27 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Madaniyat
29 Mart  2020 636

Xalqim irodasi bukilmas zinhor

Zuhra Aliyeva.

Maysalar uygʻonib, koʻtarganda bosh,
Bahor gul koʻylagin qilganda koʻz-koʻz,
Endi sumalakka tashlagandik tosh...
Qaydan keldi ofat - koronavirus.

Orzu-tilaklarga tushdimi chaqmoq,
Balki tinch kunlarga tegdi yomon koʻz,
Pistirmada yotgan yov kabi nogoh,
Birdan boʻy koʻrsatdi koronavirus.

U larzaga soldi jumla jahonni,
Dunyoni egallab olmaqchiday tez.
Domiga tortmoqda har zaif jonni,
Sogʻlik kushandasi - koronavirus.

Koʻrinmas niqobda keldi bizga ham,
Dilllarga xavotir oʻrmalar tuyqus,
Shodon lahzalarga soya soldi gʻam,
Chor tarafda bir soʻz - koronavirus.

Joriy boʻldi yurtda izchil bir qaror,
Yurt egasi qaʼtiy aytdi bitta soʻz:
- Xalqim irodasi bukilmas zinhor,
Bizni yengolmaydi har qanday virus!

Chunki bu el Temur, Sino avlodi,
Qancha sinovlardan oʻtgan sogʻ-omon.
Salga egilmaydi, sinmas saboti,
Bu ogʻir kunni ham yengar begumon.

Hayot bu - guruchda bor kabi kurmak,
Xalqimiz boshiga tushganda tashvish,
Gʻiybatchi kaslarga topildi ermak,
Kunda bir tugʻilar vahima, mish-mish,

Ular odamlarga solib xavotir,
Koʻzlashar uchqundan olov yoqishni,
Qoʻshtirnoq ichida yurgan shu “botir”,
Aslida, eplolmas niqob taqishni.

Biz-chi, yolgʻonlarga solmaymiz quloq,
Tashvishli kunlarda boʻlamiz bardam,
Sabrimiz sinovda turgan ushbu chogʻ,
Yetti oʻlchab, bir bor tashlaymiz qadam.

Darvoqe, tozalik yoʻrgakdan odat,
Pokiza tutumlar bobomerosdir,
Bir kunda besh bora olib tahorat,
Poklanib yashamoq bizlarga xosdir.

Zero, qoʻl yuvmoqni oʻrgatmas hech kim,
Axir, biz emasmi, kelganda mehmon -
Bir qoʻlda chilobchin, bir qoʻlda choygum,
Sovun, sochiq bilan suv quygan mezbon.

Ajdodlar udumi bizgadir ibrat,
Salomlashmoq goʻzal - oʻng qoʻl koʻksida,
Hiyol bosh irgʻashib qoʻyganlar faqat,
Hol soʻrash, mehrning odobi shu-da,

Bugun yot odatdan chekinmoq kerak,
Bizni chalgʻitolmas har qanday illat,
Bir-birini suyab yashaydi beshak,
Maqsadi, orzusi bir boʻlgan millat.

Vahima kerakmas, gʻavgʻo kerakmas,
Ishonchi borlarni sevadi hayot,
Iymon-eʼtiqodda sobit tursak, bas,
Bardoshliga berar tangrim mukofot.

Uyda qolsak, kitob - eng yaxshi hamroh,
Kim nihol ekadi, kim tikar libos,
Eng keragi qadr, oqibat uygʻoq.
Urfu odatlar ham oʻzimizga xos.

Kurrai zaminga omonlik tilab,
Qoʻllarimiz mudom duoda boʻlsin,
Ezgulik qoʻrgʻoni ketmagay nurab,
Inson umri boqiy, ziyoda boʻlsin.

Chayqalib turganda bu koʻhna olam,
Mehrdan topgaymiz malham, shifoni.
Yaxshi niyat ila boʻlaylik bardam,
Yaxshilik asraydi yorugʻ dunyoni.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech