17 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,5 °C

Xalqaro munosabatlar
1 Avgust  2019 2273

Tarixga kiradigan tashrif

Minskda Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi boshlandi. Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Davlatimiz rahbarining Belarus Respublikasiga tashrifi munosabati bilan maxsus tashkil etilgan matbuot brifingida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va birinchi Hududlarning forumi natijalari bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev so‘zlaydi: 

– O‘zbekiston rahbarining Belarusga ushbu tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lganiga alohida e'tibor qaratmoqchiman. Shu kunlarda Minskda birinchi marta parlament a’zolari, vazirlik va idoralar mas'ullari, ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirok etadigan Hududlar forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muloqotlar uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi, uning asosiy maqsadi - yetakchi tarmoqlar vakillarini bir doiraga birlashtirish, shu bilan birga, har bir tarkibiy sohada o‘zaro manfaatdorlik munosabatlarini mustahkamlashdir. Unda respublikamizdan 400 delegat va 80 dan ortiq turli korxonalar ishtirok etmoqda.  

O‘zbekiston rahbarining tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad - savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashdan iborat. Biz uchun do‘stona Belarus iqtisodiyoti jadal rivojlanish bilan ajralib turadi, uning ko‘plab sohalari bizda ulkan amaliy qiziqish uyg‘otmoqda. Ularda qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalari yaxshi darajaga yetgan. Iqtisodiyotning yuqori texnologiyali sektori rivojlangan, mamlakatda murakkab tibbiy uskunalar, radioelektron qurilmalar ishlab chiqariladi. Shu bilan birga barcha mahsulotlar eng yirik xalqaro kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot bilan raqobatlasha oladi, narxlari ham qimmat emas. Biz, sheriklarning tajribasini o‘rganib, bu borada o‘z salohiyatimizdan ham foydalanishimiz mumkin. Ularning chuqur kooperatsiya rejimida hamkorlik qilish hamda biz bilan texnologiya va ishlanmalarni baham ko‘rishga tayyorligi ham juda muhimdir. Bugun har bir mamlakat ham bu kabi qadamni tashlay olmaydi. Kuchli sanoat salohiyati va intellektual bazani ham hisobga olish lozim, ushbu davlat juda kuchli mudofaa va sanoat kompleksiga ega, bu ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Yaqinda ilk bor bizda O‘zbekiston-Belarus qo‘shma o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma korxonalarning tashkil etilishi yetarli darajada faol. Bu muzokaralarda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalardan biri hisoblanadi. Yana bir muhim jihat - fan va ta'lim sohasidagi hamkorlik. Ko‘p sonli mutaxassislarimiz Belarusda amaliyot o‘tamoqda. Ushbu mamlakatning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari xalqaro maydonda o‘z nufuziga ega bo‘lib, ayniqsa, bizda talab bo‘lgan viloyatlar uchun kadrlar tayyorlash sifati bo‘yicha jahon reytinglariga kiritilgan. Ilmiy-tadqiqot ishlari faol olib borilmoqda. SMTI ham shuningdek, Belarus strategik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi. Qo‘shma harakatlarning o‘sish nuqtalari va istiqbollarini aniqlash imkonini beradigan qator qo‘shma loyihalar ko‘zda tutilgan. Ishga yetakchi ekspertlar, olimlar jalb etilgan.

O‘zaro savdo-sotiqni kuchaytirishga qiziqish bor. O‘zbekiston bozori juda katta, biz ko‘plab tovarlar va xizmatlarni jalb qila olamiz. Belarus aholisi soni to‘qqiz milliondan ziyodroq. Bunday sharoitlarda, biz mahsulot yetkazib, u yerda o‘z o‘rnimizni topishimiz mumkin. Do‘stona respublikada «yashil yo‘lak» yaratish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Lekin bu yerda texnik jihatlar asosiy rolni o‘ynaydi. Umid qilamizki, bu yo‘nalishda ham tegishli kelishuvlarga erishiladi.

Hududlar forumida birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqarish mavzusi muhokama qilindi. Transport kommunikatsiyalari sohasidagi siyosatimiz Belarus biznesini o‘ziga juda qiziqtirib qo‘ygan. Birgalikda ishlab chiqarish, mahsulot va xizmatlarni ikki mamlakatga yaqin bozorlarga yetkazib berish imkoniyati mavjud. Belarus - bu biz uchun Boltiq dengizi portlariga chiqish imkonini beradigan Sharqiy Yevropaning yirik transport yo‘llari tutashgan joydir. Bu Yevropa Ittifoqiga tovarlar etkazib berish uchun qo‘shma korxonalar ochish imkonini beradi. Biz, o‘z navbatida, sheriklarimizga yiriklikda qolishmaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga darvozalarni ochishimiz mumkin.

O‘zbekistonning MDH erkin savdo zonasidan kirishini ham unutmaslik kerak. Unda bo‘lishimiz qo‘shni respublikalar bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni o‘rnatish uchun yaxshi sharoit yaratadi. Biz Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin. Darhaqiqat, bugun iqtisodiyotlar bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, ko‘p tomonlama hamkorliksiz muvaffaqiyatga erishish qiyin. Tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha samarali ishlaydigan zanjirlarni qurish juda muhim. Kelajakda bunday o‘zaro ishonchli munosabatlarini o‘rnatish aloqalarni yanada mustahkamlashi mumkin.

O‘zbekiston rahbarining birinchi rasmiy tashrifi katta strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Imzolash uchun rejalashtirilgan hujjatlar soni 20 dan ziyod. Bu o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida prinsipial jihatdan muhim va uzoq muddatli shartnomalar tuzishni nazarda tutuvchi yirik bitimlardir. Hududlarning birinchi forumida ularning 25 tadan ko‘prog‘i rasmiylashtirilgan, 20 ga yaqinini kelgusida ishlab chiqish kutmoqda.

2018-yil yakunlari bo‘yicha tovar aylanmasi 420 million dollarni tashkil etdi. Belarus Prezidentining O‘zbekistonga tashrifidan buyon ko‘rsatkichlar ikki barobar oshdi va ushbu dinamika saqlanib qolmoqda. 2019-yilning olti oyi yakunlari bo‘yicha o‘sish 14,6 foizni tashkil etdi. Davlatimiz rahbarining Minskka tashrifidan so‘ng bu raqamlarning yanada oshishi kutilmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari milliard dollarlik ko‘rsatkichni belgiladilar. Bu chuqur kooperatsiyani, boshlangan loyihalarni amalga oshirish va yangilariga asos solishni talab qiladigan, bemalol uddalasa bo‘ladigan ko‘rsatkichdir.

Yevgeniya Yun

yozib oldi.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 1-avgustdagi 153-sonida «Визит, который войдет в историю» sarlavhasi ostida nashr qilingan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech