21 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,6 °C

Salomatlik
10 Fevral  2020 2350

Xans Klyugening yurtimizga kelishi kutilmoqda

2020-yil 10-fevralda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori Xans Klyugening yurtimizga kelishi kutilmoqda. X. Klyuge xorijga birinchi rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshlamoqda. 1-fevraldan J SSTning yevropa mintaqaviy byurosi vazifasiga kirishgan direktori Xans Klyugening xorijga ilk  rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshlashi yurtimizda tibbiyot yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlarning yana bir e’tirofidan darak.  

Ta’kidlash joizki, Doktor Klyuge so‘nggi o‘n yil davomida JSSTning yevropa mintaqaviy idorasida ishlab, bu yerda sog‘liqni saqlash tizimidagi katta o‘zgarishlarda faol ishtirok etgan. O‘z faoliyatini Belgiyada oilaviy shifokor sifatida boshlagan doktor Klyuge tibbiyot sohasida 24 yildan beri faoliyat ko‘rsatib keladi. JSSTdagi faoliyati davomida ushbu tashkilotning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqaviy byurosida sil, OITS va bezgakka qarshi kurash dasturlarini ham nazorat qilgan. Somali va Liberiyada «Chegara bilmas shifokorlar» bilan ishlagan. X.Klyuge Rossiyadagi jazoni ijro etish tizimida sil kasalligiga qarshi keng ko‘lamli dasturlarda faol ishtirok etgan.

Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasida 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan ikki yillik hamkorlik shartnomasi imzolanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mehmonning bir qator tibbiyot muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati bilan ham tanishishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSSTning yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan edi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech