19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,9 °C

Madaniyat
1 Iyul  2019 3767

Munojat Yo‘lchiyeva: «Oldin chapak chalishdi, keyin oyoqlari bilan yerni dupurlatishdi va hushtak chalishdi...»

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi yo‘lagi bo‘ylab ohista yurib kelgan qomati raso, yengil va uzun qora-oq xonatlas kiygan ayol: «Kech qolganim uchun uzr», deydi yoqimli tabassum bilan. Yana bir lahzada u yonimga yetib keldi va kutishga majbur qilgani uchun uzr so‘raganday, onalarcha mehr bilan meni qattiq quchdi. Men Munojat Yo‘lchiyeva bilan o‘zi mudirlik qilayotgan An'anaviy qo‘shiqchilik kafedrasida muloqot qildim va uning jozibasi-yu, energiyasidan hayratga tushdim. Go‘yoki u gapirmay, balki sahnada ijro etayotganday, eng qiyin, bugun mamlakatimizda yana qayta tug‘ilgan vokal janrlaridan biri – maqom yo‘nalishidagi bosib o‘tgan yo‘li haqida gapirdi.

Xalqimizning ruhiyati, donishmandligi va falsafasi bilan uyg‘unlashgan Munojat Abduvaliyevnaning ajoyib va sehrli ovozi hamisha o‘ziga maftun etadi. O‘zbekiston xalq artisti, «Buyuk xizmatlari uchun» va «El-yurt hurmati» ordenlari sohibasi, mumtoz ashulalarning betakror ijrochisi bir necha bor dunyoning eng nufuzli konsert zallarini zabt etgan. Qo‘shiqchi xalqaro musiqa tanqidchilari e'tirofiga ham sazovor bo‘lgan, bundan nufuzli «BBC Radio 3 for World Music Awards» mukofotini qo‘lga kiritgani ham dalolat beradi.

Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, Munojat Yo‘lchiyeva - an'anaviy musiqamizning eng yorqin yulduzlaridan biridir. Uni vatanimiz tashqarisida ham yaxshi tanishadi.

Uning chiroyli tembrli noyob chuqur ovozi, ta'sirchan kuchli energetikasi, mahorati va tabiiy jozibasi Fransiya va Angliya, AQSh va Yaponiyadagi shinavandalar qalblarini zabt etgan. Qo‘shiqchining har bir chiqishi tomoshabinni Sharqning qadimiy va ajoyib muhitiga singib ketishiga imkon beradi. U minglab tinglovchilar uchun O‘zbekiston musiqa san'atining o‘ziga xos jonlantiruvchisiga aylangan.

Xonanda va uning ansambli mumtoz - Navoiy, Mashrab, Fuzuliy, Haziniy va boshqalarning g‘azallari va ijodiga murojaat qiladi, shuningdek, zamondoshlar qalamiga mansub asarlardan maqomlar ijro etadi. Bu vokal san'atining eng murakkab janri hisoblanadi. Ularni ijro etish uchun nafas olish texnikasi, diafragmani nazorat qilish, nafasni to‘g‘ri yo‘naltira bilish talab etiladi. Yana nima haqida kuylayotganini ham bilish lozim. Unga butun qalb qo‘rini bag‘ishlash kerak. Negaki, mumtoz g‘azallar ba'zi, hatto, o‘zbek tilini mukammal biladiganlar uchun ham qiyinlik qilishi mumkin.

- 23 yoshida Mamat Oxun ismli dorbozdan singan rubob sotib olib tuzatib, uni ilk bor ansamblga kiritgan taniqli musiqachi va bastakor Muhammadjon Mirzayevning o‘g‘li Shavkat Mirzayev ustozim bo‘ladi. Shu tariqa «Toshkent rubobi»ning tarixi boshlangan, - deydi Munojat Yo‘lchiyeva. - Shavkat aka o‘smirligidayoq otasining jamoasida soz chalgan. Ular Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov kabi o‘zbek vokal san’atining afsonaviy ustalari bilan hamkorlikda chiqishlar qilishgan. Ulardan juda ko‘p narsa - musiqani yaratish, konsert dasturlarini tuzish va hokazolarni o‘rgangan.

Munojat Abduvalievnaning ijodi betakror va beqiyos, biroq ayni paytda M. Uzoqov maktabining an’anasini ham davom ettirmoqda. Hurmat sifatida ustozning - «Yor istab», «Ey, dilbari jononim» qo‘shiqlarini o‘z repertuariga kiritgan.

- Konservatoriyaga kirganimda Shavkat Mirzayev bu yerda rubobchilarga qo‘shiq kuylashdan saboq berardi. U menga an'anaviy musiqaning butun dunyosini eshigini ochib bergan, - deydi qo‘shiqchi. - Respublikaning turli hududlaridan kelgan bolalar bilan tanishdim, ularning har biri maqom ijrosida o‘ziga xos xususiyatlar bilan ajratib turardi. Ustoz bizni yuqori kurs talabalariga biriktirdi. Va bu haqiqiy mahorat maktabi bo‘ldi. Shavkat aka o‘zining noyob o‘qitish uslubi unut bo‘lib ketmasligi, balki avloddan-avlodga o‘tishi uchun to‘plangan tajribasini yoshlarga yetkazishni xohladi. U har doim uzoq kelajakka qaray olardi, kuchli sezgigiga ega va talabadagi iste'dodni ko‘ra olardi va uni to‘liq ochib berishi mumkin edi. Uning ko‘plab shogirdlari xizmat ko‘rsatgan va xalq artisti bo‘lishgan. Ular orasida, masalan, Kamila Alimova va Abdusaid Azimov ham bor.

Suhbatdoshimning aytishicha, unga va boshqa talabalarga ustozi singdirgan asosiy narsa - qo‘shiq tinglovchining qalbiga yetib borishi kerakligi. U doim: «yaxshi qo‘shiqchi bo‘lish uchun, avvalo, shunga munosib odam bo‘lish kerak. Tomoshabin soxtalikni, nosamimiylikni darrov sezadi», derdi.

- Endi, yillar o‘tib, uning qanchalik dono murabbiy bo‘lganini tushunyapman. U bizga san’at va hayotni umuman bunga qattiq yopishib olmay, yengillik bilan o‘rgatdi, talabaning o‘zi haqiqatga erishishiga, kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga imkon berdi, - deydi M. Yo‘lchiyeva.

Professional qo‘shiqchi sifatida faoliyatini 1980-yilda boshlagan. Hozirgiday esida: 9 fevral kuni Alisher Navoiy tug‘ilgan kuni munosabati bilan Markaziy televidenieda efirga uzatiladigan konsert dasturi rejalashtirilgandi. Buyuk daho hayoti va faoliyati haqida haqiqiy teleepopeya tayyorlanayotgandi. Ushbu ulkan faoliyatida ishtirok etish uchun konservatoriyadan 10-12 yaqin talaba tanlab olindi, ular orasida Munojat ham bor edi.

- Bir kun ichida mashhur bo‘ldik, deyish mumkin. Men va kursdoshim jamoada eng yoshlari edik. Sharof Rashidovning o‘zi chiqishimizni ko‘ribdi va bu unga juda yoqibdi. Natijada biz mamlakat teleradiokompaniyasi qoshidagi maqomchilar ansambliga qabul qilindik, - eslaydi qo‘shiqchi.

- Nima uchun bu yo‘nalishni tanlaganman? - suhbatdoshimni bergan savolim biroz o‘ylantirib qo‘ydi. - Bilasizmi, bu qo‘shiqlar bolaligimdan menga yaqin edi. Axir, ular xalqning hayoti, an’analari va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, ayollarda juda kam uchraydigan ovozim - ikki oktavalik alt-metsso-soprano bunday ashulalarni kuylash imkonini berardi. Bu men uchun qiyin bo‘lmagan.

Qizig‘i shundaki, oilamizning har bir a'zosi musiqani yaxshi ko‘radi, maxsus ta’limga ega bo‘lmasa-da, qo‘shiq ayta oladi. Misol uchun, hech qachon bunga o‘qimagan bo‘lsa-da, opam estrada qo‘shiqlarini ijro etadi va u ba'zi professionallarnikidan yaxshiroq chiqadi.

Qo‘shiqchining otasi va akasi dastlab bu ijodiy yo‘lni tanlashiga qarshi edi. Bu haqiqiy yo‘ldan adashish oson bo‘lgan nojiddiy kasb, deyishardi. Musiqa maktabiga kirgan akasi ham bunga salbiy misollarni ko‘rdi va bu ikkalasining ham go‘yoki haqligini bildirardi.

- Yaxshiyamki, o‘zi professional qo‘shiqchi, musiqachi, teatrlar sahnalariga chiqadigan ona tomonimdan bo‘lgan tog‘am taqdirimni san’at bilan bog‘lash haqidagi qarorimni qo‘llab-quvvatladi, - deydi Munojat Abduvaliyevna. - Men qarindoshlarimning qo‘shiqchi bo‘lishimga ruxsat berishlarini so‘rab duo qilganlarimni eslayman - bu mutaxassislikdan ham ko‘proq narsa edi. Ijodsiz hayotimni tasavvur qila olmasdim. Va mo‘jiza sodir bo‘ldi. Katta akam armiyaga ketadigan bo‘lib qoldi, uni harbiy xizmatga kuzatishga kelgan tog‘am biznikida bir necha kun qoladigan bo‘ldi. Otam bilan ertalabgacha o‘tirib kelajak taqdirimni muhokama qilishganlarini eslayman. Natijada, ota-onam rozi bo‘lishdi. Bu eng yaxshi sovg‘a edi!

Poytaxtga ketishdan oldin tog‘asi unga: «yaxshi murabbiy top va uni hech qachon qo‘yib yuborma, u senga imkon qadar hamma narsani bersin va har doim u bilan yuksaklik sari intiladigan o‘zingga ma’naviy jihatdan yaqin bo‘lgan kishi bilan do‘stlash», deya nasihat qilgan.

- O‘qish yillari davomida nafaqat mamlakatimiz poytaxti va mintaqalarida, balki chet ellarda ham chiqishlar qilganmiz. Qizig‘i shundaki, o‘sha paytlarda an’anaviy qo‘shiqlarni hamma joyda hayrat bilan kutib olishardi, - deydi Munojat opa. – Ba’zan zalning reaksiyasi Vatanimizdagiga qaraganda yaxshiroq bo‘lardi. 1984-yilda birinchi marta Iordaniyaga bordik. O‘shanda qo‘shiqlarim raqqoslarning chiqishlari bilan birga bo‘lishi kerak edi. Bu shuni anglatadiki, men maqomlarni emas, balki faqat xalq qo‘shiqlarini ijro etaman, ya'ni bunga hali tayyor bo‘lmagan tinglovchilarning qabul qilishi qiyin bo‘lmasligi uchun. Va men «Munojot», «Tanovor» qo‘shiqlarini ijro eta boshladim. Lekin ijro jarayonida tinglovchilarning bundan ham kattaroq, jiddiyroq narsalarga tayyorligini tushundim. Keyin belgilangan dasturni chetga surib, maqomlarni ijro eta boshladim. Siz u yerda nimalar boshlanganini tasavvur ham qila olmaysiz! Ulkan sport majmuasida konsert berayotganimiz uchun tomoshabinlar juda ko‘p edi, ular chapak chala boshladilar, keyin oyoqlarini dupirlatib, hushtak chalishdi... biz esa hayratdan qotib qolgandik. Dastlab, zalning bu reaksiyasini ijroning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini bildiruvchi va yomon xulq-atvor deb o‘yladik. Keyin bilsak, bu ularning zavq-shavqni o‘ziga xos namoyon etishi – urf-odati ekan!

Munojat opaning ijodiy taqdirida eng esda qolarli va katta rol o‘ynagani Fransiyaga - Parij teatri De La Villega gastroli bo‘lgan. Uning xodimi bir paytlar O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida maqomlar ijrosini eshitib, bu qadimiy san'atni vatanida ommalashtirishga qaror qilgan ekan. Qo‘shiqchining so‘zlariga ko‘ra, bu yevropa sahnasiga keng yo‘l ochib, Italiya, Gollandiya, Belgiya va boshqa mamlakatlardagi nufuzli xalqaro festivallarda ishtirok etish imkonini bergan. Qo‘shiqchi deyarli butun yer sharini kezib chiqdi, faqat Avstraliya va Kanada konsert zallaridan tashqari.

Suhbatdoshim bugun mamlakatimizda xalq ijodiyotini rivojlantirish va ommalashtirishga jiddiy etibor qaratilayotganidan xursand.

- Prezidentimiz tashabbusi bilan maqom san’ati qayta jonlandi va yanada rivojlanmoqda, - deydi u. - Bundan tashqari, yangi boshlayotgan ijrochilar uchun ham eshiklar ochildi. Biz yoshlar bilan nafaqat musiqa, balki umumta’lim maktablarida ham uchrashuvlar o‘tkazyapmiz, u yerda jonli konsertlar tashkil etyapmiz. Shuningdek, katta davlat tadbirlarida, yangi iste’dodlarga yo‘llanma beradigan «Sharq taronalari» xalqaro festivalida ishtirok etyapmiz. Har yili unda ishtirok etish uchun konservatoriyadagi talabalar orasidan 15 kishini tanlab olamiz. Ijodga endi kirib kelayotganlar uchun bu katta maktab negaki, ular professional qo‘shiqchilar bilan tengma-teng raqobatlashadi. Tasavvur qiling-a, butun konsert davomida bir nafasda qo‘shiq aytish kerak! Bunga faqat jiddiy tayyorgarlik va qattiq mehnat bilan erishiladi. «Shashmaqom»ning olti sikli 250 dan ortiq soz va ijro qismlarni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasini o‘rganish uchun sozanda va xonanda talabalar maxsus saboqlar olishadi. So‘nggida ovoz imkoniyatlari bo‘yicha repertuar tanlaymiz.

Umuman musiqa va ayniqsa, maqom san’ati juda murakkab, lekin Munojat Yo‘lchiyeva uning o‘z jonajon Vatani bilan chambarchas bog‘liqligini yaxshi ko‘radi. Bu allaqachon klassikaga aylangan xalq ijodiy san’atidir. Bu yerda so‘zlar chuqur falsafiy ma'noga ega. Har bir satr tugallangan ma'noga ega bo‘lgan alohida bir asar kabi. Shu bois ham ushbu san’at ko‘plab zamonaviy kompozitsiyalardan farqli o‘laroq, hech qachon qarimaydi.

- Men har qanday qo‘shiq san'atida, ayniqsa, maqomda, uni tinglovchiga to‘liq yetkazish imkonini beradigan uchta tarkibiy qism bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman, - deydi xalq artisti. - Bu to‘g‘ri diapazondagi ovoz, so‘zlar, va albatta, musiqa. Ansambl odatda ritmni belgilab beruvchi doira, rubob, g‘ijjak va dutorni o‘z ichiga oladi. Ular o‘rnini chang, nay, sato va tanbur to‘ldirishi yoki almashtirishi mumkin.

Va hammasi risoladagidek joyiga qo‘yilgan bo‘lsa, dunyoning istalgan mamlakatida tinglovchi tarjimaga muhtoj bo‘lmaydi - ruhning o‘zi asarni qabul qiladi. Bunday holda, ijrochining tomoshabin bilan muloqoti yurakdan yurakka qabilida kechadi. 

Oksana Kadisheva.

«Pravda Vostoka».

Muzaffar Abdullayev surati.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech