15 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,8 °C

Tashvishli xabar
1 Fevral  2019 5504

«Sizlar kelasiz-ketasiz, biz esa o‘z muammomiz bilan qolaveramiz!..»

«Yettikon» mahallasi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani markaziga yaqin joylashgan. Bu yerdan Is’hoqxon Ibrat majmuasiga ham bir qadam. Mahallaning 742 xonadonida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, maktab va bolalar bog‘chasi, zamonaviylik belgisi bo‘lgan supermarket ham ishlab turibdi.

Har bir oila hayotida ichimlik suv taqchilligi seziladi. Hammaning og‘zida shu gap. Obihayotni sotib olishga to‘g‘ri keladi. Asosan, ichimlik suvni chelak, kanistr, bochka va boshqa sig‘imli idishlarda yetkazish muhokama qilinadi. Keyin esa uni qaynatish va tindirib qo‘yish kerak bo‘ladi.

Mahalliy aholi bu yerda qachon so‘nggi marta me'yoridagi toza suv manbasi bo‘lganini eslay ham olmaydi. Shu bois ichimlik suvni tejab ishlatish katta-yu-kichikning qon-qoniga singib ketgan.

- Ko‘rib turganingizdek, bu yerdan kanal oqib o‘tadi, ammo suvi iste’molga yaroqsiz. Faqat xo‘jalik va texnik ishlarga: kir chayish, tomorqa va ekinlarni sug‘orishga ishlatiladi. Unda cho‘milib bo‘lmaydi, hatto, sovun ham yaxshi ko‘pirmaydi. Nimayam qilardik?! Mutasaddilarga bu borada ko‘p marta murojaat qilganmiz, ammo natija yo‘q, - deydi 63 yoshli Mahmudjon Nurmatov.

Mutasaddi tashkilotlar bu vaziyatni ko‘ra-bila turib nega hech qanday tadbir qo‘llamayapti? Savol esa javobsiz...

Yaqinda aholi Adliya vazirligiga elektron murojaat qilgandi, uyam aylanib-aylanib o‘rganish uchun mahkamaning viloyat boshqarmasiga kelib tushgan. Yana hech qanday natija yo‘q.

- Yozda ichishga yaroqsiz bo‘lsa-da, kanal suvi jonimizga oro kiradi. Ammo qish oylari ancha qiynalamiz, - deydi «Yettikon» MFY raisi Akromjon Azizov. – Talab taklifni keltirib chiqaradi, deb bejiz aytilmagan. Natijada uddaburon fuqarolar paydo bo‘lib, maxsus moslashtirilgan «Moskvich»larda ichimlik suvni sotishga olib kelishadi. 4-maktab va bolalar bog‘chasiga 3-4 kanistr ichimlik suvni bepul berib ketayotganlari uchun ham ularga rahmat.

Bu yerda suv quvurlari tizimi so‘nggi marta uzoq 1988-yilda ta’mirlanganiga ishonish juda qiyin. Ana shu yillar davomida internetning titi-pitisini chiqaradigan hamda dunyo va jahondan nimalar sodir bo‘layotganidan hamisha tezkor xabardor avlod vakillari ulg‘aydi. Ularni ham nima uchun hamma yoqda turli islohotlar amalga oshirilmoqda-yu, ularning mahallasi yangilanishlardan chetda qolayotgani haqidagi savol qiynamoqda. Yana bir narsa bizni xafa qildi, mahalla aholisi jurnalistlarga ishonmay qo‘ygan. «Sizlar kelasizlar, bong urasizlar, yoritasizlar, ammo bizning muammo baribir yechilmay qolaveradi», deydi menga yoshi ulug‘ bir onaxon.

Mazkur maqolaning ham bekor ketgan urinish bo‘lib qolmasligiga ishongimiz keladi. Xullas, mutasaddi shaxslar ham bu muammoga e'tibor qaratishi va uni bartaraf etishga kirishishiga umid qilib qolamiz.

P.S. Norin tumanidagi Haqqulobodda – bayram. 14 ta mahalladan iborat shaharcha aholisining orzusi ushaldi: «O‘zteks» kompaniyasi mablag‘lari hisobiga umumiy uzunligi 36,3 kilometrlik suv quvurlari kommunikatsiyasi yotqizilgan. Endi qariyb 30 ming kishi toza ichimlik suv bilan ta'minlandi. Darvoqye, ushbu tashkilot 500 ish o‘rniga mo‘ljallangan tikuv fabrikasi, o‘z xodimlarining farzandlari uchun 160 o‘rinli MTM qurmoqda. «Yettikon» mahallasi aholisining ham ana shunday orzusi ushalishini kutib qolamiz.

Feruza Otaxonova.

Namangan viloyati.

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech