25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

Xalqaro hamkorlik
5 Mart  2020 1924

O‘zbekiston Gaaga konferensiyasi a’zosi

2020-yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (XXHGK)ga rasman a'zo bo‘ldi.

Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi shu kungacha o‘zida 83 ishtirokchini jamlagan bo‘lib (82 davlat va yevropa ittifoqi), endilikda unga Dominikan va O‘zbekiston Respublikalari ham a’zo bo‘lishdi va a’zolar soni 85 taga yetdi.

Xalqaro xususiy huquq me’yorlarini birxillashtirish O‘zbekiston uchun o‘ta dolzarb masala ekani shubhasiz. Chunki migratsiyaning shiddat bilan o‘sishi, turli sohalarda xorijiy unsurga ega fuqarolik-huquqiy nizolarning ko‘payishi tufayli zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzaga kelmoqda.

Shunga ko‘ra, Gaaga konferensiyasi doirasida ishlab chiqilgan va qabul qilingan normalar xalqaro xususiy huquq bo‘yicha milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga sezilarli ijobiy ta'sir o‘tkazishi kutilmoqda.

Globalizatsiya asrida ko‘pgina huquqiy masalalar milliy chegaralardan chiqib ketmoqda. Ya’ni turli mamlakatlar qonunchiligidagi turlicha jihatlar ma’lum noqulayliklar tug‘dirmoqda, ayrim o‘rinlarda ziddiyatlar keltirib chiqarishi kuzatilmoqda. Masalan, bir davlatda berilgan hujjatni boshqa bir davlatda tan olinishini ta’minlash, ma’lum mamlakatda tug‘ilgan go‘dakni boshqa yurtga farzand qilib olib ketish yoki fuqaro farzandini ona vatanida emas, musofirchilikda dunyoga keltirishi holatlari ko‘plab uchrayapti. Shu sababli jahonning ko‘plab mamlakatlari o‘zaro kelishib, turli xalqaro-huquqiy hujjatlar va xalqaro tashkilotlar faoliyati orqali hamkorlik qiladilar hamda o‘zaro huquqiy muvofiqlashtiruv harakatlarini amalga oshiradilar. XXHGK aynan shunday tashkilotlar jumlasidandir.

Shu paytgacha XXHGK doirasida 40 dan ortiq konvensiyalar imzolangan bo‘lib, ular quyidagi 3 asosiy yo‘nalishga bo‘linadi:

-  bolalarni xalqaro himoya qilish, oilaviy va mulkiy munosabatlar;

-  xalqaro huquqiy hamkorlik va nizolarni bartaraf etish;

-  xalqaro tijorat va moliyaviy huquq.

O‘zbekiston bugunga qadar Fuqarolik jarayoni masalalari bo‘yicha konvensiya (1954), Chet el rasmiy hujjatlarini legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (1961), Xalqaro bolalarni o‘g‘irlashning fuqarolik jihatlari bo‘yicha konvensiya (1980) larga a’zo bo‘lgan. 

Yuqorida aytib o‘tilganlarni umumlashtirib, O‘zbekiston uchun, xususan, uning fuqarolari uchun XXHGKga a’zo bo‘lishdan quyidagi manfaatlar yuzaga kelishini aytib o‘tish mumkin:

  1. Xalqaro-huquqiy yordam tizimi soddalashadi va osonlashadi.
  2. Xalqaro-huquqiy yordam ehtiyojiga uchragan fuqarolarga kengroq imkoniyatlar yaratiladi.
  3. Fuqarolik-huquqiy sohaga oid xalqaro nizolar samarali, tez va kam xarajat bilan bartaraf etiladi.
  4. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga ijobiy ta’sir bo‘ladi.
  5. O‘zbekistonda xalqaro xususiy huquq ilmining rivojlanishiga yordam beradi.

Bular bilan bir qatorda mazkur xalqaro tashkilot faoliyatida O‘zbekistonning to‘laqonli a’zo sifatidagi faoliyati kelajakda qabul qilinadigan xalqaro hujjatlarda bizning milliy manfaatlarimizni ham aks ettirish imkonini yaratadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech