18 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,8 °C

Energetika
18 Sentyabr  2019 7333

Elektr hisoblagichlari: fuqarolarni nima qiziqtiradi?

Respublikada elektr energiyasi iste’molchilarini EHNAT (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi)ga ulash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Uning joriy etilishi ma’lumotlarni o‘lchash, yig‘ish va ularni qayta ishlash bosqichida inson omilini minimumgacha kamaytirish, shuningdek, energiya ta’minoti va iste’molchi tomonidan elektr energiyasi iste’molini ishonchli, aniq, tezkor hisobga olishni ta’minlash uchun zarur shartdir. Bu haqiqat mutaxassislar va oddiy foydalanuvchilarga ham tushunarli.

Biroq oddiy foydalanuvchilarga yangi elektr hisoblagichlarini o‘rnatish jarayoni borasida savollar paydo bo‘lmoqda. «PV» tahririyati o‘quvchilardan kelib tushgan qator savollarni to‘plab, ularni respublika Energetika vazirligiga yo‘naltirdi.

Portalimizda mahkama mutaxassislarining javoblarini o‘qing.

 

«O‘zbekenergo»ning rasmiy saytidagi shaxsiy kabinetda bir nechta turdagi ko‘rsatkichlar mavjud: hisob-kitob, agentniki, EHNAT hisoblagichi bo‘yicha. Iste’molchi elektr energiyaga haq to‘lashda ularning qay biriga mo‘ljal olishi kerak?»

Nafisa Salimova, Chilonzor tumani.

- Iste’molchini foydalanilgan elektr energiyasi hajmini hisobga olish uchun EHNATga ulashda EHNAT o‘lchash asbobining ko‘rsatkichi qabul qilinadi, unga ko‘ra, to‘lovlar qabul qilingan to‘lovni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 69-bandiga muvofiq, berilgan ko‘rsatkichlar bo‘lmagan taqdirda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi o‘tgan hisob-kitob davrida elektr energiyasi iste’molining sutkalik o‘rtacha amaldagi miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida hisob-kitob qilish huquqiga ega. Iste’molchining shaxsiy kabinetida bu «Sutkalik o‘rtacha iste’mol ko‘rsatkichi»dir. Elektr energiyasiga haq to‘lashda iste’molchi oldindan to‘lash zarurligini hisobga olgan holda, hisob-kitob qurilmasi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishi lozim.

 

«Yangi hisoblagichni o‘rnatishda Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlari bizning bir necha million so‘m qarzimiz mavjudligini aytdi. MIBga to‘lov qog‘ozlari bilan borib, masalaga oydinlik kiritishga to‘g‘ri keldi. Natijada qarzdorlik baribir qoldi, lekin u dastlab aytilganidan ancha past edi. Bu mening aybim bilan bo‘lgan – uch yuz kVt/soat energiyaga vaqtida po‘l to‘lay olmaganim sababli yuzaga kelgan. Nima uchun bunday tartibsizlik yuz bermoqda: shartnoma elektr yetkazib beruvchi bilan tuziladi, biz esa MIB bilan tortishamiz?»

Bekmurod Rahimov, Yashnobod tumani.

- Prezidentimizning 2017-yil 29-maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

 energiya resurslari iste’molini hisobga olish tizimlari va uskunalarini tekshirish;

 elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazish;

jismoniy va yuridik shaxslarga energiya resurslari uchun qarzdorlikni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;

energiya resurslari uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlari aniqlanganda, iste’molchilarni elektr hamda gaz tarmoqlaridan uzish;

energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari bartaraf etilgan hamda to‘lovlar to‘liq amalga oshirilganda, ilgari elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq quyidagilar belgilandi:

- 106-band - Maishiy iste’molchi tomonidan hisob-kitob davrida amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori iste’molchining elektr energiyasini hisobga olish pribori ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi.

- 107-band - Elektr energiyasini hisobga olish asboblaridan ko‘rsatkichlarni yozib olish va to‘lov hujjatini yozib berish Byuroning vakili yoki iste’molchining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi.

Byuro vakili tomonidan yozib berilgan to‘lov hujjati (bildirishnoma) maishiy iste’molchiga imzo qo‘ydirib topshiriladi, u bo‘lmagan taqdirda esa - u bilan birga bir xonadonda (xususiy uyda) yashovchi voyaga yetgan shaxsga topshiriladi yoki bildirishnoma bilan birga buyurtma xat orqali jo‘natiladi.

Energiya resurslari uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan va ko‘rsatmasi bajarilmagan taqdirda Byuro iste’molchini elektr va gaz tarmog‘idan uzib qo‘yadi.

 

«Yangi qurilmani o‘rnatishda qarzlarning kutilmaganda ko‘payib ketishi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lmaydimi? Oldingi o‘lchagichning almashtirilgan kundagi fotosurati yo‘q: negaki, bu paytda uyda hech kim bo‘lmagan. Almashtirish paytida ko‘rsatkichlar menga taqdim etilgan qog‘ozdagidek bo‘lgani qanday isbotlanadi?»

Lyudmila Rudanovskaya, Mirobod tumani.

- Haqiqiy bo‘lmagan qarzni shakllantirish bilan bog‘liq muammolarning oldini olish uchun iloji bo‘lsa, oldindan eski o‘lchagich ko‘rsatkichlari va muhrning mavjudligini suratga olishni tavsiya qilamiz. O‘lchash moslamasi EHNAT almashtirgandan so‘ng, eski qurilmalarni yechib olgan guruh uni iste’molchining o‘zida qoldiradi yoki elektr ta’minoti korxonalariga (ETK) topshiradi. Agar muammolar paydo bo‘lsa, birinchi navbatda, uni hal etish uchun xizmat ko‘rsatuvchi ETK bilan bog‘lanishingiz kerak.

 

«Agar pod’yezdga o‘rnatilgan hisoblagichning egasi ruxsatisiz plombani ochishgan va buzishgan bo‘lishsa-chi? Nima qilish va qaerga murojaat qilish kerak?»

Yuliya Shirinova, Olmazor tumani.

- Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq quyidagilar belgilandi:

- 119-band - Elektr energiyasini hisobga olish iste’molchining aybisiz vaqtinchalik buzilganda yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob Byuroni xabardor qilgan holda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasining qarori bo‘yicha, hisobga olish buzilishiga qadar bo‘lgan oldingi hisob-kitob davridagi yoki hisobga olish tiklangandan keyingi davrdagi o‘rtacha sutkalik sarf bo‘yicha amalga oshiriladi.

Elektr energiyaning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha hisob-kitob qilish davri bir oydan oshmasligi kerak va shu vaqt ichida hisobga olish tiklanishi zarur.

Agar elektr energiyani hisobga olish priborini ob’yektiv sabablarga ko‘ra, ko‘rsatilgan muddatda (o‘lchash transformatorining, hisobga olish priborining yo‘qligi, o‘tib bo‘lmaydigan yo‘llar va shu kabilar tufayli) tiklash imkoniyati bo‘lmasa, iste’molchiga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi va hisobga olishni tiklash muddati iste’molchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining o‘zaro kelishuvi bilan belgilanadi.

- 120 band - Maishiy iste’molchida elektr energiyasini hisobga olish priborini ulash sxemasi o‘zgarganda, priborga zarar yetkazilganda (iste’molchining aybi bilan) yoki plombalari buzilganda, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasiga (bo‘lmasiga) tashqaridan ta’sir ko‘rsatilganda, elektr energiyasini hisobga olish priborlaridan tashqari boshqa elektr qabul qilgichlar ulanganda va amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi ko‘rsatkichlarini kamaytirish maqsadida boshqa qoida buzishlarga yo‘l qo‘yilganda, Byuroning vakili qoida buzilishi haqida belgilangan namunada dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnoma asosida:

elektr energiyasini hisobga olish pribori, o‘lchov transformatorlari ulanishi, hisobga olish asbobining xotira bloki va uni dasturlashdan foydalanish tugmasiga (bo‘lmasiga) tashqaridan ta’sir ko‘rsatilishi va hisobga olishni nazorat qilish priborlaridan tashqari elektr qabul qilgichlar ko‘z bilan ko‘rib aniqlanmaydigan yashirin yo‘l bilan (yashirin elektr simlari, o‘zgartirish moslamalari montaj qilinishi va shu kabilar) ulanish sxemalari o‘zgargan taqdirda — hisobga olishning nazorat asboblari oxirgi almashtirilgan yoki ulanish sxemalari tekshirilgan kundan boshlab, biroq da’vo muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga;

elektr energiyasini hisobga olish priboriga zarar yetkazilganda (iste’molchining aybi bilan) yoki pribor mavjud bo‘lmaganda, plombalar buzilgan va amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi ko‘rsatkichlarini kamaytirish maqsadida aylanib chiqishda ko‘z bilan ko‘rib aniqlanadigan boshqa qoida buzishlarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda (shu jumladan, elektr energiyasini hisobga olish priboridan boshqa elektr qabul qilishlar ulanganda) — oxirgi marta aylanib chiqilgan kundan boshlab, biroq da’vo muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori qiymati hisob-kitob qilinadi.

Agar hisobga olish pribori plombasi ochilgani yoki buzilgani aniqlansa, Byuro yoki xizmat ko‘rsatuvchi ETKga murojaat qilish zarur.

 

«Uyimiz 1963-yilda qurilgan. Elektr o‘lchagichni o‘rnatish joyi dastlab kvartirada joylashgan. Uni, hatto, maxsus shtich bo‘lmasa ham pod’yezdga ko‘chirish kerakmi?»

Zakiya Zufarova, Chilonzor tumani.

- ENHAT joriy etish doirasida o‘rnatilayotgan energiya resurslarini hisobga olish priborlari:

yuridik shaxslarga va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga hamda yakka tartibda qurilgan uy-joylarga o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun tarmoqlarning mansublik chegarasida;

ko‘p xonadonli uy-joylarda va namunali loyihalar bo‘yicha qurilgan alohida uy-joylarda ularning elektr va gaz ta’minoti loyihalarida belgilangan maxsus joylarga o‘rnatiladi.

Agar elektr o‘lchagichni o‘rnatish joyi dastlab kvartirada joylashgan bo‘lsa, unda yangi elektr energiyasini hisobga olish pribori kvartira tashqarisiga ko‘chirilmaydi.

 

«Ilgari to‘lovni oldindan amalga oshirganda, masalan, ming kVt/soat uchun, keyingi hisob-kitob elektr energiyasini sotib olish vaqtidagi narx asosida amalga oshirilardi, chunki aslida uni oldindan to‘lovni amalga oshirib, yetkazib beruvchidan sotib olardik. EHNAT tizimini joriy etishda bu qanday bo‘ladi? Agar narxlar o‘zgarsa, qayta hisob-kitob amalga oshiriladimi va qanday usulda?»

Abdualim Po‘latov, Yashnobod tumani.

- Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 116-bandiga muvofiq, maishiy iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra, ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin va bunda tarif o‘zgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi. EHNAT joriy etilganda, 116-band o‘z kuchida qoladi.

 

«Bir necha yillardan beri kvartirada elektr hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, energiya yetkazib beruvchi korxona mutaxassislari tomonidan umumiy tizimga ulangan, agar elektr energiyasi to‘lovida qarz paydo bo‘lsa, masofaviy regulyator tomonidan o‘chirib qo‘yiladi. Yangi elektr energiyasini hisobga olish priborini o‘rnatish zarurmi yoki eskisini qoldirsa ham bo‘ladimi?»

Nargiz Navro‘zova, Chilonzor tumani.

«O‘tgan yili Sergeli tumanidan elektr hisoblagich o‘rnatilgan yangi qurilgan uylardan birini sotib oldik. Uni ham almashtirish kerakmi? Negaki, sotib olganimizga hali bir yil ham to‘lgani yo‘q va qurilma deyarli yap-yangi?»

Temur Mansurov, Sergeli tumani.

- Agar 2018-yil 29-dekabr kuni «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan EHNAT uchun hisobga olish uskunalarining asosiy texnik talablariga javob bersa, almashtirilmaydi. Aks holda, hisobga olish qurilmasi almashtirilishi kerak.

 

«Yangi energiyani hisobga olish priborlari o‘rnatilsa, eskisini nima qilish kerak? Axir, uning uchun ham vaqtida qanchadir miqdordagi pul to‘langan. Bunday qurilmalarni maqsadli sotib olish nazarda tutilganmi?»

Natalya Hasanova, Uchtepa tumani.

- Yo‘q, nazarda tutilmagan. Shuningdek, ta’kidlashni istardikki, yangi energiyani hisobga olish priborlari bepul o‘rnatiladi.

 

«Priborni yangisiga almashtirdik, u esa eskisidan ham ko‘proq energiya iste’mol qilinayotganini ko‘rsata boshladi. Energetika vazirligi vakillarining eski hisoblagichlarning aniq ko‘rsata olmasligi haqidagi tushuntirishlarini o‘qidik, ammo javob bizni qoniqtirmadi. Ko‘p yillar davomida hammasi joyida edi va to‘satdan yangi priborning aniqroq ko‘rsatishi ma’lum bo‘lib qoldi va nima uchundir ko‘paytirib ko‘rsatgan holda. Nega to‘satdan bunday muammo paydo bo‘lgani borasida mutaxassisning fikrini bilmoqchi edik?»

Viktoriya Zaritovskaya, Mirobod tumani.

- Yangi hisoblagichlar elektr energiyasi iste’molini bir necha marta oshirib ko‘rsatishi haqidagi tasdiqlarga taalluqli noroziliklar borasida quyidagilarni ta’kidlaymiz.

Eski, ayniqsa, mexanik, induksion o‘lchash asboblarining sezuvchanlik chegarasi boshdanoq zamonaviylariga qaraganda yuqori bo‘lgan. Va yana 30 yoki undan ko‘p yillar davomida ishlagani hisobga olinsa, ular elektr energiyasini juda kam hisoblaydi. Yangi qurilma esa o‘zi orqali o‘tadigan barcha elektr energiyasi hajmini to‘la qayd etadi. Oldingi avlod o‘lchash asboblari buni qayd etmagan.

Hisoblagichlarni yaratishda ruxsatsiz elektr energiyasini iste’mol qilishni aniqlashning aqlli tizimi qo‘llanilgan. Agar iste’molchi oldindan hisobga olinmagan ulanishlarga ega bo‘lsa, yangi hisobga olish pribori buni qayd etadi. Buning ikki yo‘li bor. Priborni ruxsatsiz ulanishlar  aniqlanganda o‘chib qolishga dasturlashtirish yoki muammoni qayd etish va ishlashda davom etish. Biz ikkinchi variantni tanladik.

 

«Elektr energiyasini hisobga olish qurilmasi pod’yezdga o‘rnatilgan, ya’ni istalgan paytda kelib almashtirib ketish mumkin. Shu bilan birga, Energetika vazirligi Telegram-kanalida qurilmani almashtirish chog‘ida oilaning biror yoshi katta a’zosi ishtirok etishi so‘raladi. Kattalar har kuni ishda, uyda faqat kechqurun va dam olish kunlari bo‘lishadi. Ertaga elektrni hisobga olish priborini almashtirishga ustalar boradi, iltimos, uyda bo‘ling, qabilidagi qandaydir ogohlantiradigan tizim yo‘lga qo‘yiladimi? Axir, odamlar uyda o‘tirib, ustalarni haftalab kuta olmaydi-ku?!»

Vladimir Semyonov, Chilonzor tumani.

- EHNATni joriy etish doirasida yetkazib beruvchi energiya resurslarini hisobga olish priborlarini o‘rnatish ishlarining boshlanishidan kamida o‘n kun oldin bu haqda maishiy iste’molchilarni fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali xabardor qiladi.

Toshkentda EHNATni joriy etish doirasida energiya resurslarini hisobga olish priborlarini o‘rnatish ishlari boshlangunga qadar iste’molchilarning har birini individual tarzda SMS-xabarnoma yuborish orqali ogohlantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

 

«Joriy yilda butun poytaxtning EHNAT yagona tizimiga ulanishini matbuotdan o‘qib bildik. Biz Toshkent bilan chegarada yashaymiz, shu bois ham ushbu mavzuga oid barcha yangiliklarni bilishga harakat qilamiz. Chunki tez orada biz ana shu tizimga ulanamiz. Bilishni istardik: bu qachon Toshkent viloyatiga yetib keladi va unga qanday tayyorlanish kerak?»

Nurpo‘lat Akramxo‘jayev, Toshkent viloyati Zangiota tumani.

  • Prezidentimizning 2019-yil 9-iyuldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, respublikada 2020 yilning oxirigacha umumiy abonentlar sonining 100 foizini EHNAT bilan qamrab olishni ta’minlash belgilangan. Uni joriy etish bo‘yicha ishlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.

Aleksandr Zotov tayyorladi.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech