31 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,6 °C

19 Mart  2020 2325

Nodavlat bog‘cha ochadigan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentimizning shu yil 30-yanvarda qabul qilingan «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori xususiy biznes egalari uchun yana bir imkoniyat yaratdi. Negaki, unda davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'ektlariga har tomonlama yengillik belgilangan.

Davlat tadbirkorga qanday yordam beradi?

Har bir loyiha egasi, bog‘cha ochish niyatida yurganlar ham tadbirkorlik faoliyatini boshlashdan oldin imtiyoz va yengillik qidiradi. Tadbirkor, avvalo, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari shakllaridagi farqni ajratib olishi lozim. Oilaviy bog‘chaning davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushiriladigan muassasadan farqi uy sharoitida tashkil etilganidir.

Yirik nodavlat MTT ochish uchun, birinchi galda, tadbirkorga bolalar bog‘chasining loyihasi zarur. Nomzod loyiha summasining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda sof aktivlarga ega bo‘lishi yoki xuddi shuncha summaga uchinchi shaxsning kafolatini taqdim etishi lozim. Bu bilan u o‘zining moliyaviy jihatdan layoqatli ekanini tasdiqlaydi.

— Agar tadbirkor davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat MTT ochishni istasa, quyidagilarni e’tiborga olishi kerak, — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Aminov. — Avvalo, nodavlat MTT binolarini qurish va doimiy foydalanish uchun yer uchastkalari tekin taqdim etiladi. Bu eng asosiy imtiyozlardan biridir. Lekin tadbirkorning o‘z yer maydoni ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ular faoliyati uchun davlat o‘z tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlarni, shu jumladan, ishlamaydigan davlat bog‘chalarining binolarini «nol» xarid qiymatida realizatsiya qilish, ishlab turganlaridagi bo‘sh yer uchastkalarini ajratish hamda mavjud davlat bog‘chalarini qayta qurish va jihozlash hamda keyinchalik otaliqqa olish sharti bilan taqdim etish kabi vazifalarni ham zimmasiga oladi.

Oilaviy bog‘cha ochgan tadbirkor uchun yengilliklarga kelsak, davlat kommunal to‘lovlarning 50 foizini to‘lab berish bilan birga, qarorda belgilangan tartibga ko‘ra, har bir bola uchun 100 ming so‘mgacha subsidiya ham ajratishi mumkin.

Litsenziya talab qilinmaydi

Tadbirkorlikning biror turini yo‘lga qo‘yishda ish beruvchilarni qiynaydigan muammolardan biri litsenziya olish jarayonidir. Buning uchun zaruriy hujjatlarni tayyorlash va natija e’lon qilinishini kutishga ancha vaqt ketadi. Oilaviy bog‘cha faoliyati uchun litsenziyaning talab qilinmasligi vaqtdan yutish va ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yishga yordam beradi. Uning muassisi esa yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib, Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim imzolagach, tuman (shahar) ¬hokimliklari tomonidan beriladigan belgilangan shakldagi ruxsatnomani oladi va faoliyatini boshlaydi.

Tadbirkordan talab qilinadigan ish oilaviy bog‘chaning kirish joyida axborot peshlavhasini o‘rnatishdir. Unda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ruxsatnoma nusxasi, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim, pedagog va tibbiyot xodimlarining diplomlari, muassasaning ish tartibi va boshqa hujjatlarning nusxalari joylashtiriladi.

Qanday hujjatlar kerak?

Oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish nisbatan soddaroq jarayonlarni o‘z ichiga olsa, yirik turdagi davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etishning o‘ziga xos tartibi bor. Xususan, talabgor Maktabgacha ta’lim vazirligiga yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi, binoga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda), ariza taqdim etiladigan kundan uzog‘i bilan bir oy oldin soliqlar, yig‘imlar, boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik hamda moliyaviy sanksiyalar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat etadi. Bundan tashqari, tashkil etish rejalashtirilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi binosining belgilangan tartibda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha-smeta hujjatlari, hududdagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining maktabgacha ta’lim muassasasini qurish bo‘yicha xulosalari, muassasa binosini qurish uchun dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar kabilar ham talab etiladi.

Kredit ajratishda yengilliklar bor

Qarorda keltirilishicha, yirik nodavlat ta’lim muassasasi ochish uchun kredit tashkilot joylashgan hududga qarab, 15 yil muddatga beriladi. Agar tadbirkor chekka hududda bog‘cha ochmoqchi bo‘lsa, unga kredit past foizda ajratiladi. Viloyat markazlarida ish boshlamoqchi bo‘lganlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik

12 foiz stavkada, tuman markazlaridagi muassasa uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavkada, tumanlarning boshqa hududlari ¬tadbirkorlariga esa 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada kredit beriladi.

— Joriy yilning 30 yanvariga qadar davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan tadbirkorlar 15 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 1 foiz ustama to‘lov evaziga imtiyozli kreditlar bilan ta'minlandi, — dedi F.Aminov. — Bundan tashqari, oilaviy bog‘chalarni jihoz va mebellar bilan ta'minlashda mahalliy hokimliklar ko‘maklashishi belgilangan, vazirlikning hududiy boshqarma hamda bo‘limlari tomonidan esa muntazam metodik yordamlar ko‘rsatib boriladi.

Aytish kerakki, hududlarda mavjud maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati va qamrovi tizimli ravishda o‘rganib boriladi. Aholi sonidan kelib chiqqan holda yangi va faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qo‘shimcha o‘rinlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanib, ularga ham har tomonlama ko‘mak beriladi.

Sohiba Mullaeva,
«Yangi O‘zbekiston» muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech