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi yutuqlari JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning JSSA ochilishidagi nutqida ham o‘z ifodasini topdi. Xususan, u O‘zbekiston o‘z hududida bezgakni butunlay yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli davlatlar qatorida ekanini ta'kidladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining yalpi sessiyasidagi nutqi, shuningdek, JSST rahbariyati va xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor masalalarini muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi majlisi 28-mayga qadar davom etadi, deya xabar beradi TIV matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech