21 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,8 °C

Mamlakatimizda
18 Mart  2019 1454

Yangi loyiha, asosiy maqsad ko‘zi ojizlarni zaruriy adabiyotlar bilan ta’minlash

Bugungi kunda dunyoda 39 milliondan ortiq ko‘zi ojizlar hayot kechirmoqda. 246 milliondan ko‘proq odamlarning ko‘rish bilan bog‘liq muammolari bor. Mamlakatimizda 2017-yil holatiga ko‘ra 670 mingdan ziyod ko‘zida muammosi bor fuqarolar ro‘yxatga olingan. Ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan anjumanda aytib o‘tildi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov, bugungi kunda nogironligi mavjud insonlar uchun tashkil etilgan maktab-internatlarning 12 tasida 3 ming nafardan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar tahsil olayotgani, ular uchun o‘quv va badiiy adabiyotlar yetishmasligi, “Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” DK dagi texnologiya va asbob-uskunalar juda eskirganligi haqida gapirib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining matbaa uskunalarini modernizatsiya qilish, binolari va ishlab chiqarish xonalarini ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq muammolari bor insonlarni qullab-quvvatlash, ularni o‘quv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlash. Shuningdek, “Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining moddiy-texnik holatini yaxshilash, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishlari uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish loyihaning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Yaqin kelajakda Agentlik ushbu loyiha doirasida nafaqat barcha maxsus maktab-internatlarni zarur kitoblar bilan ta'minlashni, balki o‘quv materiallarni tushunarli va oson ko‘rinishda yetkazib bera oladigan “O‘rgatuvchi adabiyot”, Alisher Navoiy, A.Qodiriy, Cho‘lpon, Jomiy kabi adiblarning mashhur asarlarini o‘zida jamlagan “O‘zbek adabiyoti durdonalari” turkum audiokitoblarni nashr etishni rejalashtirayotgani aytib o‘tildi.

Anjuman doirasida Agentlik tomonidan maxsus maktab-internat o‘quvchilariga audio-ertaklarni o‘zida jamlagan kolonkalar hamda Brayl shriftida tayyorlangan va nashr etilgan o‘zbek ertaklari to‘plami taqdim etildi.   

O‘zA olgan surat

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech