09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,5 °C

Bo‘sh vaqtda
27 Aprel  2019 1998

Yer qa’rida nimalar bor?

XIX asrning oxirlarida yer kurrasi uch qismdan: qobiq, mantiya va yadrodan tashkil topgan, degan tushuncha paydo bo‘ldi. Ammo qaysi qobiq qaerdan boshlanib, qancha chuqurlikda tugashini, ularning nimalardan tashkil topganini hyech kim aniq aytib bera olmasdi.

 

Bundan o‘ttiz yillar ilgariyam tadqiqotchilar 50 metrdan so‘ng granit (rangdor, qattiq tog‘ jinsi) qatlami boshlanib, qalinligi 3 kilometrgacha yetadi, keyin bazalt (vulqondan hosil bo‘lgan shishasimon jismlar) qatlami keladi, degan fikrda edi. Ammo Kola yarimorolida qazilgan juda chuqur quduq bu fikrning yanglish ekanini ko‘rsatdi…

Uch milliard yil oldinga sho‘ng‘ish

Yer qa'rini o‘rganish bo‘yicha loyihalar o‘tgan asrning 60-yillarida birdaniga bir nechta mamlakatda paydo bo‘lgan. Amerikaliklar bunday chuqur quduqlarni yer qobig‘ining eng yupqa joyi, ya'ni okean tubidan qazish kerak, degan fikrda edilar. Ana shu taxminga asoslanib, quduq qazish joyi etib Maui oroli (Gavayi orollari arxipelagi)dagi okean tubi tanlandi. Olimlarning dastlabki xomcho‘tga qaraganda, 4 kilometrlik chuqurlikka ega okean tubidan 5 kilometr pastroqda yer mantiyasi boshlanishi kerak edi. Afsuski, bu urinish quduqning chuqurligi 3 kilometrga yetganda omadsiz yakunlandi.

1970-yilda esa Kola yarimorolida yer qa'rini o‘rganish maqsadida quduq qazish ishlari boshlab yuborildi.

Chuqurroq, yanayam chuqurroq...

Yer qa’riga diametri 20 santimetrdan sal kattaroq bo‘lgan burg‘i kiritildi. Bir talay datchiklar o‘rnatilgan burg‘i bir necha soat ishlagandan so‘ng jinslarni tahlil qilish uchun yuqoriga chiqarib olinardi. Ish juda imillab ketardi, ammo bundan tez ishlash ham mumkin emasdi. Negaki, sal xatolikka yo‘l qo‘yilsa, bir-biriga ketma-ket ulangan burg‘ilash kolonnasi o‘z og‘irligini ko‘tara olmay, uzilib ketishi ham mumkin edi.

Quduq chuqurlashgani sayin loyihada ishtirok etayotganlarni vahima bosa boshlagan. Ularning so‘zlab berishicha, pastdagi harorat va boshqa o‘lchamlar yuqoriga bir daqiqa kechikib uzatilardi. Quduq tubidan kelayotgan dahshatli chinqiriqqa o‘xshagan tovushlardan burg‘ichilarning a'zoyi-badani muzlab ketardi. 10 kilometrlik chuqurlikka yetganida burg‘i apparatining keti ko‘rinmas va sirli nosozliklariga duch kelishdi. Ikki marta burg‘ini erib, qotishmaga aylangan holda tortib olishdi. Burg‘i Quyoshdagi haroratdagina ana shunday ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Bir safar hatto, yo‘g‘on va mustahkam po‘lat arqon (tros) chirt uzilib ketgan. Keyin esa o‘sha joyda burg‘ilashni davom ettirishganda uzilib tushgan po‘lat arqonning qoldig‘iga duch kelishmadi.

1983-yilga kelib, quduqning chuqurligi 12066 metrga yetdi. Biroq burg‘ilash ishlari vaqtinchalik to‘xtildi. Kelasi yili yana davom ettirildi. Ammo tez orada quduqda o‘pirilish sodir bo‘lib, ish yana to‘xtab qoldi va burg‘ilashni 7000 metrdan, ikkinchi yo‘nalishni ochib boshlashga to‘g‘ri kelgan. Xullas ikkinchi yo‘nalish chuqurligi 12262 metrga yetdi. 1992-yilga kelib mablag‘ yo‘qligi sababli burg‘ilash butunlay to‘xtab qoldi.

Kashfiyotlar va topilmalar

Kola yarimorolida qazilgan juda chuqur quduq sababli yer qobiqlari haqidagi ma'lumotlar ancha boyidi. Ilgari nazariyachi olimlar 15 kilometr chuqurlikkacha harorat past bo‘ladi, deya «bashorat» qilishgandi. Bundan esa quduqni 20 kilometrgacha, ya'ni mantiya qismiga qadar qazish mumkin, degan xulosa kelib chiqardi. Ammo qazish chog‘ida besh kilometr chuqurlikdayoq 700 daraja issiqqa duch kelingan. yettinchi kilometrda esa harorat 1200 darajani tashkil etgan. O‘n ikki kilometr chuqurlikda esa harorat 2200 darajani ko‘rsatdi.

Burg‘ichilar yerning qobiq-qobiq bo‘lib joylashganini shubha ostida qoldirishdi. Granitlar mo‘ljaldan 3 kilometr chuqurroqda ekan. Uning tagida yotishi kerak bo‘lgan bazalt qatlamiga esa umuman duch kelishmadi. Bundan tashqari, burg‘ichilarni 10 kilometr chuqurlikdagi bo‘shliqlar anchagina shoshirib qo‘ygan. Negaki, bo‘shliqqa duch kelgan burg‘i u yoq-bu yoqqa chayqalib, vertikal o‘q chizig‘ini buzardi va jiddiy murakkabliklarni keltirib chiqarardi. Aniqlanishicha, o‘sha bo‘shliqlar suv bug‘lari bilan to‘la ekan. Ular xuddi kimdir qudratli nasoslar yordamida tortayotganidek bir bo‘shliqdan boshqasiga katta tezlikda o‘tarkan. Xuddi ana shu bug‘lar kuchli va dahshatli ovoz chiqarib, burg‘ichilarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan.

Ammo 9,5 kilometr chuqurlikda burg‘ichilar chinakam foydali konlarga duch kelishgan. Masalan, 1 tonna rudaga 78 gramm oltin konsentratsiyasi to‘g‘ri keladigan kon topilgan. Odatda 1 tonna rudaga 34 gramm oltin konsentratsiyasi to‘g‘ri kelsa, kon ochiladi.

Yana bir yangilik: tadqiqotchilar hech qanday organik moddalar bo‘lishi mumkin bo‘lmagan chuqurlikdan yoshi 2,8 milliarddan katta tosh qotgan mikroorganizmlarning 14 xil turiga duch kelishdi. Undan ham chuqurroq joyda metan gazining o‘ta yuqori konsentratsiyasi borligi aniqlangan. Bu holat neft va gaz kabi uglevodorodlarning biologik paydo bo‘lishi nazariyasiga mutlaqo zid edi.

Xulosa o‘rnida

Demak, burg‘ilash yo‘li bilan yer qa'riga 14-15 kilometr chuqurlikkacha tushib borish mumkin. Ammo birgina quduq bilan yer qobiqlari haqida to‘liq bilib bo‘lmaydi. Buning uchun yer sharining turli joylarida juda ko‘plab quduqlar qazish kerak. Ammo bu juda katta mablag‘ talab qiladigan jarayon. Hozirda bunday quduqlar ilmiy maqsadlarda emas, balki foydali qazilmalarni topish maqsadlarida qazilmoqda. Masalan, hozir AQShda 6-7 kilometrlik quduqlar odatiy holga aylangan. Ammo bu chuqur quduqlar ham yer qobig‘i haqida tuzukroq ma'lumot olish imkonini bermaydi. Xullas, undan ham chuqurlikda nimalar yotgani baribir noma’lumligicha qolmoqda. Olimlar esa bunday quduqlar kelajakda fan uchun yer qariga qaratilgan teleskop vazifasini o‘tashiga shubha qilishmayapti.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech