25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,4 °C

Mamlakatimizda
11 May  2020 613

Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyish holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Senatning toʻrtinchi yalpi majlisida “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham koʻrib chiqildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksi “Yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini boʻzish” uchun javobgarlik belgilangan besh qismdan iborat 1731-moddasi bilan toʻldirilmoqda. Ushbu moddaning birinchi qismiga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy ishlar yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazo belgilash nazarda tutilmoqda.

Moddaning ikkinchi qismida esa javobgarlikni ogʻirlashtirilgan holatlar koʻrsatilgan boʻlib, yer uchastkalarini olib qoʻyish tartibini buzish - olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlar yoxud ularning qismlarini, zararning oʻrni mazkur mol-mulkning bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻliq qoplamagan holda buzib tashlashga sabab boʻlsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, muayyan huquqdan cheklangan holda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moddaning uchinchi qismida xuddi shunday harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, aybdor uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va toʻrtinchi qismiga muvofiq, xuddi shunday harakatlar koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yuqorida qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi yer uchastkalarini olib qoʻyish uchun javobgarlik koʻrsatilgan 613-moddasi bilan toʻldirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi yer uchastkasini olib qoʻyish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech