22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +2,2 °C

Transport
6 Iyul  2019 3189

Avtosanoat: afsona va haqiqat

Mahalliy avtomobillar narxlari avvalgidek muntazamlik bilan oshib borishdan to‘xtadi. Avtomobil ixlosmandlari quvonishga shoshilishmayapti - tez orada ishlab chiqaruvchi byudjetga QQSni to‘laydi, bundan tashqari, inflyasiya ham ta'sir qilishi mumkin. Chegirmalar va boshqa aksiyalarni taqdim etgan holda chakana narxlarni bir maromda ushlab turish masalasiga joyida javob topish uchun «UzAuto Motors» AJ va uning uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqaradigan bir nechta korxonaga tashrif buyurdik.

Avtomobil sanoatini qo‘lda yig‘ish, xorijiy markalarga kirishni cheklash, ichki bozorda narxlarni oshirish, modellar seriyasining kamligi va boshqalarda ayblashadi. Biroq yaqin-yaqingacha noroziliklar uchun sabab bundanda ko‘p edi.

Yaxshisidan boshlay qolaylik. Eng og‘riqli nuqta – savdo tizimi yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. Bu endi g‘ayritabiiy tuyuladi, lekin uch yilcha oldin mashinaga naqd pulsiz to‘lab yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lab sotib olish mumkin emasdi. Ba’zan odamlar yillab kutishardi, «shapka»yam berib, mashinani olgach minnatdor ham bo‘lishardi. Endi, ehtimol, avtosalonlar aslida iste'molchi musiqaga buyurtma berishini tushuna boshlagandir. Masalan, avtomobil sotib olgani uchun sovg‘a sifatida velosiped, turli chegirmalar berilmoqda, «45 daqiqa ichida avto» va «Siznikiga boryapmiz» xizmatlari taqdim etilyapti.

– Ishlab chiqaruvchi sifatida biz barcha rivojlanish ssenariylarini ko‘rib chiqyapmiz, chunki hukumat biror kun import avtomobillarga bojni bekor qilishi mumkin, – deydi «UzAuto Motors» AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. – Hozir bozorni xorijiy brendlar o‘zlashtiryapti. Yurtimizda «Lada»ning 11 avtosaloni mavjud va shuningdek, «Renault» avtomobillari ham paydo bo‘ladi. Raqobatbardosh ustunlikka erishish, mahsulot tannarxini kamaytirish uchun ishlab chiqarishni optimallashtirish bo‘yicha muntazam rejali ish olib boryapmiz. Modellarning narxlari o‘rtacha 1,5 ming dollarga kamaydi, umuman, 2018-yilda tannarx 1,2 trillion so‘mdan ziyodga tushdi.

Iste'molchilar narxlarning sezilarli qayta ko‘rib chiqilganiga e'tibor qaratishmadi. Mutaxassislar buni imtiyozlarlarning bekor qilinishi va inflyasiyaga qaramay, ko‘rilgan chora-tadbirlar chakana narxlarni bir xil darajada saqlab qolish imkonini berdi, deya izohlamoqda. 2018-yilda tarmoq soliq va boshqa to‘lovlar shaklida byudjetga 1,6 trillion so‘m to‘lagan. Aksiyalar o‘tkazish va xaridorlarga qulay bo‘lgan bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun shart-sharoitlar yuzaga keldi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan: sifat nazorati va sinovlar

Mashinalar Asaka zavodida ishlab chiqarilsa-da, tarmoq haqida gapirganda, yuzlab turdagi butlovchi qismlar, faralar, oynalar, elektr simlari, ovoz so‘ndirgichlar ishlab chiqaruvchi boshqa korxonalarni ham unutmaslik lozim.

«Uz-Dong Won» AJ QK ovoz so‘ndirgichlar, zarbaga chidamli eshik balkalari va kuzov qismlarini ishlab chiqaradi.

– Mahsulotlarimiz narxini 16 foizga kamaytirishga erishdik, – deydi korxona bosh direktori Bahodir Samatov. – Buning uchun ba’zi yetkazib beruvchilarni o‘zgartirdik, xarajatlarni kamaytirdik. Masalan, bizda taxtalangan metall xomashyo sifatida xizmat qiladi. Lazer yordamida kesish usuliga o‘tish natijasida 30 foizgacha yetadigan kesik parchalarni yo‘qotish kamaydi.

Darvoqe, korxona «Gruppa GAZ» BK (Rossiya) uchun butlovchi qismlarni ham ishlab chiqaradi. Istalgan butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchilar uchun eksport talab etiladi, negaki ular import po‘latdan foydalanadi va valyutaga muhtoj.

«UzKoje» qo‘shma korxonasi avtomobillar uchun elektr simlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ishlab chiqarish juda yuqori texnologiyali mashinadagi simlar haroratning keskin o‘zgarishiga bardoshli bo‘lishi lozim, nafaqat qattiq qizib ketishga, balki minus 40 daraja sovuqqa ham. Simlarning yonib ketish holatlarida o‘zini o‘z o‘chiradigan maxsus kimyoviy birikmalardan foydalaniladi. Sifatni nazorat qilish uchun zavod laboratoriya va zamonaviy sinov-texnik uskunalar bilan jihozlangan.

«Nexia 3», «Spark», «Cobalt» va «Lacetti» modellarini faralaridan tanib olish qiyin emas. Ularning barchasi «UzChasys» MChJ QK da ishlab chiqariladi. Korxona OEM-yetkazib beruvchilar (OEM - «original equipment manufacturer» - «asl nusxa uskuna ishlab chiqaruvchi») sirasiga kiradi. Ya'ni, uning mahsulotlarini boshqa markalarda, masalan, «AvtoVAZ» OAJning «Lada» avtomobillarida ham ko‘rish mumkin.

Shuningdek, kunduzgi yoritish chiroqlari mahsulotlari jazirama sharoitda uzoq vaqt yurishga bardosh beradimi-yo‘qmi, yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillar faralarining yonib ketishi sabablari bilan qiziqdik. Mutaxassislarning fikricha, bu zavodda ishlab chiqarilmagan qismlarni o‘rnatish natijasida bo‘lishi mumkin. Asl mahsulotlar yuklamalarga bardoshli. Yaqinda zavodda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo‘lgan talabning oshganini ham shu bilan bog‘lamoqdalar.

Ba’zilar mashinani sotib olayotganda faralarini o‘zgartiradi. Asl nusxani tanlashlari uchun kompaniya tyuning-chiroqlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda.

«Avtooyna» MChJda avtomobil oynalari mustahkamligini tekshirish sinovlari guvohi bo‘ldik. Laboratoriyada ular qizdiriladi va juda past haroratda sovitiladi, so‘ng ustiga bir necha metr balandlikdan salkam 300 gramm og‘irlikdagi po‘lat soqqalarni tashlashadi. Tabiiyki, shisha yorilib ketadi. Lekin bu muammo emas, agar u alohida bo‘laklarga bo‘linib qolsa, sinovdan o‘tmaydi. Darvoqe, bu yerda soqqa kelib tushganda chil-chil bo‘lib ketadigan past sifatli oyna ham namoyish etildi.

– Mahsulotlarni tez-tez soxtashtirishadi, – deydi  «Avtooyna» MChJ bosh direktori Mahmud Otaboyev. – Qo‘lda yasalgan mahsulotni sinov po‘lat soqqasi teshib o‘tadi. Past sifatli mahsulotni turli parametrlar bo‘yicha ham aniqlash mumkin. Masalan, «Cobalt» avtomobillarida quyoshdan himoyalovchi chiziq ko‘zda tutilmagan, qalinlikda (asl nusxada - 4,92 mm) ham, shuningdek, tushirilgan belgilarda ham farqlar mavjud.

Tarmoq korxonalari o‘rtasidagi farq - robotlashtirishdir, ba'zilarida bu ko‘rsatkich 90 foizni tashkil etadi. Ba'zan bir xil ishni ko‘rish mumkin - masalan, press ostiga po‘lat taxtalarni almashtirib qo‘yib turishni odamlar ham, robotlar ham bajarayotganini.

Mutaxassislarning fikricha, robotlar vazifani samaraliroq bajaradi, ammo biz uchun bandlikni ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois avtomatlashtirish xodimlar sonini qisqartirish hisobiga emas, balki ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga amalga oshiriladi. Darvoqe, bitta robot-manipulyator o‘rtacha yuz ming dollar turadi.

Asakaliklar xafa

Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab yirik butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilar tarqalgan, biroq mahalliy avtomobilsozlik sanoati faqat chetdan olib kelingan qismlarni qo‘lda yig‘ishdan iborat, degan fikr ham yo‘q emas. «UzAuto Motors» zavodi bo‘ylab ekskursiya uyushtirgan Rustam Rajabov bu fikrga qo‘shilmaydi.

Sexlarni ko‘rsata turib, u asosiy e'tiborni po‘lat o‘ramining shtamplash va payvandlashdan o‘tib, asta-sekin avtomobil kuzoviga aylanishi jarayoniga qaratdi. Bu jarayonda ishchilar juda ko‘p yumushlarni bajaradilar – detallar bir-biriga to‘g‘ri va mos kelishi ham kerak – millimetrlik xato butun boshli kuzovni brakka chiqarishi mumkin.

Asosiy zavoddan har 70 soniyada yangi avtomobil chiqadi. Konveyerdan so‘ng darhol ularning motorlari o‘t oldirilib, sinov liniyasiga haydab kelinadi, u yerda salonning suv o‘tkazmasligi va nuqsonlari yo‘qligi bir necha bosqichda tekshiriladi.

– Ba’zi fuqarolarimizning zavodni samarasiz deb atagani va faoliyati to‘xtashini istayotganini eshitdik, – deydi brigadir G‘ayratjon Shokirov. – Men bunga umuman qo‘shilmayman va bundan juda xafa ham bo‘ldim. Sexlardagi ishchilarimiz vijdonan ishlaydi va ko‘rib turganingizdek, biz tayyor qismlarni yig‘maymiz, balki deyarli noldan mashina yaratamiz.

Yaqin kelajakda istalgan kishiga zavod bo‘ylab ekskursiyalar taqdim etiladi. Ammo kichik to‘lov evaziga. Safar oxirida barcha mehmonlar esdalik sovg‘alari olishadi.

Mahalliylashtirish: nimani o‘zlashtirmaymiz?

Avtomobil sanoatida import o‘rnini bosish yildan-yilga o‘sib bormoqda va kelgusida ham davom etadi. Biroq o‘zlashtirish foyda bermaydigan mahsulotlar ham bor.

– Xavfsizlik yostig‘i ishlab chiqarishni rejalashtirmayapmiz, – deydi R. Rajabov. – Dunyoda faqat ikkita shunday ishlab chiqaruvchi bor. Xarajatlari o‘n million donalab ishlab chiqarilishi sababli qoplanadi. Biz, shuningdek, kompyuter blokini ham o‘zlashtirmaymiz.

«O‘zkimyosanoat» AJ bilan birgalikda yuritgich suyuqliklarini, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi bilan saqlagichlar, datchiklar va boshqa elektronikalarni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqdamiz.

Yana bir bor narxlar haqida

Zavod boshlig‘ining aytishicha, rejalashtirilgan QQSni to‘lashga o‘tish ta'sirini kamaytirish uchun barcha ishlar amalga oshiriladi. Tannarxni kamaytirish kelgusida ham davom etadi, bu yangi natijalar berishi mumkin.

Bu jarayonda muhim omillardan biri – korrupsiyaga qarshi kurashishdir. Maxsus standart - ISO 37001 - poraxo‘rlikka qarshi kurashish menejmenti tizimi zavod faoliyatiga tatbiq etiladi. R.Rajabov aytganidek, turli «shapka»laru uchinchi shaxslarning «ulush» olishlariga qarshi choralar ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joizki, «UzAuto Motors» AJ avtomobillarini mahalliylashtirishning o‘rtacha darajasi 55 foizdan ziyodni tashkil etdi. 2018-yilda yuzta yangi komponent ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, import 157 million dollarga qisqardi.

Muhammad Qarshiboyev.

«Pravda Vostoka».

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 5-iyuldagi 135-sonida «Avtoprom: mifы i realnost» sarlavhasi bilan chop etilgan.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech