19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,5 °C

Yashil sayyora
16 Iyul  2019 1934

Bog‘ saqlovchisi – Atirgul Xolmurzayeva

Umrining qirq yilini Toshkent Botanika bog‘iga bag‘ishladi. U ko‘plab tashrif buyuruvchilar bilan o‘zining sevimli joyi majnuntol ostida uchrashgan, suhbatlashgan. Omadim kelib, menga dendrolog, bu boradagi nasliy mutaxassislik davomchisi hamrohlik qildi. Bu yerda uning otasi ham agronom bo‘lib ishlagan. Uning izidan borib, agrar universitetini bitirdi. Dunyoning ko‘plab botanika bog‘lari mutaxassislari uni yaxshi tanishadi. Bu yerda uni bog‘ saqlovchisi deb atasharkan, bu haqda boshqa xodimlar bilan suhbatlashganda bilib oldik.

Atirgul Isakovna odatiga ko‘ra, majnuntolning noyob shifobaxsh xususiyatlari haqida gapira boshladi. Masalan, po‘stining tindirmasi yurak xastaliklaridan aziyat chekuvchilarga foydali... Keyin ekskursiyani davom ettirdik. Butun «Sharqiy Osiyo»ni aylandik, metasekvoyani, Yaponiyada muqaddas hisoblangan ginkgo daraxtini ko‘rdik. Bularning barchasi jonli qazilmalar deb ataluvchi qadimdan saqlanib qolgan o‘simliklardir.

So‘qmoqdan burilib, o‘rmon ichiga chuqurroq kirib borib, kigiz terakni ko‘rdik. Bir qarashda hovlilarimizdagi teraklarga ham o‘xshab ketadi. Faqat bunisidan sifatli qog‘oz olish mumkin.

Ajablanarli dalil: ushbu terak qurib qolsa ham ildiz tizimi o‘lmaydi va yangi tuplar chiqarishda davom etadi. Ya’ni o‘simlikni qayta ekish shart emas, tabiatning o‘zi buni «o‘ylab» qo‘ygan.

Bir kuni Botanika bog‘iga ingliz kishi, biologiya fanlari doktori tashrif buyuribdi. U ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgan, ammo bizning bog‘imizdangina kulrang zarang daraxtining noyob turini topibdi. Aytish kerakki, bu olimlar turli xorijiy mamlakatlardan izlab keladigan yagona o‘simlik emas, albatta.

Yo‘lning narigi tomonini azim yong‘oq daraxtining sinib tushgan shoxi to‘sib qo‘yibdi. Uning tanasi zamburug‘lar bilan qoplangan – hayot uchun kurashishning birinchi alomati: daraxt ichidan chirigan. Keyinroq biz bog‘dagi o‘simliklarning kasalliklari va muammolariga oid turli belgilarni ham ko‘rdik. Lekin oldin – boshqa mavzu haqida gapiramiz.

Butun Botanika bog‘i Engler tizimiga bo‘yicha qurilgan bo‘lib, u uchta ustunga asoslangan: oila – urug‘ - tur. Hudud beshta dendrofloraga bo‘linadi - Markaziy Osiyo, Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika, Yevropa, Uzoq Sharq. Sun’iy ko‘llar ham bekorga yaratilmagan. Birinchisi, albatta, o‘simliklarni sug‘orish qulay bo‘lishi uchun. Biroq bu ko‘llar mikroiqlim hosil qiladi, bahor va yozda ularda hatto, baliq ham uchraydi, suv yuzasi nilufar guli bilan qoplanadi.

Eng samarali ko‘l «Shimoliy Amerika» hududida joylashgan. Uning atrofida botqoq sarvari o‘sadi. Bu o‘simliklarning ildiz tizimi ikkiga bo‘linadi: daraxtni oziqlantiruvchi chuqur ildizlar, nafas olish uchun yuzaki ildizlar, shuningdek, ular yuvilib ketmasligi uchun qirg‘oqlarni «ushlab turadi». Tashdan ildizlari qoziqoyoqlarga ham o‘xshaydi.

Bu yerda ham muammolar yetarli. Masalan, tashrif buyuruvchilarning bog‘ga shafqatsiz munosabati. Ko‘pchilik bu yerga kelishga intiladi, ba’zilari to‘y videolarini suratga oladi. Shu bilan birga, ular noyob ko‘lning suviga tushishdan, tushayotganda yo‘lidagi barcha narsani yanchib-toptab-sindirib o‘tishdan tortinib o‘tirmaydilar. Albatta, bunga ruxsat etilmagan. Lekin har bir odamning ketidan poylab yurib ham bo‘lmaydi, axir. Shunga qaramay, yosh yigitlar orasida qizlarga sovg‘a qilish uchun noyob nilufar guli g‘unchasini yulib olishga havasmand ko‘p.

Bolalar velosiped va skuterlarda yurishadi. Lekin qoidalarni ham unutmaslik kerak - hamma joyga tegishli taxtachalar osib qo‘yilgan. Ayrimlar «piknik»lar uyushtiradi va o‘zidan ancha-muncha chiqindi qoldiradi.

Achinarlisi shundaki, bugun bog‘ni parvarishlash uchun mahalliy xodimlar kuchi yetarli emas. Masalan, yillar davomida ishlab kelgan ilgarigi sug‘orish tizimi allaqachon eskirgan. Suv bog‘ning chuqur ichkarisigacha yetib bormaydi. Kasalliklarga qarshi kurashda daraxtlarga ishlov beradigan purkagichlar ham yetarli emas. Kutilmaganda chetdan biron yuqumli kasallik kelib qolishi bor, deganlariday... Bundan tashqari, bog‘ ishchilari Toshkentga ekilgan o‘simliklar holatini kuzatib borishlarini ham hisobga olish lozim. Qanday harakatchan bo‘lish talab etilishini tasavvur qilavering endi! Masalan, shu yil sodir bo‘lgan gap. Erondan keltirilgan va qandaydir yo‘l bilan bizning karantin xizmatimiz orqali un qurti bilan zararlangan o‘simliklar partiyasi o‘tdi. Epidemiya esa bizning qora archalarimizga o‘tganidan so‘ng aniqlandi. «Chet ellik mehmonlar»ning eng xavflisi – sermo‘ylov qo‘ng‘izdir. Bir paytlar u ko‘plab qayin va chinorlarni yegan. Mana, yana paydo bo‘ldi! Botanika bog‘i mutaxassislari, albatta, bong urishmoqda. Bunda favqulodda choralar zarur.

- Shahar hokimliklari huzuridagi o‘simliklarni himoya qilish xizmati tiklansa yaxshi bo‘lardi. Ilgari ular daraxtlar va butalarga tezda ishlov berishardi va shu yo‘l bilan ularni qutqarardilar, - deydi Atirgul Xolmurzayeva va qo‘shimcha qiladi: - Sermo‘ylov qo‘ng‘iz muammosi yuzasidan Surxondaryo viloyatining Denov shahrida (poytaxtga ko‘chatlarning asosiy yetkazib beruvchisi) bo‘ldim. Kasallik o‘chog‘ini qidirib, uni qora archalar ko‘chatzoridan topdim. Bu bilan mintaqada karantin xizmatining yetarlicha professional tarzda ishlamaganini ta’kidlamoqchiman.

Yana ko‘plab foydali ma’lumotlarni bilishga muvaffaq bo‘ldik, masalan, ba’zi o‘simliklarni bizning sharoitimizda yetishtirmaslik lozimligini ham. Ular nafaqat o‘zini tutib ketmaydi, balki nobud ham bo‘ladi. Lekin ularni uzoqdan, ba’zan esa juda qimmat narxlarda olib kelishmoqda. Issiq ko‘chalarimizdagi katta miqdorda paydo bo‘lgan archalarni nazarda tutyapmiz. Biroq yer osti suvlari sathini ushlab turadigan chinorlarni ekish amalda deyarli to‘xtatgan. Borlari uchun esa tadbirkorlar chinakam ovga kirishgan - chinor yaxshi yog‘och beradi. Shuningdek, shumtolning barcha turlari, chinor, akatsiyalarni ham ekish mumkin va kerak... Darvoqe, bularning barchasi Botanika bog‘ida bor. Ammo ko‘chatlarga tegishli buyurtmalar yo‘q.

Bog‘ saqlovchisi shuningdek, Botanika bog‘i ega bo‘lgan urug‘larning katta almashuv jamg‘armasi haqida ham so‘zladi. Masalan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida Germaniya, Avstriya, Slovakiya, Litva, AQShdan noyob o‘simliklar urug‘lari barter asosida olingan.

Bog‘ning vazifasi - ularni bizning sharoitga moslashtirish, yetishtirish va kelgusida keng tarqatish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat. Va supervazifa - yaratilgan genofondni avlodlar uchun saqlab qolish.

- Biz hozirdan respublika mintaqalarida filiallar tashkil eta olamiz, iqlim o‘zgarishiga moslab o‘simliklarni rivojlantirishimiz mumkin. Ma’lumki, yashil o‘simliklar maydonlari shaharlarning «o‘pka»si hisoblanadi. Global isish boshlanayotgan sharoitlarida ularning ahamiyati qanchalik yuqori bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilavering, - deya so‘zini yakunlaydi Atirgul Isakovna.

Konstantin Bashlayev.

«Pravda Vostoka».

Muallif surati.

 

 «Pravda Vostoka» gazetasisining 2019-yil 16-iyuldagi 142-sonida «Атиргул Халмирзаева - хранительница сада» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech