30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Turizm
24 Aprel  2020 557

Vobkentda turizm qishlog‘i

Buxoro viloyatining Vobkent tumani Shirin qishlog‘ida namunaviy tipdagi «turizm qishlog‘i»ni tashkil etishga doir ishlar boshlandi.

Foto: uzbektourism.uz 

Vobkent tumani Buxoro viloyatining sayyohlik salohiyati boy hududlaridan biri hisoblanib, u Buxoro shahridan 20 kilometr uzoqlikda, M-37 xalqaro magistral yo‘li bo‘yida joylashgan.

Ta’kidlash lozimki, Shirin qishlog‘i taxminan 1 500 yillik tarixga ega bo‘lib, uning nomi 92 o‘zbek urug‘laridan birining nomidan kelib chiqqan. Qishloq aholisi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelgan. E'tiborli jihati shundaki, qishloqning o‘ziga xos tarixi, qadimiy inshootlari va milliy urf-odatlari hozirgi kunga qadar saqlanib kelinmoqda. 

Etnik qishloq turizm klasterini tashkil etishda qishloqda sho‘rdanak, quruq mevalar, milliy shirinliklar, poliz ekinlari va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash jarayonlarining avloddan-avlodga o‘tib kelishi kabi qadriyatlar saqlangan. Qishloq ayollari ushbu mahsulotlarni tayyorlashda har bir ko‘chadan bitta xonadonda yig‘ilishib qadimgi urf-odatlar, milliy kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, laparxonlik, qadimgi rivoyatlar va an'analarni yosh avlodga yetkazish jarayonida mehnat qilishni odat tusiga aylantirishgan. Sayyohlar uchun qishloq turmush tarzini namoyish etish bo‘yicha qator shart-sharoitlar mavjud.

Hozirda Shirin qishlog‘ini «turizm qishlog‘i»ga aylantirish maqsadida unga olib boruvchi yo‘llar va yo‘l bo‘yi turizm infratuzilma ob’ektlari ta’mirlanib, gaz va elektr tarmoqlarida qayta rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Shirin qishlog‘i hududida qadimiy tegirmonda makkajo‘xori va bug‘doy uni tortish jarayoni, tandirda non va somsalar yopish, 20 xil turdagi poliz ekinlari ekish va mevali daraxtlardan iborat bog‘ yaratish, 5 ta o‘tov tayyorlash, baliqchilik hovuzi va uy hayvonlaridan iborat chorvachilik burchagini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, meva va sabzavotlarni biologik yo‘l bilan yetishtirib, quritish va qadoqlash jarayoni, jun yigirish va jun mahsulotlarini tayyorlash, sayyohlarga tomorqalardagi tabiiy poliz mahsulotlaridan foydalangan holda mahalliy ovqatlar, shuningdek, sho‘rdanak, meva qoqilari va sut mahsulotlari tayyorlash klasteri, ularning mahorat darslarini ko‘rsatish, milliy folklor jamoalarining madaniy chiqishlari, qishloq hayotini aks ettiruvchi qadimiy buyumlar muzeyini va milliy hunurmandchilik burchagini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, ko‘llarda esa baliq ovini yo‘lga qo‘yish, qadimgi sandal uylarini barpo etish, sho‘rdanak va nisholda singari milliy mahsulotlarni tayyorlash jarayonlarida mehmonlarning bevosita ishtirokini ta'minlashni o‘z ichiga olgan etnoturizm markazini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, qishloq markazida supermarket, dorixona, go‘zallik saloni, axborot markazi, tikuv sexi, turoperatorlik ofisi, pochta xizmati, avia va temir yo‘l chiptalari kassasi, suvenir do‘koni, elektrotexnika buyumlari ustaxonasi, sartaroshxona, qandolatchilik va milliy shirinliklar tayyorlash sexi, oilaviy mehmon uyi, poyafzal ta'mirlash ustaxonasi, kiyim do‘koni, milliy choyxona, velosiped ijara markazi va nonvoyxonani o‘z ichiga olgan zamonaviy «Shirin turizm majmuasi» maishiy xizmat uyini ham qurish ishlari olib borilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, yuqori amalga oshirilayotgan ishlarning bari O‘zbekiston Viloyatning sayyohlik salohiyatini yanada boyitish, sohani rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shishni maqsad qilgan bu kabi tashabbuskorlarimiz va jonkuyar, fidoyi soha vakillari tomonidan olib borilayotgan uzluksiz ishlar pandemiyadan keyingi davrda o‘z samarasini ko‘rsatib, kelgusida Buxoro viloyatiga tashrif buyuradigan sayyohlarga manzur bo‘ladigan yangi manzilga aylanadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech