15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20 °C

Fikr
27 Fevral  2019 6998

Avtomobildan saqlaning! Bu kino emas, haqqoniy hayot

Albina o‘g‘li Artyom bilan birga yozda dengiz bo‘yida dam olishni orzu qilishardi. O‘sha kuni bolakay maktabiga xursand holda ketdi. Axir, kechqurun uyda juda ko‘ngilli ish - kurortni tanlash kutayotgandi. Bu ularning birgalikdagi birinchi sayohati bo‘ladi. Ishdan uyiga ertaroq qaytgan Albina hech bir sababsiz toqatsizlana boshladi. Negadir ko‘ngli juda notinch edi. Ammo buni bo‘lajak sayohat oldidan shunaqa bo‘lishiga yo‘ydi. Telefon jiringlashi xayollarini to‘zg‘itdi. Gaplashgach, butun dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketdi. Ma’lum qilishlaricha, Artyomni mashina bosib ketibdi. Shifokorlar qancha harakat qilishmasin, uni baribir saqlab qola olishmabdi.

Ayrim uchar haydovchilar uchun ularning bunday xatti-harakati qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi haqida o‘ylab ko‘rishlari uchun bir nechta ana shunday hodisalarni keltirishga qaror qildik. Bu ko‘cha yoki chorrahani quloqlariga naushniklar taqib o‘tayotgan yoki yo‘lning taqiqlangan qismidan kesib o‘tayotganlarga ham taalluqli.

Amir K (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘g‘lining to‘yiga u orzu qilgan mashinani sovg‘a qildi. Ammo otasi keyin bu ishidan pushaymon ham bo‘ldi. O‘g‘li doim mashinani katta tezlikda haydardi. Bir safar turmush o‘rtog‘i bilan halokatga ham uchradi, ammo xayriyatki, sog‘-omon qoldilar. yengil jarohat bilan qutulishdi. Shundan so‘ng yigit mashinani bir muddat tez haydamay yurdi.

Bir kuni o‘rtog‘i bilan tug‘ilgan kunini nishonlashdi. Uning rulga mast holda o‘tirgani yetmaganday, mashinani juda katta tezlikda boshqara boshladi. Keyin boshqaruvni yo‘qotib, simyog‘ochga urildi va hodisa joyidayoq hayot bilan vidolashdi. Bu paytda turmush o‘rtog‘i uni uyda ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutardi. Sababi, farzand kutishayotganini aytib, erini xursand qilmoqchi edi...

Ra'no A.ning hayoti endi ma'nosiz. O‘tadigan har bir kuni uning yurak-bag‘rini ezadi. Biroq ilgari, baxtiyor ona va rafiqaligida hammasi boshqacha edi. Eriyam, o‘ziyam yakka-yu-yolg‘iz qizalog‘ini juda-juda yaxshi ko‘rishardi. Universitetni a'lo tugatgan ayol yaxshigina ish ham topgandi. Alohida yashasa-da, har hafta dam olish kunlari ota-onasini ko‘rgani borib turardi.

Kunlarining birida... ona qizining kelishini kutmoqda. Qizalog‘i yaxshi ko‘radigan kartoshkali pishiriqni tayyorlagan. Dadasini esa do‘konga shirinlik olib kelish uchun jo‘natdi. Qizi kechika boshlagach, ota-onasi xavotirga tushdilar. Telefoni esa xizmat doirasidan tashqarida edi. Metroda kelayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi. Ammo aslida bo‘lib o‘tgan hodisa dahshatli edi: qizaloqni mashina urib ketgandi, hatto, shifoxonaga ham yetib bora olmay, yo‘lda joni uzilgan. Bunday mudhish yangilikdan qizning otasida infarkt xuruj qildi. Xullas, ayol bir kunda jigarbandi va suyukli eridan ayrildi.

Odil O.ning o‘z mashinasi yo‘q edi. Doim jamoat transportida yurardi. Bir kuni ishga kechikayotgani sabab taksi to‘xtatdi. Ammo yo‘lda YTHga uchrashdi, ikki mashina peshonama-peshona to‘qnashgan. Haydovchi hodisa joyining o‘zidayoq hayotdan ko‘z yumgan. Odilni saqlab qolish uchun shifokorlar bir necha kun kurashdilar, ammo uning ham bu olamdagi vaqti-soati bitgan ekan. Uning uch farzandi chirqirab qoldi, bolakaylar dadasining nega buncha uzoq vaqt uyga kelmayotganini haligacha tushunmayaptilar.

Afsuski, bunday hodisalar juda ko‘p. Birgina poytaxtning o‘zida kuniga to‘rttagacha yo‘l-taransport hodisasi kuzatiladi. To‘g‘ri, ularning hammasi ham o‘lim bilan tugayvermaydi. Ammo falokat sabab yetadigan jarohatlar ham turlicha bo‘ladi. Ayrimlaridan so‘ng ko‘pgina kishilar me'yoridagi hayotga qayta olishmaydi. Afsuski, YTHga sovuqqon qarash, yo‘lda boshqalarni pisand qilmaslik holatlari baribir uchramoqda. Agar Toshkent IIBB ma'lumotiga qaraydigan bo‘lsak, bir hafta mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzish soni uch mingtadan oshib ketadi.

...Biroq har bir hayot bilan vidolashgan kishi ortida o‘zining ham joni uzilgandek bo‘lib oilasi, bola-chaqasi qolishini zinhor unutmaslik lozim.

Har kuni poytaxtimizda bir nechta YTH sodir bo‘ladi. Masalan, 2018-yilda 153 kishi hayot bilan vidolashgan va 1502 kishi turli og‘irlikdagi tan jarohati olgan 1233 ta YTH qayd etilgan. O‘tgan yillarga qaraganda bu holatlarning kamayganini ko‘rish mumkin, albatta. Xususan, 2016-yilda 226 kishi halok bo‘lgan 1740 ta, 2017-yilda 190 kishi hayot bilan vidolashgan 1610 ta YTH qayd etilgan.

Oksana Malosabirova.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech