16 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,9 °C

Madaniyat
23 May  2019 5962

Ular nomi cho‘llarda jaranglar mudom

Teatr gumbazlari ostida qadimgi «Qirq qiz» cho‘l dostoni bizdan olis zamonlardagi voqyealardan xuddi o‘zi kabi ko‘hna qadimiy musiqa asboblari jo‘rligida so‘zlaganda va unga hamohang videolavhalar, kengliklarni talab etadigan an'anaviy folklor san'ati va akademik sahnaning qat'iy qoidalari o‘rtasidagi chegarani darrov his eta olmadik. Biroq ko‘p o‘tmay, qahramonlik tarixining yangicha talqini sabab bu tuyg‘u yo‘qoldi.

Postanovka - san'at sohasidagi yangi to‘lqinga bir misol, uni targ‘ib qilish uchun Toshkentda Zamonaviy san'at markazini ochishga qaror qildilar. Prezidentimizning 2017-yil 16-oktyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining tashabbuslaridan biri ham ijod ahli va keng jamoatchilik uchun yoqimli kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Zamonaviy san’at markazi (ZSM)ning birinchi loyihasi muallif, rejissyor va videorassom Saodat Ismoilovaning «Qirq qiz» spektakli namoyishi va «Qo‘rg‘on chiroq» ko‘rgazmasini tashkil etish bo‘ldi. Uning ukasi taniqli rassom Bobur Ismoilov ham bizga yaxshi tanish, muallifni esa ko‘proq xorijda yaxshi tanishadi. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti bitiruvchisi Italiyada o‘qishni davom ettirdi, so‘nggi o‘n yil ichida Toshkent va Parij o‘rtasida yashamoqda. Asarlari 55-Venetsiya zamonaviy san’at biennalesi va 64-Berlin xalqaro kinofestivalida, Germaniya, Fransiya, Norvegiya va AQShning yirik madaniyat muassasalarida namoyish etilgan.

Hozirgi ekspozitsiya markazning bir necha xonasinigina egalladi. Katta asosiy zal nim qorong‘isida uchta videolavha namoyish etilmoqda, kichik xonalardan birida - yarim asr oldin yo‘q bo‘lib ketgan turon zamin yo‘lbarsi haqidagi «Sehrlangan» nomli videoxayrlashuv. Yerto‘la-labirint «O‘lmas maktublar» loyihasiga ajratilgan: XI asrdan beri o‘lik deb hisoblangan so‘g‘d tili harflari shaklidagi yorug‘lik naychalari mavjud va unda asrlar muqaddam noma'lum bir qizning qarindoshlaridan yordam so‘rab bitgan maktubini o‘qish mumkin. Barchasi vizual qatorlar, tovushlar, musiqalar va matnlarning nostandart kombinatsiyasi bilan uyg‘unlashib ketgan. Uning mazmunini tushunish yoki qurilishini mantiqiy baholash oddiy odamga oson emas, lekin bunda hissiy aks-sado muhimroq.

Poytaxtning Katta teatridagi «Qirq qiz» premerasi yaqinda bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivalini eslatib yubordi. Folklorga murojaat qilish holatining ikki manbasi. Va qanday natijalar! Bir yarim soatdan kamroq vaqt ichida mualliflaru ijrochilar nomlari cho‘lda abadiy jaranglaydiganlar haqidagi ko‘p qatlamli afsonaning barcha go‘zalligi va chuqur mazmun-mohiyatini yetkazishga muvaffaq bo‘lishdi. Qadim zamonlarda xalq baxshilarining oddiy, ammo aniq iboralar, taqqoslashlar, tavsiflarni topishgani ajablanarli! Ular hozir ham yangiday tuyuladi. Va boshidagi o‘y-reja bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qirq qiz qal'asi fonida ko‘rsatilganda postanovkaning qanchalik mazmunli chiqqan bo‘lishini taxmin qilish mumkin, xolos.

Loyihalar qanday paydo bo‘lgan va muallif ular ustidan qanday ishlagan? Bu haqida Saodat ISMOILOVAning o‘zi bilan suhbatlashdik.

- Sizni «Qirq qiz»ni qo‘yishga nima ilhomlantirdi?

- O‘z ona yerini bosqinchi dushmanlardan himoya qilgan yosh, jasur jangchi-qiz Guloyim va uning dugonalari haqidagi qoraqalpoq dostoni bundan taxminan ikki ming yil muqaddam yozilgan. Biroq postanovka Markaziy Osiyo folklorida 40 nafar qiz ishtirokidagi keng g‘oyani o‘zida aks ettiradi. Mintaqadagi deyarli barcha mamlakatlarda ular haqida afsonalar mavjud.

Ilk to‘liq metrajli «Chilla» badiiy filmim ustida ish olib borarkanman, deyarli hamma joyda, kundalik hayotda, ma'naviy marosimlarda, mintaqaning moddiy madaniyatida uchraydigan va muqaddas hisoblanadigan qirq soniga qiziqib qoldim. U bilan bog‘liq afsonalar, muqaddas joylar, me'moriy obidalar yuzaga qalqib chiqa boshladi. Eng hayratlanarlisi, odamlardan «Qirq qiz» haqida so‘raganing hamonoq ularning ko‘zlarida tushuntirib bo‘lmas ifoda aks etardi. Bunday paytlarda avlodlar orqali uzatilgan jamoaviy xotiraning qanday namoyon bo‘lishiga guvoh bo‘lardim va bu meni o‘ziga butunlay sehrladi. Bir kuni nodir kitoblar do‘konlaridan birida ushbu dostonning Arseniy Tarkovskiy tomonidan rus tiliga qilingan tarjimasi qo‘limga tushib qoldi, u ana shu ishi uchun Qoraqalpoq davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Yana uning buyuk rejissyorning otasi ekani katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi Qirq qiz qal'alari arxitekturasi ham katta taassurot qoldirdi.

Biroq doston va afsonaning o‘zi haqidagi tasavvurlarni ajratish kerak edi. Men uchun birinchisi - qadimiy daraxt tanasida o‘sgan shoxlardan biri - badiiy shakl, ikkinchi shoxi - jamoaviy xotira. Xullas, spektakl o‘z kuchini asosiy tana - afsonadan oladi va bunda shox - dostonga yengil tayanadi. Men ma'lum bir davr va tarixiy personajlar, oilaviy munosabatlar va ijtimoiy-maishiy uslublar haqida chiziqli syujetga ega dostonni qo‘yishga da'vo qilmayman. Loyiha ko‘proq afsonaning talqinidir. Men uni yotishdan oldin nabiram qulog‘iga pichirlab qo‘yganim kabi yetkazishga harakat qildim.

Agar ilgari videolavhalar yaratgan bo‘lsam, bunda uning nima ekanini tushuntirish qiyin: har tomonlama yoritilgan va multimedia spektaklimi, konsertmi yoki...? O‘zim uchun ham bu mutlaqo yangicha shakl, chunki teatrda ish jonli bo‘ladi, asar har safar yangi shaklda yashay boshlaydi. Bu his-tuyg‘ularni boshdan kechirish esa ajoyib.

- Postanovkani tayyorlashda kimlar ishtirok etdi?

- Tomoshabin ko‘rgan narsalar ulkan muz tog‘ining uchi, xolos. Premeradan oldin uch yil davomida butun mintaqa bo‘ylab qizlarni qidirib, qadimgi madaniyatning yetti nafar iste’dodli davomchisi tanlandi, ular bilan ishlash - ulkan baxt. Bir yarim yil davomida ularni o‘qitdik. Biz nafaqat tarix va musiqa haqida suhbatlashardik, balki sahnada qanday harakat qilishni, o‘tgan asrga qadar bunday zallarda chalinmagan xalq cholg‘ularining o‘zaro birgalikdagi uyg‘unligini ham muhokama qilardik. Ulug‘bek Sodiqov bilan librettoni tayyorlayotganimizda asarni yaxlit holga keltiradigan kompozitorga ehtiyoj yuzaga qalqib chiqdi. So‘ng yigirmadan ziyod film va spektakllar musiqalari muallifi, xalqaro mukofotlar laureati Dmitriy Yanov-Yanovskiyga (u bilan doim hamkorlik qilishni istardim) murojaat qildik. Ehtiyotkorlik, diqqat va katta hurmat bilan an’anaviy materiallar bilan ishlashni birga o‘rganganmiz. Ohanglar, ranglar va uyg‘unliklarda yevropacha ishlanmalar yo‘q – bari asliga to‘g‘ri. Ular ekzotik tarzda qabul qilinmasligi kerak, har bir nota oddiygina jaranglamasligi lozim. Shu bois, masalan, bunda maqom yo‘q - uni hyech narsa bilan aralashtirib bo‘lmaydi, uning o‘zi alohida bir olam.

Kompozitsion yechim topilgach, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida Qoraqalpog‘iston cho‘llarida tasvirga olish ishlarini boshladik, yana yozning qoq o‘rtasida! Guloyim roliga O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabasi Aysanem Yusupova taklif etildi. Turmush o‘rtog‘im Karlos Kazas videolavhalarni suratga oldi, Hilola Sher liboslar yaratdi, dekoratsiya uchun -qozog‘istonlik Kamilla Kurmanbekova taklif etildi, fransiyalik rassom Severin Reim chiroqlar uchun mas'ul bo‘ldi. Juda yaxshi, do‘stona jamoa to‘plandi.

Ijro paytida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq va qirg‘iz tillari bir-birini almashtiradi, ijro usuliyam turlicha - Farg‘ona ayollar vokal maktabidan tortib tomoq qirib ijro etishgacha uslublar o‘rin olgan. Xuddi shu narsa sozlar uchun ham amal qiladi. Ular orasida inson ovoziga o‘xshab jaranglaydigan qoraqalpoq dutori, g‘ijjak, do‘mbira, jetigen, chopo choor va boshqalar bor.

- O‘tgan yili spektakl AQSh va Fransiyada namoyish etildi. Qanday qabul qilindi?

- Uning premerasi Bruklin musiqa akademiyasining afsonaviy Xarvi teatrida bo‘lib o‘tdi, unda yerda bir paytlar Piter Bruk «Mahobharot» hind eposiga moslashuvni taqdim etgan. Amerikada universitetlarda Markaziy Osiyo madaniyati va musiqasi haqida mahorat-darslari va savol-javob sessiyalari bilan yettita taqdimot tashkil etildi. Parijdagi Branli sohili muzeyidagi Levi-Strossa teatrida to‘rt kun tomoshalar berildi. Namoyishlar muvaffaqiyatli o‘tdi, zallarda bo‘sh joy yo‘q edi, ba'zi tomoshabinlar bir necha marta tashrif buyurishdi. Spektakl tomoshabinga moslashtirilmagan, bunday savol hatto, qo‘yilgani ham yo‘q.

Biroq afsonaning vatanida uni va unga qo‘yilgan musiqani qanday qabul qilisharkan, degan savol paydo bo‘ldi. Axir, bizda bunday ishlarni qabul qilishning o‘z mustahkam o‘rnashgan tamoyillari bor. Bu yerda hikoya butunlay boshqacha tarzda taqdim etiladi. Premeradan oldin biror aniq taxmin yo‘q edi. Asosiysi, an'anaviy san'atimizni zamonaviy formatda baham ko‘rish, merosimizda sevish va hayratga soladigan narsalar ko‘pligini ko‘rsatish.

- «Qo‘rg‘on chiroq» ko‘rgazmasi g‘oyasi haqida gapirsangiz...

- Bu qadimiy ajdodlar sirlari bilan bog‘liq. «Chiroq» bu qadimiy marosim nomi ham. Bu ota-bobolar bilan aloqani ifodalovchi sham va chiroqlarni yoqish bilan bog‘liq. Va ana shu yorug‘lik obrazi aloqa sifatida menga ham juda yaqin.

Ekspozitsiya so‘nggi besh yil davomida vertikallik g‘oyasi, havoda muallaq parvoz qilish, vaqt va o‘ziga xos shakllarni o‘z ichiga olgan tanlangan videolavhalarni o‘z ichiga olgan. Asarlar orasida - Venetsiya biennalesida namoyish etilgan «Zuhra», mashhur baxshi-shoir Qo‘rqit ota vatani – Boyqo‘ng‘irda olingan «Ikki ufq», suv bilan tillashish marosimi haqida «Oksning shiviri» bor.

- Ko‘rgazma yangi Zamonaviy san’at markazida birinchi marta tashkil etildi. Uning Toshkentda tashkil etishiga qanday baho berasiz?

- Zamonaviy san’atga birgina ta’rif kamlik qiladi, u boshqacha va tushunish uchun harakat qilishni talab etadi, lekin u har qanday davlatda bo‘lishi kerak. Uni tushunish jarayoni vaqt talab etadi, buning uchun tomoshabinni bunga tayyorlash lozim bo‘ladi.

Respublika mehmonlarida ko‘pincha «O‘zbekistonda shunday muassasa bormi?», degan savol tug‘ilardi. Va endi u bor. Muhim voqea va unga dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan odamlar e’tiborini jalb etish kerak. Ayniqsa, Markaziy Osiyo – hali noma’lum hudud va bir paytlar o‘zida turli etnik guruhlar, dinlar va madaniyatlarni birlashtirib, yuksak rivojlangan sivilizatsiyalarni paydo qilgan hamda rivojlantirgan to‘ldirilgan tubi yo‘q ochilmagan sandiq kabidir. Ana shu fazo mening ko‘zlagan yuqori cho‘qqim, kuchim va individualligimdir. Bu zamin shunchalik saxovatliki, bizni hali oldinda ko‘plab ijodiy ishlar kutmoqda. Ishonch bilan ayta olamanki, chet elda O‘zbekiston va butun mintaqaning badiiy loyihalarga qiziqish juda katta.

- Hozirgi yoshlarning madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish kerakmi va qanday qilib?

- Bu muhim vazifa, chunki san'at - mamlakatning ma’naviy ifodasi va uning xalqaro maydondagi tashrif qog‘ozi, vaqtni to‘xtatib qo‘yish va o‘zidan keyin arzirli ish qoldirishning uncha ko‘p bo‘lmagan usullaridan biridir. U odamlarda bag‘rikenglikni va o‘zaro bir-birini tushunishni tarbiyalaydi.

Bunda qurilgan strategiya muhim ahamiyatga ega. Iloji boricha ko‘proq ko‘rgazmalar, konsertlar, shuningdek, retrospektivalar, kinofestivallar, biennale, konferensiyalar, ma’ruzalar, uchrashuvlar, tahliliy muhokamalar o‘tkazish lozim. Sohaning yosh mutaxassislariga talab va loyihalarni amalga oshirish uchun kichik grantlar kerak.

- Ijodda ilk qadamlarini qo‘yyayotganlarga qanday maslahat berasiz?

- Ichki ovozni tinglang, umumiy oqim yoki fikrga tayanmasdan mavzularni shaxsan tadqiq eting, iloji boricha ko‘proq ma’lumot yig‘ishga harakat qiling. Va to‘xtamang yoki taslim bo‘lmang, kutmang, mayli, muvaffaqiyatsiz ish bo‘lsayam u ham biron nimaga o‘rgatadi. Shunday qilib, fikrlash tiniqlashadi. Tanqidni qabul qiling, chunki asosli tanbehlar tomoshabinlardan olinadigan eng qimmatli narsadir.

Daromadni deb loyihalarni qabul qilmang, aks holda u kasbga aylanadi va barcha ishni qattiq berilib va katta ishtiyoq bilan amalga oshiring. Iloji bo‘lsa - sayohat qiling, qulaylik hududidan chiqishga urining. O‘zbekiston - ulkan, rang-barang va ajoyib mamlakat.

«Bundan o‘n yillar muqaddam O‘zbekistonga ilk kelganimdayoq ushbu betakror yurtning qanchalik noyob ekanini darrov angladim. Mamlakat ildizlari chuqur o‘tmishga borib taqaladi. Saodat Ismoilova ana shu dunyoning ajoyib madaniy elchisiga aylandi. Rassom nafaqat milliy o‘zligini saqlab qola oldi, balki bu borada mintaqaning rivojlanishiga ham ko‘mak bermoqda. U bilan qanday uchrashganimni eslayman. Uyidagi xonalardan biri o‘tovga o‘xshatib bezatilgan ekan. Bu menga juda kuchli ta'sir qildi. Men tarixni, musiqani, yozishni va madaniy xotiraning boshqa shakllarini chuqur his qiladigan, tinimsiz yangi tarixlar va g‘oyalarni izlovchi o‘ziga xos rassomni ko‘rganman o‘shanda. O‘zi tug‘ilib-o‘sgan ajoyib mintaqa haqida g‘aroyib hikoyalarni aytib berishda san'atning o‘zgaruvchan kuchidan foydalanadi».

Andrea Lissoni,

«Teyt Modern» (Buyuk Britaniya) galereyasi katta kuratori.

Ramil Islomov.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech