25 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,2 °C

Salomatlik
11 Mart  2019 6674

Yurish yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga, o‘lim xavfini 32 foizga kamaytiradi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar dunyo bo‘yicha global muammoga aylanib, insonlar salomatligiga jiddiy xavf solmoqda. Xastaliklarning bu toifasiga yurak qon-tomir, saraton, qandli diabet va surunkali o‘pka kasalliklari kiradi.

 

Ma’lumki, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikning pasayishi, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish sabab bo‘ladi.

Aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 9 mart kuni respublikada Yurish kuni deb e’lon qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu kuni barcha darajadagi tibbiyot muassasalarida, shahar va tumanlarning markaziy hiyobonlari, mahalla guzarlarida ommaviy yurish tadbirlari o‘tkazildi. Bunda tibbiy xodimlar bilan birgalikda, qator idora va tashkilotlar vakillari, turli yoshdagi uyushmagan aholi ommaviy yurishga jalb qilindi. Ommaviy tadbir o‘tkazish joylarida, mahallalarda yurishning inson organizmiga ijobiy ta’siri to‘g‘risida mutaxassislarning suhbatlari tashkil etildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, oddiy yurish (haftasiga kamida 8 kilometr yurganda) yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga va o‘lim xavfini 32 foizga qisqartiradi.  Yurish ko‘krak bezi saratoni va ikki turdagi qandli diabet kasalligiga chalinishni kamaytiradi. Bundan tashqari, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, arterial bosimni, qonda xolesterin miqdorini tushishiga sabab bo‘ladi, uyquni yaxshilaydi.

Har bir qadam energiya sarflanishi, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon ta'minotining yaxshilanishi evaziga ularning kislorod bilan boyishi kuchayadi, natijada umumiy holat yaxshilanadi. Yurganda har daqiqada 5 kaloriya yo‘qotiladi (o‘tirganda 1 kaloriya). Og‘irlik qancha ko‘p bo‘lsa, energiya shuncha ko‘p sarflanadi. Misol uchun, 72 kilogram og‘irlikdagi inson 1,5 kilometr yurganda 105 kaloriya, 100 kilogram og‘irlikdagi katta yoshdagi odam 135 kaloriya  yo‘qotadi va sog‘ligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli ravishda davom ettiradi. Jumladan, 16  mart – Respublikada yurish bo‘yicha marafon, 23 mart – “Quvnoq startlar” musobaqasi hamda 30 mart – Velosipedda sayr kunini o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech