27 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Biznes
30 Mart  2020 908

Biznes-ombudsman muammoli vaziyatda tadbirkorni qoʻllaydi

Biror sohada ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, uch-toʻrt odamni ish bilan taʼminlash oson emas. Avvalo, bunga katta jurʼat hamda moliyaviy koʻmak kerak. Xalqimiz boshiga kelgan koronavirus balosi barcha qatori tadbirkorlar faoliyatini ham chetlab oʻtmadi. Aniqrogʻi, investorlar bilan hamkorlikda loyihalar boshlayotgan va shu orqali roʻzgʻorini tebratib, davlatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshayotgan tadbirkorlarga qiyin boʻlishi tayin.

Shuni hisobga olgan holda hukumat tomonidan dunyodagi epidemiologik vaziyat va Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishi tufayli shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun “fors-major” rejimi joriy etildi. Bundan tashqari, karantin faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning real daromad va imkoniyatlari hamda moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etish muddatlaridan kelib chiqib, kredit toʻlovlariga imtiyozli davr berish hamda yakuniy toʻlovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirish choralari koʻrilmoqda.

Shunga qaramay, ayrim tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga amal qilinmaslik holatlari ham uchrashi mumkin. Huquqi poymol boʻlgan, faoliyati asossiz toʻxtatilgan tadbirkorlar murojaat qiladigan tashkilotlardan biri Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil institutidir.

Aytish kerakki, 2017-yil 5-mayda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Meʼyoriy hujjatga binoan, taʼsis etilgan yangi institut — Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, xalqona aytganda, Biznes-ombudsman inson huquqlari boʻyicha Ombudsmandan farqli ravishda ishbilarmonlarning shikoyat, ariza va takliflarini oʻrganib, ularga keng koʻlamli yordam beradi.

Tadbirkorlarni qanday muammolar qiynaydi?

— Oʻtgan yili tashkilotimizga tadbirkorlardan 6 ming 328 ta murojaat kelib tushdi, — deydi Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni bosh inspektori Sherzod Saidov. — Oʻrganishlarimiz tadbirkorlarni koʻproq qanday muammolar qiynayotgani xususida muayyan xulosalar chiqarish imkonini berdi. Murojaatlarning aksariyatida mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari (xatti-harakatlari)dan norozilik bildirilgan. Yer olish masalasida ham tadbirkorlar koʻp bora murojaat qilgan. Qolaversa, nazorat qiluvchi organlar va banklar faoliyati, soliq sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilmaslik hamda sud qarorlari va ularning ijrosi bilan bogʻliq masalalarda murojaat qilishadi. Tashkilotimiz tomonidan tadbirkorlarning qonuniy haq-huquqlarini tiklash yuzasidan taqdimnoma, xulosa va maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborilgan. Taʼsir choralari koʻrilishi natijasida mansabdor shaxslarning ayrimlari intizomiy hamda maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan noqonuniy qabul qilingan 351 ta qaror bekor qilindi. Demak, shuncha tadbirkor notoʻgʻri va noqonuniy chiqarilgan qaror ortidan aziyat chekib yurgan.

— Bundan bir necha yil oldin foydalanilmayotgan binoni yuz million soʻm investitsiya kiritish sharti bilan auksionda sotib olgan edim, — deydi “ISTEL” MCHJ direktori Maqsud Bobojonov. — Uch milliard soʻm atrofida mablagʻ sarflab, mehmonxona ochdik. Ishni endi boshlaganimizda hokimlik vakillari kelib, obyekt boshqa tadbirkorga berilganini aytdi. Haq-huquqimizni talab qilib juda koʻp idoralarga murojaat etdik. Ayrim tashkilotlar bizdan obyektni olib qoʻyish mutlaqo asossiz ekani toʻgʻrisida xat berishdan nariga oʻtolmadi. Salkam bir yillik ovoragarchilikdan soʻng tanishlar tavsiyasi bilan Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil — Biznes-ombudsmanga murojaat qildim. Murojaatim oʻn besh kun davomida oʻrganib chiqildi. Biznes-ombudsman vakili nomimdan sudda qatnashib, yerga egalik huquqimni qaytardi. Hokimlik tomonidan binoni olib qoʻyish toʻgʻrisida chiqarilgan qaror notoʻgʻri ekani isbotlandi.

Ortiqcha ovoragarchilik va nohaqlik tadbirkor sillasini quritadi. Bu, oʻz navbatida, uning ishiga, albatta, salbiy taʼsir etadi. Yirik soliq toʻlovchi tadbirkorlar qatoriga kiruvchi navbatdagi suhbatdoshimizning ishi biroz chigalroq edi.

— Oʻtgan yili 15-avgustda bizga 20 sotix yer 4,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan ajratilgan edi, — deydi “Primer Brokers” MCHJ direktori Dilorom Mangujek. — Bu obyektda Oʻzbekiston uchun yangilik boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni moʻljallagan edik. Avvaliga u yer boshqa tadbirkorga sotib yuborildi. Bu boʻyicha shikoyat qilganimdan keyin boshqa joydan yer ajratildi. Keyin bilsam, u buziladigan hududda joylashgan ekan. Bundan tashqari, u yerda suv, gaz va elektr oʻtkazish xarajatlari uchun ham juda katta mablagʻ hisoblab berildi. Nima qilishimni bilmadim. Investorlar bilan kelishib qoʻyganman, ish boshlashim kerak. Bu boʻyicha yordam soʻrab bormagan tashkilotim qolmadi. Ularning barchasi hokimlik qaroriga qarshi chiqolmasligini bildirdi. Shundan soʻng Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga murojaat qildim. Masalamiz obdon oʻrganilib, besh oydan beri hal boʻlmayotgan muammoga bir kunda yechim topildi...

Vakolat kengaydi, keyin-chi?

Prezidentimizning 2019-yil 15-martdagi “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, oʻtgan yilning 1-aprelidan tadbirkorlik subyektlarida oʻtkaziladigan tekshirishlarni muvofiqlashtirish va ularning qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga yuklatildi. Shundan soʻng vakil devoni tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan doimiy nazorat oʻrnatdi.

— Vakil tomonidan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi ishlab chiqilib, 39 ta nazorat idorasi bilan kelishildi va qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi, — deydi Sherzod Saidov. — Shu bilan birga, “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, barcha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Adliya vazirligiga taqdim etildi. Shuningdek, 2019-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va buzilgan huquqlarini tiklashda muhim ahamiyat kasb etuvchi vazifalarni kiritishga erishildi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, mazkur meʼyoriy hujjatga koʻra, Biznes-ombudsman va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik holati boʻyicha mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilanib, tashkilot tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab berilgan daʼvolar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilindi.

Tadbirkorlik faoliyati tiklanishiga koʻmak beriladi

Tadbirkorlik aslida tavakkalchilik deganidir. Boshlanishida zoʻr foyda keltirayotgan ishingiz birpasda toʻxtab qolishi yoki aksincha, avvaliga zarar bilan ishlayotgan loyihangiz zoʻr tadbirkorlik subyektiga aylanishi mumkin. Turli sabablarga koʻra ilojsiz qolgan tadbirkorlarga Biznes-ombudsman qanday koʻmak berayotgani koʻpchilikni qiziqtiradi, albatta.

— Hozirgi karantin davrida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan

taʼminlashda tadbirkorlarga sanitariya-epidemiologiya talablari va meʼyorlari boʻyicha tegishli tashkilot bilan shartnoma tuzib, unda keltirilgan shartlarga qatʼiy amal qilish talab etilmoqda. Yaʼni shu talablarni bajarsa, tadbirkor ishida davom etishi kerak. Lekin ayrim mutasaddilar tomonidan tadbirkorlik subyektini hech qanday asossiz yopib tashlash, tadbirkorlarga bosim oʻtkazish holatlari uchramoqda. Shunday vaziyatlarda biznes egalari bizning ishonch telefonlarimizga qoʻngʻiroq qilib, muammolarini aytishlari mumkin. Tadbirkorning iddaosi asosli boʻlsa, tashkilotimiz tegishli choralarni koʻradi, — deydi Sherzod Saidov.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga masʼul tashkilotlar orasida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻziga xos vazifa va vakolatlari bor. Buni tashkilot ham, tadbirkorlar ham his qilishi lozim. Tadbirkorlar arzirli muammolar bilan murojaat qilsa, Biznes-ombudsman oʻziga berilgan vakolatdan oqilona foydalansa, iqtisodiyotimiz “lokomotivi” boʻlgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ogʻir davrdan talafotsiz oʻta oladi.

Sohiba Mullayeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech