31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,5 °C

Raqamlashtirish
7 Aprel  2020 729

“Aqlli qishloq xoʻjaligi” konsepsiyasi

Mehnat unumdorligini 30 foiz oshiradi, paxta hosilini yuz foizmashinada terib olish, yuqori sifatli ekin navlari yaratishni toʻliq taʼminlaydi.

Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlariga binoan, 2020-yildan boshlab qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlarini keng joriy etish, toʻliq raqamlashtirish, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirish maqsadida paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilish hamda bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish belgilab berildi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 28-yanvarda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi sohada innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishga katta eʼtibor qaratmoqda. Olib borilayotgan izlanishlar, turli darajadagi hamkorliklar negizida tarmoqda tub burilishlar roʻy berishi kutilyapti. Avvalo, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va texnik vositalari yordamida raqamlashtirishni bosqichma-bosqich amalga oshirishda “Aqlli qishloq xoʻjaligi”ni joriy etish konsepsiya­si loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha amaliyotga tatbiq etilsa, dehqonchilik mahsulotlarining eksport imkoniyati kengayadi,“ishlab chiqarishdan peshtaxtagacha” kuzatuv tizimini 50 foiz ishga tushirishga erishiladi. Mehnat unumdorligi 30 foiz oshib, paxta hosili toʻliq mashinada terib olinadi. Stresslarga chidamli, yuqori hosildor, tashishga moslashgan, bioaktiv moddalarga boy ekinlar navlarini yaratish 100 foiz taʼminlanadi.

Qishloq xoʻjaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini tezkor hamda aniq baholashda ham sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlaridan foydalanish, masofadan zondlash texnologiyalari tajribadan oʻtkaziladi. Bu bilan respublika boʻyicha barcha turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini aniqlash va maydonlarni baholashga erishiladi. Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari respublikada “aniq dehqonchilikni yuritish” boʻyicha axborot-tahliliy bazani shakllantirishga xizmat qiladi va fermer xoʻjaliklarining mobil ilovadan foydalanishi imkoniyati yaratiladi.

Yana bir muhim yoʻnalish — “Aqlli issiqxona” texnologiyasi boʻyicha loyihalashtiriladigan obyektlar soni 500 taga yetkaziladi. Chorvachilikda esa mahsulotlar ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgan tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Buning natijasida sohada ishlab chiqarish bilan bogʻliq xarajatlar 15 foiz qisqaradi.

Mamlakatimizda raqamli qishloq xoʻjaligiga oʻtish ishlari Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tashkiloti (FAO) va Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Endilikda ekin yerlari, yaylov va oʻrmon maydonlarini elektron tarzda monitoring qilish loyihasi, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirishga oʻtishning fazalari va yoʻnalishlarini aniq belgilash boʻyicha texnik-iqtisodiy asosnoma hamda texnik topshiriq ishlab chiqiladi.

Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiya doirasida qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yerlarni geoaxborot tizimi orqali monitoring qilish maqsadida maxsus onlayn platforma prototipi yaratildi. Agrosanoat majmuiga tegishli barcha vazirlik va idoralar axborot tizimlarining integratsiyasini taʼminlaydigan yagona dastur ham ishlab chiqiladi. Ayni paytda esa “Aqlli qishloq xoʻjaligi” davlat dasturi loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Qishloq xoʻjaligining takomillashgan tizimlarida turli “aqlli texnologiyalar” (smart-sensorlar) ekin va atrof-muhit sharoitidan kelib chiqilgan holda oʻrnatiladi. Masalan, zararkunandalar va kasalliklarni oldindan aniqlovchi, iqlim nazorati — haroratni, namlikni, karbon dioksid darajasini oʻlchovchi vositalar, ozuqa moddalari bilan taʼminlash va sugʻorish asboblari kabilar shular jumlasidan. Ularning qoʻllanilishi hosildorlikni kamida 30 foiz oshirishni kafolatlaydi. Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni sotish zanjirlarida ham takomillashgan tizimlar joriy etiladi va pirovardida katta hajmdagi elektron maʼlumotlarni yigʻish imkoniyati yaratiladi. Ularni saqlash va tahlil qilish natijasida esa suv, yer va boshqa chegaralangan resurslardan samarali foydalanish,oziq-ovqat sifati va xavfsizligini taʼminlash mumkin.

Elektron tizimning qulayligi shundaki, hosil yigʻilganidan soʻng ham uning faoliyati mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash, tozalash, navga ajratish, yetkazish va bosh­qa qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish kabi yoʻnalishlarda davom etadi. Qisqasi, “Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyalari yuqori hosildorlik va sifatga erishish, suv sarfi hamda mahsulot tannarxini kamaytirish, hosilni rejalashtirish va prognozlash kabi yoʻnalishlarda muhim oʻrin tutadi. Shu bilan birga, smart-texnologiyalar joriy etilishi yosh avlod vakillarida bu tarmoqqa qiziqish uygʻotadi. Bu esa sohada yangi ish oʻrinlari koʻpayishiga yoʻl ochadi. Ammo raqamli qishloq xoʻjaligini tashkil etish va undan foydalanish bilan bogʻliq masala ham borki, u sohani chuqur biladigan hamda zamonaviy texnik-texnologik bilimlarga ega malakali kadrlar talabini yuzaga keltiradi. Eng avvalo, qishloq xoʻjaligida yangi kasb egalari — dasturchi, ITo (asboblar interneti) muhandisi, IT-mutaxassislar zarur boʻladi.

Prezidentimizning oʻtgan yil 19-avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ushbu oliy taʼlim muassasasiva uning filiallarida qishloq xoʻjaligi taʼlimi va ilm-fanini yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib tarmoqqa innovatsion resurs tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, “Aqlli qishloq xoʻjaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻyicha zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash belgilandi. Bu, oliy taʼlim tizimida har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlashga davlat siyosati darajasida qaralayotgan ayni paytda qishloq xoʻjaligida ham raqamli texnologiyalar bilan ishlay oladigan, xalqaro tajribalarni puxta oʻzlashtirgan malakali kadrlar tayyorlashda muhim omil boʻladi.

Sherzod NOSIROV,
Qishloq xoʻjaligi vazirligining innovatsion texnologiyalarni joriy etish
va qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish boshqarmasi boshligʻi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech