23 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,1 °C

Turizm
12 Fevral  2019 10459

Ko‘z o‘ngimizda o‘zgarayotgan Shahrisabz

Yashil shahar, deya nisbat beriladigan Shahrisabzga xorijiy sayyohlar oqimi olti martaga ko‘paydi. O‘tgan mavsumda Amir Temur tug‘ilgan yurtning diqqatga sazovor joylari bilan bir yarim millionga yaqin vatandoshlarimiz tanishgan. Bu oldingi yillarga qaraganda ancha ko‘p.

Xo‘sh, bunday ulkan ko‘rsatkichlarga qanday erishildi? Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan axborot turi davomida bu savolga barcha hududlardan tashrif buyurgan jurnalistlaru turoperatorlar javoblar olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Biz tanlagan yo‘llar

«Afrosiyob» tezyurar poezdi ertalab sakkizda Toshkentdagi «Shimoliy» vokzalidan jo‘naydi. Jo‘nash vaqti juda qulay: aviareyslardagi kabi kallai saharlab aeroportga yo‘l olish kerak bo‘ladigan juda erta ham, poytaxtdan Shahrisabzga qosh qorayganda kirib boradigan darajada kech ham emas.

– Mazkur temir yo‘l liniyasi ilgariyam faoliyat olib borardi, albatta, – deydi poezd boshlig‘i Temur Tog‘aev. – O‘ntacha stansiyada to‘xtab o‘tiladigan reyslar ham o‘n ikki soatgacha cho‘zilib ketardi. Ko‘pincha yo‘lovchilar manzilga juda kechikib yetib olardilar. Qarshidan Shahrisabzgacha bo‘lgan temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtirilgach, unda tezyurar poezdlar harakatlana boshladi. Bunda yo‘lga to‘rt soatdan sal ko‘proq vaqt ketadi.

Darvoqe, T.Tog‘aevning aytishicha, 15 daqiqa va undan ko‘pga kechikish uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yo‘lovchilarga differinsial pul kompensatsiyasini taqdim etadi. Agar kechikish 60 daqiqadan ko‘p bo‘lsa, chiptaning to‘liq narxi qaytariladi. Ammo hali bunday vaziyat kuzatilgani yo‘q. «Afrosiyob»ga qarab soatni to‘g‘rilasa bo‘ladi.

Ammo narxlar biroz qimmatroq. Masalan, biznes-klass chiptasi narxi 249 ming so‘m. To‘g‘ri, sayyohlarga imtiyozlar beriladi. Prezidentimizning 2018-yil 7-fevraldagi «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yo‘lovchilar tashish tariflarini pasaytirish bo‘yicha, narxlarni belgilashning yanada moslashuvchan tizimini joriy etish va barcha transport turlariga agentlik orqali chipta sotish siyosati yuritish tadbirlari qo‘llanildi.

Toshkent-Shahrisabz poezdi tarkibi to‘qqiz vagondan iborat: ikkita VIP-klass, shuncha «biznes-klass», to‘rtta «ekonom-klass» hamda vagon-restoran mavjud. Yo‘lovchilarga ishga joylashishdan oldin tanlovdan o‘tgan to‘qqiz nafar styuardlar xizmat ko‘rsatdi. Ingliz, rus va ispan tillarini bilish shart, yaponcha, xitoycha va italyancha so‘zlashish malakasi ham qo‘llab-quvvatlanadi. E’tiborli tomoni, barcha yosh styuardlar chiroyli rasmiy kiyimda, oliy ma’lumotli, aksariyati O‘zbekiston jahon tillari universiteti va Toshkent sharqshunoslik institutlarini tamomlashgan.

Yo‘lda choy, suv va yengil nonushta taklif etiladi. Bundan tashqari, vagon-restoranning pulli xizmatlari ham bor. Tortma stollarga jurnallar va yangi gazetalar qo‘yib qo‘yilgan. Ular orasida o‘zimizning qadrdon «Pravda Vostoka» ham bor ekan. Tan olaman, bundan hayratlandim.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, sayyohlarning 12,5 foizi temir yo‘l transportidan foydalanar ekan. Bu taksilardan (52,9 foiz) keyingi ikkinchi o‘rin degani. Ammo Toshkentdan Samarqand, Qarshi, Buxoro, Shahrisabz, Urganchdan Xivaga tortilgan tarmoqning ishga tushirilishi natijasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» reytingi, so‘zsiz, ko‘tariladi. Hatto, sayyohlar kam bo‘ladigan mavsumda ham poezdlar yuklamasi 96-98 foizni tashkil etishini ta’kidlash joiz.

Yon daftardagi qaydlar

Vagon oynasidan tashqarining ko‘rinishi o‘zgardi, butunlay boshqacha manzara, landshaft. Ilgari had-hududsiz taqir cho‘lning u boshidan-bu boshiga qadar paxta ekilgan maydonlar bo‘lardi. Endilikda bu yerlarda bog‘-rog‘lari va yaylovlari bo‘lgan yashil vohalar paydo bo‘lgan. Jizzax viloyatida qo‘y va qoramol podalari o‘tlab yuribdi, kichik yilqi uyuri irg‘ishlab yuguryapti. Samarqandga yaqinlashgan sari ko‘pgina uylarda qurilgan issiqxonalarning ustlari oqarib ko‘rina boshladi. Uylar ham oldingilarini umuman eslatmaydi, bir zamonlar ular ko‘rimsiz va faqirona bo‘lardi. Bugun ular oqlangan, chiroyli ko‘rinish kasb etgan. Bu nafaqat temir yo‘llarga yaqin joylardagi ko‘rinib turadi, balki sal uzoqroqqa nazar solsangiz, uzum ishkomlari, mevali bog‘lari va omborxonalari ko‘rinib turgan chiroyli uylarga ko‘zingiz tushadi. Yangi va chiroyli kottejlar ham ipga tizilganday birin-ketin vagon oynasidan o‘ta boshlaydi. Bugun qishloq aholisining turmush tarzi, hayotga munosabati o‘zgargan.

Qashqadaryodan o‘tganimizda Sho‘rtanga ish yuzasidan borayotgan belgiyalik biznesmen ayol Syuzan Karnegi qiziqsinib so‘radi: «Nega mahalliy aholining uy-joylarining birortasi to‘siqlar bilan o‘ralmagan va hamma yog‘i ochiq?» Hatto, cho‘l ahlining mehmonga uyi oldida dasturxon tuzashi ham unga qiziq tuyulibdi. Shunchaki, kengliklarga o‘rganishgan. Cho‘pon-cho‘liqlar chegara va cheklov neligini bilishmaydi, qulf osish va eshikni yopib qo‘yish ularga yot. Har holda styuardlar buni shunday izohlab berishdi.

Bu haqda nega batafsil yozyapman? Shunday bo‘ldiki, guruhimiz «Afrosiyob» tezyurar poezdiga chiqish uchun Shahrisabzdan Samarqandgacha avtobusda yetib oldi. Yo‘limiz Chiroqchi tumanidan o‘tdi. Hayratlanarli darajadagi bir-biriga o‘xshamaslik. Yo‘llarning yomon ahvoldaligi sabab qadimiy shaharga yetib olish uchun uch soatcha vaqtimiz ketdi. Yo‘l chetlari shisha idishlar siniqlari, bo‘sh baklajkalar, chiqindilar va polietilen o‘ramlarga to‘la. Hatto, tuman markazida uylar, sartaroshxona, kafe, sovun tuz va nonlar bitta peshtaxtaga qo‘yilgan soxta marketlar pala-partish qurib tashlangan. Hammayoq chang, loy.

Bir zamonlar temir yo‘llar chetlari ham shunday ko‘rinishga ega edi. Shunday holatlar ham bo‘lganki, yosh bolalar sho‘xlik qilib, tosh otib vagonlar oynalarini sindirishgan. Ammo «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tartib o‘rnatdi. Va nihoyat, qo‘shni Shahrisabz tumanidagi hayratlanarli o‘zgarishlar ham bunga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Chiroqchiliklar uchun vaqt to‘xtab qoldimi? Axir, uyga mehmon keladigan bo‘lsa, hovli, uy oldiga, cho‘l sharoitida juda qadrlanadigan, yaxshilab suv sepib, supurib-sidiriladi-ku?! Sayyohatchilar endilikda Shahrisabzga Chiroqchi orqali avtobuslarda ham tez-tez o‘ta boshlaydilar. Turizm iqtisodiyotning lokomotivlaridan biriga, umuman, odamlar turmush farovonligini oshiradigan manbaga aylanib bormoqda.

Festivallar shahri

– «Koba» karvonsaroyida axborot tur ishtirokchilarining to‘planishini eshitib, atay Kitobdan keldim, – deydi 73 yoshli oqsoqol Shahobiddin Nuriddinov biz bilan suhbatda. – Dastur juda qiziqarli: yangi sayyohlik yo‘nalishilari taqdimoti ham bo‘lar ekan. Shahrisabzda har oy festivallar qanday o‘tkazilishi, turizm sohasiga investorlar jalb qilinadimi-yo‘qmi, bilishni istardim. O‘zim mehmon uyi ochmoqchiman. Qanaqa hujjatlar kerak bo‘ladi? Bu haqda Qashqadaryo viloyati turizmni rivojlantirish departamenti rahbari va xususiy mehmonxonalar ochgan oilalardan bilib olaman, deb turibman. Tajribalari bilan o‘rtoqlashishiga umid qilyapman.

Bungacha uzoq yillar davomida mexanizator bo‘lib ishlaganman, endi turizm bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Negaki, bu sohaga Prezidentimiz va hukumat ham katta e’tibor qaratmoqda.

Qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularni sinchiklab o‘rganib chiqdim. Tadbirkorlarga ham imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilmoqda, keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Asosiysi, Kitobda sanoat korxonalarining kamligi, ish yo‘qligidan nolish noto‘g‘riligini o‘n ikki nafar farzandimga o‘z namunam bilan isbotlab bermoqchiman. Endi ularning hammasi ishli bo‘ladi. Bizning shaharda ham tarixiy obida va majmualar ko‘p. O‘lkamiz haqida ko‘rsatadigan va so‘zlab beradigan narsalarimiz bisyor. So‘nggi ikki yil ichida Shahrisabzning ko‘rinishi shunchalik o‘zgarib ketdiki. Bizning Ko‘ksor qishlog‘imiz ham chiroyli bo‘lib ketishiga ishonchim komil. Ana shu ezgu ishga oilamiz bilan ham hissa qo‘shmoqchimiz.

Bugun chindan ham, Shahrisabzni tanib bo‘lmay qoldi. O‘zbekistondagi ko‘plar shaharlardagi kabi bu yerda ham keng va charog‘on ko‘chalar, yangi qurilayotgan kvartallar, turar-joy massivlari, madaniy hordiq binolari, savdo nuqtalari, gullagan parklar paydo bo‘ldi. Bu endi hech kimni hayratga solmaydi, negaki, inson yaxshi va chiroyli narsalarga tez ko‘nikadi.

XIV asr oxiri XV asr boshlarida Amir Temur buyrug‘i bilan qurilgan Oqsaroydan to buyuk lashkarboshining o‘g‘illari va nabiralari dafn etilgan Temuriylar sulolasining «Dorus-Saodat» dahmasiga qadar 90 gektar hududni egallagan sayyohlik markazi shahrisabziklarning g‘ururi hisoblanadi. Bu yerda birinchi qavatida xalq hunarmandchiligi ustaxonalari, kafe va restoranlar joylashgan yettita yangi xostellar, meva-sabzavotlar, go‘sht-sut, qandolatchilik  mahsulotlari sotiladigan 500 dan ziyod savdo nuqtasiga ega «Chorsu» bozori mavjud. Amir Temur va Temuriylar tarixi va maqom muzeylari, Madaniyat saroyi eshiklari hamisha ochiq. Shaharning barcha diqqatga sazovor joylarini borib ko‘rishga bir kun kamlik qildi. Ammo qadamo‘lchagichga tayansak, yigirma kilometrga yaqin masofa bosib o‘tilgan.

Afsona va haqiqat o‘zaro qorishib ketgan. Qadimiy me’morchilik zamonaviy, modern dizaynga ega bino bilan yonma-yon turibdi. Ajoyib sayyohlik klasteri. Endi ushbu markazdan samarali foydalanish lozim. Ammo qanday?

Transport haqida yuqorida aytib o‘tildi. Mehmonxonalar va mehmon uylari infratuzilmaning muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Turoperatorlarni bu ob’ektlar juda qiziqtirib qo‘ydi.

– Samarqanddan Buxoroga yo‘nalish tuzganda odatda sayyohlarga Shahrisabzga borish taklif etilardi, – deydi «Sogda-tur» sayyohlik firmasi vakili Regina Mnatsakanyan. – Ammo bu tunab qolish ko‘zda tutilmagan ikki-uch soatlik tranzit yo‘nalishi edi. Bugungi sharoitlar bilan tanishib chiqqach, Amir Temur vatani salohiyatidan to‘la-to‘kis foydalanishni o‘ylab qo‘ydik. Masalan, Yaponiyadan tashrif buyuradigan sayyohlar bu shaharda uzoqroq qolishni va tarixiy joylarni birma-bir ko‘rishni, o‘rganishni istaydilar. Sayyohlik markazi tashkil etilgach, bunday imkoniyat paydo bo‘ldi.

Axborot tur ishtirokchilari «Kesh Palas» mehmonxonasi jamoasi bilan tanishadi.

– Bu ikki qavatli bino ancha uzoq qurildi, – deydi otel direktori Dildora Qodirova. – Menga, xususiy tadbirkorga nima bo‘lsa hammasini sotib olib, mehmonxona ochishni tavsiya qilishdi. Bank ham imtiyozli shartlarda bir milliard so‘m kredit ajratdi. O‘zbekistonda Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi ham qo‘llab-quvvatladi. O‘n to‘rt foizlik bank kreditining besh foizini Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizidagi ushbu tuzilma to‘lab bermoqda. O‘zbekiston restorator va otelerlar assotsiatsiyasi bilan «Kesh Palas»ning to‘ldirilishi yuqori bo‘lishi borasida kelishuvga erishilgan.

Mehmonxonada turli toifadagi, standart va lyuks (oilaviy)gacha 30 ta shinam nomerlar mavjud. Ularning har birida yo‘ldoshli televidenie, Wi-Fi, mehmonlarga nafaqat o‘zining mazali taomlarini taklif etadigan, balki konferensiya, ish forumlari va seminarlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan 150 o‘rinli restoran ham bor. Yozgi basseyn ular xizmatida. Temir yo‘l vokzalida kutib olish va kuzatib qo‘yish, sayyohlik yo‘nalishlariga chiqish imkonini beradigan o‘z xususiy transport parki ham faoliyat ko‘rsatadi.

Milliy uslubdagi mehmonxona intereri ham g‘oyat qiziqarli. Rassomlik ishlari va bareleflar O‘zbekiston badiiy akademiyasi a’zosi Jamshid Nazarov tomonidan bajarilgan.

– Buyurtmalar juda ko‘p, – deydi u. – Hech qachon talab bo‘lmasa kerak, deb o‘ylagan g‘oyalarimni «Do‘lon» oteli va yoshi 200 dan ham oshib ketgan «Eshonko‘pir» mehmon uyida amalga oshirdim. U yerda o‘tmishdagi milliy koloritni asliday qilib tiklashga muvaffaq bo‘ldim.

Hunarmandlarning butun boshli kvartali ham sayyohlarni o‘ziga jalb qilmasdan qolmaydi. Bu yerda nafaqat antiqa-yu g‘aroyib suvenirlarni xarid qilish, balki qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha mahorat-darsi olish, kulol charxiga o‘tirib loydan biror buyum yasash, temirchi bilan birga ishlash mumkin.

Kashtachilik buyumlari savdo majmuasiga aylangan ustaxonalardan birida firma rahbari Yulduz Mamadiyorova bilan uchrashdim.

– Qo‘lda to‘qilgan gilam va so‘zanalardan tortib, turli-tuman do‘ppi-yu, betakror ayollar sumkachalarigacha bo‘lgan mahsulotlarning bunchalik ko‘pligi qayerdan, deysizmi? – savolimni qayta takrorladi direktor. – To‘qizta qishloqdan yuzdan ziyod eng mohir chevar ayollar bilan shartnomalar imzoladim. Ularga xomashyo – ip-kalava yetkazib beraman, ular esa menga tayyor mahsulotlarini taqdim etadilar. Bundan hech kim zarar ko‘rmaydi. Masalan, qo‘lda to‘qilgan asl gilamning bir kvadrat metri 75 ming so‘m turadi. Bunday gilamni to‘qishga ikki kun vaqt ketadi. Endi uyda o‘tirib ishlagan chevar oyiga qancha pul ishlashini o‘zingiz hisoblab olavering. Kashtachilik o‘quv markazini ochishni niyat qilganman. Shukurki, hududimizda asrlar osha chevarchilik sirlarini saqlab kelayotgan va davom ettirayotgan mohir kashtachilar juda ko‘p.

Turoperatorlarni qiziqtirgan sayyohlarning kechki vaqtlarini qanday o‘tkazishiga oid yana bir masalasi ham hal qilinmoqda. Bunda sayyohlarning Shahrisabzda bir necha kunga qolishiga umid bildirilmoqda. Bu yerda butun mavsum uchun rejalashtirilgan turli bayramlaru festivallarning tashkil etilishini ham qayd etib o‘tish joiz. Bu yerda yana «tirik» Amir Temur va Navoiylar ishtirokidagi «Buyuk odim» teatrlashtirilgan tomoshasi, maqom ijrochilarining uchrashuv-bellashuvlari ham o‘tkaziladi. «Koba» karvonsaroyining o‘zida agroturizm, Hisor va Zarafshon tizma tog‘lari bo‘ylab sayohat yo‘nalishlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, arxeologlar yetib borish ancha qiyin bo‘lgan tog‘ hududida dinozavrning yigirma to‘rtta izini topishgan.

Poytaxtdan yetakchi ustalarni taklif qilib, milliy liboslar, me’moriy dizaynlar festivalini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shahrisabzda nafaqat respublikamizdagi, balki Markaziy Osiyo davlatlarining eng taniqli baxshilari chiqish qiladi. O‘zbekiston aeronavtika federatsiyasi ulkan havo sharida parvozlarni tashkil etadi. Xullas, balandlikdan qo‘rqmaydiganlar uchun ayni muddao. An’anaga ko‘ra, nafaqat Osiyo, balki Yevropa, Lotin Amerikasi, Afrika, ya’ni dunyoning salkam qirqqa yaqin davlatidan tashrif buyurgan polvonlar ishtirokida xalqaro kurash musobaqasi ham o‘tkaziladi. Ilk bor xalqaro ot sporti bayrami, ko‘pkari o‘tkaziladi.

Yana bir gap, agar bunday vaziyat yuzaga kelmaganida, uni o‘ylab topish kerak bo‘lardi. Jurnalistika sohasidagi hamkasbim charm hamyonini yo‘qotib qo‘ydi. Ichida nafaqat pullari, balki pasporti va guvohnomasi ham bor ekan. Uning bir necha daqiqa ichda topilganini ko‘rib, hayratdan qotib qoldik.

– Tuman ichki ishlar bo‘limi qoshida sayyohlar xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi barpo etilgan, – deydi bo‘lim boshlig‘i Bekzod O‘ngboev. – Markazdan turib, butun sayyohlik markazida sodir bo‘layotgan vaziyatni 123 ta videokamera yordamida kuzatib turamiz. Ixtiyorimizda to‘rtta skuter va shuncha spidvey bor. Ariza tushgani hamonoq ishga kirishib, sayyohlarga yordam berishga harakat qilamiz. Yigirma nafar xodimimiz yo‘l-post xizmati vakillari bilan kecha-kunduz navbatchilik qiladi. Charm hamyon esa reportyor sayyohlik ob’yektini suratga olaman, deb shoshib tushib ketgan avtomobildan topildi.

Timur Nizayev. 

«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

Rashid Galiev surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech