05 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,8 °C

Moliya
7 Fevral  2020 1445

Xalqaro ekspertlarning o‘quv-seminarlari davom etmoqda

Ayni kunlarda Davlat soliq qo‘mitasida Jahon banki missiyasi ekspertlari ishtirokidagi soliq xizmati organlari xodimlari uchun o‘tkazilayotgan seminar-treninglar davom etmoqda.

Ushbu seminarlar doirasida 6-fevral kuni Jahon bankining Kanadalik eksperti Xaled El Korek «Soliq auditi o‘tkazish jarayoni, strategiyasi va vositasi» mavzusida trening o‘tkazdi. Unda Jahon banki mutaxassisi auditorlik ishlari jarayonida nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Auditning asosiy maqsadi soliqlarni imkon qadar ko‘proq undirish emas, – deydi Xaled El Korek. – Maqsad – talablarning ixtiyoriy ravishda bajarilishiga erishish. Ya’ni soliq to‘lovchilar o‘z ixtiyori bilan soliqlarni to‘lash bo‘yicha barcha majburiyatlarni vaqtida bajarib borishlariga erishishdir.

Soliq auditi xalqaro standartlarga javob bera olishi uchun soliq to‘lovchilar majburiyatlarini vaqtida bajarish bilangina cheklanib qolmasdan ular bilan aloqalarni ham yaxshilash kerak. Bu borada O‘zbekistonning soliq xizmati o‘z imidjini yangiladi. Soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkoriga aylandi. Qolaversa, bu hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun inson omilini kamaytirib, shaffoflikni ta'minlovchi IT-yechimlaridan foydalanish kengayib bormoqda. Treningda Jahon banki mutaxassisi ham aynan shunga e’tibor qaratdi.

Tahlika-tahlilga asoslangan yondashuvni qo‘llash xalqaro amaliyotda keng tarqalgan tendensiya hisoblanadi. Bugungi kunda u O‘zbekiston soliq tizimida ham qo‘llanilmoqda. Bu «risk-analiz» dasturi bo‘lib, uning maqsadi tadbirkorlarning faoliyatini tashqi aralashuvsiz mustaqil ravishda tahlil qilish va soliqqa oid huquqbuzarliklar xavfini baholashdir.

Ushbu dastur joriy etilishi bilan barchani to‘liq tekshirishga hojat qolmaydi. Asosiy e'tibor soliq majburiyatlarini buzganlarni tekshirishga qaratiladi.

Ekspertning fikriga ko‘ra, bu soliq to‘lovchilar bilan ishonchli munosabatlarga asoslangan, adolatli, halol va ob'ektiv muhit yaratishga asos bo‘ladi.

Shu kuni Jahon banki missiyasining boshqa bir vakili, avstriyalik mutaxassis Djon Rouch ham soliq idoralari xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazdi.

Ushbu seminarda tog‘-kon sektori, qurilish, ko‘chmas-mulk va moliya sohasidagi audit bosh mavzu bo‘ldi. Xususan, soliq tekshiruvida xalqaro standartlarni joriy etish usullari batafsil tushuntirildi

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki missiyasining ekspertlari shu hafta davomida Davlat soliq qo‘mitasida o‘quv seminarlari o‘tkazib kelmoqda. Ularda mamlakatdagi adolatli va shaffof soliq tizimini yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab mavzular qamrab olingan, deb xabar berdi davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech