05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Yashil sayyora
31 Yanvar  2020 2157

Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar Orolbo‘yi mintaqasiga yordam beradi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda istiqboldagi maqsadlar qatorida ekosferadagi ustuvor vazifalar ham tilga olindi. Orolbo‘yi borasida ilgari amalga oshirilgan chora-tadbirlarning davomi bo‘ladigan qator loyihalar rejalashtirilgan. Bu Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonlar hosil qilishga ham, shuningdek, ekologik ofat hududidagi vaziyatni yaxshilashga ham tegishlidir. Bundan tashqari, «yashil belbog‘» yaratish tashabbusi ham tilga olindi. Ular Nukus, Urganch va Xivani qamrab oladi.

Orol dengizi sobiq noyob, go‘zal va dunyodagi eng yirik yopiq suv havzalaridan biri edi. Deyarli bir avlod umri davomida yo‘q bo‘lib ketish yoqasida kelib qoldi, misli ko‘rilmagan falokat va shu yerda yashovchi aholi hayotiga, ekotizim hamda bioxilma-xillikka tuzatib bo‘lmas zarar yetkazdi. Insonning axloqni va vijdonni yo‘qotishi, xo‘jasizlik — ekologik fojianing bosh sababidir.

Yer yuzidagi ekologik inqirozlar asosini nafaqat milliy taraqqiyot darajasi va yo‘li yoki jamiyat mafkurasi emas, balki eng avvalo, tabiat oldida yetarli darajada mas'uliyatni his etmaslik tashkil etadi. Yovuzlikning ildizi shundaki, atrof-muhit odamlarning umumiy mulki deb e’lon qilindi, ya’ni u mulkning jamoaviy turi hisoblandi. Ammo insoniyat tabiat o‘ch ola boshlagachgina ekologiya haqida eslab qoladi. Orol dengizining o‘limiga nima sabab bo‘ldi, degan savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bor: qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va sanoatlashtirish ekologik inqirozga olib kelgan asosiy ta’sir omillaridir. O‘z o‘zidan ayonki, mazkur rivojlantirish 1930-1980-yillarda amalga oshirilgan, Markaziy Osiyo respublikalari rahbariyati Amudaryo va Sirdaryodan suv olib qo‘yilsa, Orol dengizi qurib qolishini tushungan va bilgan, albatta. Lekin ikki daryodan ulkan miqdordagi suvni olish 1990-yillarga qadar davom etgan, hatto.

Antropogen omillar tabiiy faktorlar bilan birgalikda (iqlimning quruq (arid)ligi — yuqori havo harorati, kuchli bug‘lanish va kam yog‘ingarchiliklarning qo‘shilib kelishi) Orol dengizining o‘limiga olib keldi. Amudaryo va Sirdaryodan dengizga suv qancha kam quyilsa, u shuncha sayozlashib boraverdi, undagi bor suv ham juda tez isib, bug‘lanish osonlashdi, bu esa uning qurishini tezlashtirdi. 

Lekin ushbu muammo borasidagi hozirgi vaziyat qanday? Davlatimiz rahbari prezident sifatidagi faoliyatining dastlabki kunlaridanoq Orolbo‘yidagi murakkab vaziyatga katta e'tibor qaratdi. Mamlakatimiz rahbari 2017-yil fevral oyida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tasdiqladi. Hujjatda global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizining qurishi salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rishning ahamiyati qayd etilgan. Shu maqsadda Prezident 2017-yil 18-yanvarda «2017-2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Unda suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va aholining toza ichimlik suvi bilan ta'minlanish darajasini oshirish, kanalizatsiya, sanitariya va maishiy chiqindilardan foydalanish tizimlarini yaxshilash; mintaqada yashovchi aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish; mintaqa aholi punktlarida transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sug‘orish tarmog‘ini takomillashtirish va zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish nazarda tutiladi.

2018-yilning noyabr oyida BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida «Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashda strategiyalar kompleksi yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka ko‘maklashish» yuqori darajadagi maxsus tadbiri bo‘lib o‘tdi va unda BMT Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi (KTShATF) faoliyati rasman yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz 2018-yil 27-noyabrda Toshkentda BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi va u O‘zbekiston rahbarining Orolbo‘yi mintaqasi uchun KTShATFni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

- Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentdagi uchrashuvda biz keng ko‘lamli masalalar bilan bir qatorda, jumladan, Orol dengizidagi tabiiy ofat oqibatlari bilan kurashish uchun xalqaro donorlar hamjamiyatining sa'y-harakatlari va resurslarini jalb qilishni ham muhokama qildik, - dedi janob Pan Gi Mun.

2018-yilning dekabr oyida Prezident Mo‘ynoqqa tashrif buyurdi va vaziyatni yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu tashrif natijasida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvarda «Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi

Davlatimiz rahbarining Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida Orol dengizining qurib qolgan tubiga himoya o‘rmon o‘simliklarini ekishni tezlashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi. 2018-yilning dekabr oyida 2019-yil oxiriga qadar 1 milliondan ziyod gektar maydonni qamrab olish maqsadidagi ishlar boshladi. 2019 yilning 1 apreliga qadar jami o‘rmon ekish ishlari rejalashtirilgan 500 ming gektar maydondan 451,6 gektariga o‘simliklar ekildi. Bu chora-tadbirlar o‘simliklar bioxilma-xilligini tiklash va chorvachilik uchun bazani rivojlantirish hamda yo‘qolib borayotgan noyob faunani saqlab qolish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini bermoqda. Shuningdek, Tiklanish orolidagi sobiq dala tadqiqotlari biolaboratoriyasi binolarini buzib tashlash va u yerda kelgusida «yashil ko‘kalamzor» barpo etish loyihasi ham tayyorlangan.

Joriy yilning yanvar oyida yashil maydonlarni ekish qayta tiklandi. Tadbirda mamlakatimizning yosh avlodi va Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari ishtirok etdi. Favqulodda vaziyatlar vaziri Tursinxon Xudoybergenov Yoshlar jamoalari bilan uchrashdi, shaxsiy namuna qursatib, mehmonlarni ko‘chat o‘tqazishda ishtirok etishga taklif qildi. Albatta, yoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishmoqda.

Bundan tashqari, 2018-yilning avgust oyida Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg‘armasining ta’sis etuvchi davlatlar rahbarlarining so‘nggi o‘n yil ichidagi ilk sammiti bo‘lib o‘tdi va bu Orol dengizi muammolarini hal etishga yangi turtki berdi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev agar ular hayotga tatbiq etilsa, mintaqadagi ekologik noqulay vaziyatni tubdan yaxshilovchi qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus - Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e'lon qilish. Uning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida nafaqat inqirozga e'tiborni qaratish, balki uni bartaraf etish va mintaqani yanada rivojlantirishning amaliy mexanizmini yaratish muhim ahamiyatga ega. Ko‘pgina omillar, shuningdek, iqtisodiy o‘sish bilan birgalikda ekotizim barqarorligini bog‘lash amaliyotini o‘zgartirish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz 2018-yil 16-oktyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Ikkinchi tashabbus - cho‘l va yem-xashak o‘simliklarining ko‘chatlarini yetishtirishni ilgari surish. Qayd etilishicha, agar bu boradagi ishlar to‘g‘ri muvofiqlashtirilsa, 10-12 yil ichida dengizning butun qurigan tubini o‘rmon o‘simliklari bilan qoplash mumkin. Orol dengizi va Janubiy Orolbo‘yi hududlarida hali ko‘chma qum tepaliklarini to‘xtatish uchun o‘simliklar eksa bo‘ladigan ikki million gektarga yaqin maydon mavjud.

Uchinchi tashabbus - Orolbo‘yi mintaqasida transchegaraviy himoyalangan hududlarni yaratish. Prezidentimiz mintaqaning noyob faunasini saqlab qolish uchun mintaqaga keng yondashuvni topishni taklif etdi. Bugungi kunda sakkizta qo‘riqxona, ikkita milliy tabiat bog‘i, bitta Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, «Jayron» noyob hayvon turlarini ko‘paytirish milliy markazi mavjud va yettita tabiiy yodgorlik O‘zbekistonda huquqiy maqomga ega. «Markaziy Qizilqum» milliy bog‘ini, «Orol dengizi mintaqasi qo‘riqxonalari» tabiat kompleksini va «Quljuqtov» qo‘riqxonasini yaratish rejalashtirilmoqda,

To‘rtinchi tashabbus - suvni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish sohasidagi mintaqaviy hamkorlik darajasini tubdan oshirish. Shu maqsadda davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Mintaqaviy dastur qabul qilishni taklif etdi.

2019-yil 21-avgustda Nukusda Prezidentimiz raisligida uchrashuv o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘istonni yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilab olindi. Birinchidan - sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarishni tashkil etish. Ikkinchidan - tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish. Uchinchidan - qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, hosildorlikni oshirish va mahsulot turlarini kengaytirish. To‘rtinchidan - aholi uchun qulay bo‘lgan ishlab chiqarish va zamonaviy infratuzilmani yaratish. Beshinchidan - Orolbo‘yi mintaqasi aholisining hayot darajasi va sifatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish.

Chuqur o‘ylangan, manzilli va to‘g‘ri moliyalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish orqali Orol inqirozining Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi millionlab odamlar hayotiga, atrof-muhitga halokatli ta’sirini kamaytirish — bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

Vadim Sokolov.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining agentligi rahbari.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech