07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15 °C

Agrosеktor
31 Yanvar  2020 1534

O‘zbekistonning zaytun yetishtirish salohiyati Madridda muhokama qilindi

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi ijrochi direktori Abdullatif Xedira hamda ushbu tashkilot departamenti rahbari Munir Furati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi 1959-yilda tashkil etilgan. Kengashga  O‘rtaer dengizidagi yevropa va Afrikaning 11 davlati – Belgiya, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Portugaliya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Isroil, Liviya, Marokko, Tunis tomonidan asos solingan. Tashkilot bosh shtab-kvartirasi Ispaniya poytaxti Madridda joylashgan. Uning ijro organi yalpi majlis hisoblanib, har yili kuz faslida o‘tkaziladi. Bugungi kunda kengash zaytun ishlab chiqaruvchilarning 80 foizi, eksportchilarining esa 98 foizini o‘z atrofida birlashtirgan.

Uchrashuvda Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi rahbari Georgiy Svanidzening O‘zbekistonga tashrifi masalalari muhokama qilindi. Uning mazkur tashrifi doirasida mamlakatimiz kengash a'zoligiga kirishi mumkin.

Muzokaralar jarayonida A.Xedira zaytun yetishtirish va zaytun moyi ishlab chiqarishda katta salohiyatga ega O‘zbekiston  tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lishga haqli ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz qator hududlarining qulay iqlim sharoiti zaytunni sanoat darajasida yetishtirishga imkon beradi. Mahsulot yetishtirish bazasining rivojlantirilishi istiqbolda zaytun moyi ishlab chiqarishga imkon beradi.

Muloqot chog‘ida Ispaniya tomoni tashkilotning asosiy maqsadlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi. Xususan, tashkilot ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirish, zaytun moyi va uning hosilini saqlash, sotish, zaytun sanoatining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mahsulot sifatini yaxshilash, zaytun moyi, zaytun iste’molini ko‘paytirishni rag‘batlantirish uchun adolatli raqobat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar bo‘yicha sohani muvofiqlashtirib boradi.

Xalqaro zaytun yetishtiruvchilar kengashi bundan tashqari qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirishda yordam ko‘rsatadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech