19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,5 °C

Hukumat
11 Yanvar  2019 2485

Asosiy maqsad – aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirish maqsadida keyingi ikki yilda 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etildi. Ichki ishlar organlari barcha boʻgʻinlarining tuzilmasi va vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, poytaxtimizda tajriba tariqasida 73 ta ichki ishlar boʻlimi tashkil etildi. Xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin boʻlishi uchun quyi boʻgʻindagi ichki ishlar boʻlimlariga oʻtkazildi. Ularning bevosita joylarda samarali xizmat oʻtashi uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berildi.

Jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlari keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilayotgani samarasida 2018 yilda umumiy jinoyatchilikni kamaytirishga erishildi. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, tunu kun patrul xizmati yoʻlga qoʻyilgani natijasida odamlarda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻldi.

Toshkent shahri misolida koʻplab tajribalar sinovdan oʻtkazildi. Xususan, ilk bor jamoat joylarida bemaqsad yurgan, shubha uygʻotgan odamlarning shaxsini aniqlash, ular ishtirokida roʻy berishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar xodimlari axborot-resurs markaziga ulangan, barcha maʼlumotlarni zudlik bilan olish imkoniyatiga ega planshetlar bilan taʼminlandi.

Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimi ham zamonaviy tizim asosida tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika, tergov, jinoyat-qidiruv boʻlinmalari, ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi, psixolog faoliyati, yongʻin xavfsizligi, tez yordam, favqulodda vaziyatlar va boshqa xizmatlar bir joyda jamlangan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Tezkor navbatchilik qismida hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan. Boʻlim tumandagi 7 ta – Uvaysiy, Yurtobod, Shoshtepa, Bobodehqon, Mehnatobod, Bebor, Oqtepa mahallalari aholisiga xizmat koʻrsatadi.

Prezidentimiz poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga koʻra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi boʻgʻinga oʻtkazish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu taklifni maʼqullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun, avvalo, quyi tizim mustahkam boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Profilaktika ishlari tahlilga asoslanishi kerak. Har bir huquqni muhofaza qilish organida jinoyatchilikning joyi va turi boʻyicha chuqur maʼlumot boʻlishi, buning uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari muntazam birga ishlashi zarur. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi maʼrifat kuchli boʻlishi lozim. Muhit shunday boʻlishi kerakki, hech kim jinoyatga qoʻl ura olmasin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab ragʻbatlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz profilaktika inspektorlari va ularning oʻrinbosarlarini oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Shu yerda tezkor navbatchilik qismidagi innovatsion texnologiyalar, ichki ishlar xodimlarining oʻzaro xabar almashishini taʼminlaydigan “Minor” dasturi, xodimlar xizmat oʻtayotgan joy toʻgʻrisida axborotni koʻrsatish va tashvish xabarini joʻnatish uchun moʻljallangan “UzGPS” tizimi haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar boʻlimidagi yangi mutaxassislar – psixolog, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashdi.

Xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga koʻmak, mehr berishi kerak. Jinoyatga qoʻl urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini oʻrganish, maishiy muammolari boʻlsa, masʼul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qoʻllab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi oʻzgaradi, natija boʻladi, dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar boʻlimidagi pasport xizmati xonasida boʻlib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini koʻzdan kechirdi.

Ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhida hududdagi yettita mahallada yashovchi fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatiladi. Fuqarolar hujjat toʻldirish, pasport-viza tizimi, ichki va tashqi migratsiya masalalariga oid barcha savollariga shu yerning oʻzida javob oladi, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish elektron navbat orqali amalga oshiriladi.

Ichki ishlar boʻlimi negizida tashkil etilgan favqulodda xizmatlarni tezkor boshqarishning yagona tizimi faoliyati amalda koʻrsatib berildi. Bunga “Qutqarish xizmati – 1050”, “Yongʻin xavfsizligi – 101”, “Tez tibbiy yordam – 103”, “Qoʻriqlash – 102” texnika va anjomlari namoyish etildi. Bu favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz jamoat xavfsizligini taʼminlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga zamonaviy vertolyotlar ajratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

OʻzA

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech