18 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Salomatlik
11 Iyul  2019 3500

Qalbaki dori-darmonlar aholi hayoti va sog‘lig‘iga tahdiddir

Bugun qalbaki dori-darmonlar muammosi global tavsifga ega. Boshqa jinoyatlar qatorida preparatlarni qalbakilashtirish ham qo‘pol huquqbuzarlikdir va ulardan foydalanadigan insonlar salomatligi uchun katta xavf tug‘iladi. Bunday dorilar tanaga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazadi, hatto, o‘limga olib kelishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, har yili sayyoramizda yuz mingdan bir milliongacha o‘lish holatlari qayd etiladi. Ushbu muammoni muhokama qilish uchun Toshkentda qalbakilashtirilgan va kontrafakt dori vositalari muomalasiga qarshi kurashga bag‘ishlangan birinchi xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Qalbaki dorilarning har bir qadog‘i – fuqarolar hayoti uchun tahdiddir. 2018-yilda Farmatsevtika xavfsizligi instituti tomonidan dunyoda qalbakilashtirilgan tibbiyot mahsulotlari bilan bog‘liq 4405 ta hodisa qayd etilgan. Ulardan 665 tasi MDH davlatlariga to‘g‘ri keldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qalbaki dori vositalari tayyorlashning «sifati» ham oshib bormoqda, bu uni xarid qiladigan iste'molchi uchun alohida xavf tug‘diradi.

Kontrafakt va qalbaki dori-darmonlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘n yillik faoliyati davomida «Sanofi» farmatsevtika kompaniyasi markaziy laboratoriyasida 39 mingga yaqin shubhali dori vositalari tekshirildi. Fransuz kompaniyasi dori-darmonlarni, jumladan, O‘zbekiston hududilarida ham, qalbakilashtirishga qarshi faol kurash choralarini ko‘rmoqda.

– Har yili sog‘liqni saqlashda yangi muammolariga duch kelamiz. Innovatsion terapevtik yechimlar paydo bo‘lishi bilan qalbaki dorilar bozori ham o‘sa boshladi, – deydi «Sanofi» kompaniyasi departamenti rahbari Edmond d’Arvyo. – JSST ma'lumotiga ko‘ra, ularning rivojlanayotgan bozorlardagi ulushi, O‘zbekiston ham bunga kiradi, dunyo bo‘yicha qalbakilashtirilgan dori vositalari global aylanmasi 10 foizdan 30 foizgacha bo‘lishi mumkin. Soha mutaxassislari ushbu vaziyatdan juda xavotirda. Bunda ko‘plab bemorlar qalbaki dori-darmonlardan kelib chiqadigan xavf ostida qoladi.

– Soxtalashtirilgan dori-darmonlarning noqonuniy aylanishini bartaraf etish vazifasi umummilliy miqyosdagi ustuvor vazifadir, uni davlat organlari, xalqaro tuzilmalar va xususiy kompaniyalarning sa'y-harakatlarini birlashtirish orqali samarali amalga oshirish mumkin, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev. – Maqsadimiz aholi hamda vakolatli organlar vakillarining qalbaki va kontrafakt dori vositalari bilan bog‘liq xatarlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, bemorlarning salomatligi va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishdan iborat. Afsuski, bugun butun dunyo odamlari orasida keng tarqalgan o‘zini tashxislash va o‘zini davolash madaniyati, qalbaki tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va tarqatish muammosiga turtki ham beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘plab onlayn dorixonalar faoliyati ham noqonuniy hisoblanadi, bu ham odamlar uchun xavf tug‘dirishi aniq.

Dori vositalari va tibbiyot buyumlari muomalasini tartibga solish sohasida mavjud mustahkam qonunchilik bazasiga qaramasdan, muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Bugun O‘zbekistonda qariyb to‘qqiz mingga yaqin dori-darmon ro‘yxatga olingan, respublikada dorixonalar soni esa 13 mingdan ko‘p. Bundan tashqari, dori-darmonlarning aksariyati xorijdan import qilinadi. Shuningdek, S.Qoriyev ta’kidlaganidek, mahalliy farmatsevtika sohasi davlat tomonidan qattiq nazoratga olingan va bunday sharoitda qalbakilashtirishning iloji yo‘q.

Shuni ham hisobga olish kerakki, dori-darmon vositalari – qonuniy mahsulotdir, iste'molchilar uchun ularning reklamasini tarqatish qonun bilan cheklanadi, chunki ularni qo‘llashda noprofessional yondashuv xavfi mavjud. Tibbiy ilm-fan va amaliyotning barcha talablariga to‘liq rioya qilinsa-da, ba’zida oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan asoratlar ham yuzaga chiqadi. Bu odatda inson tanasining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq. Odatda qalbaki dorilar xavf me’yordan ko‘proq dozadagi faol moddalarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday preparatni qabul qilgan bemor ushbu komponentning ortiqcha miqdoriga ro‘baru keladi va bu uning holatiga xavf tug‘diradi. Bundan tashqari, qalbaki dori tarkibida faol moddalar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, lekin sog‘ligiga putur yetadi.

Konferensiya yakunida qalbakilashtirilgan va kontrafakt dori-darmonlarga qarshi kurashni tashkil etish bo‘yicha kelgusi qadamlar belgilab olingan rezolyusiya qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalari orqali qalbaki dori vositalarining xavf-xatarlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida axborot kampaniyasini o‘tkazish rejalashtirildi. Ishtirokchilar qalbakilashtirilgan holatlar borasida ochiq va muntazam ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish niyatida. Shuningdek, xalqaro ishlab chiqaruvchilarning ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida shubhali namunalarni tahlil qilishda texnik yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, kontrafakt preparatlarga qarshi kurashda davlat va xususiy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Yevgeniya Yun.

«Pravda Vostoka».

Muzaffar Abdullayev olgan surat.

 

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 11-iyuldagi 139-sonida «Фальшивые лекарства - угроза для жизни и здоровья населения» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech