21 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Madaniyat
28 May  2019 5244

Lyudmila XVAN: «...Vatanimiz shuhratiga shuhrat qo‘shgan, qo‘shayotganlarga hurmat ko‘rsatishni o‘rganishimiz kerak»

Zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotining ijobiy tendensiyalari yangi ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, talim, fan va madaniyat muammolariga etibor qaratish bilan bog‘liq tizimli o‘zgarishlar bilan tavsiflanadi. Madaniyat esa umumdavlat maqsadlariga erishishda alohida o‘rin tutadi, chunki u manaviy va moddiy hayotning asosiy qadriyatlari, xalqlar, mamlakatlar yaqinlashuvi va umuman, taraqqiyotning insoniy mavjudligi uchun asos bo‘lgan milliy o‘zlikni anglash bilan bog‘liq.

Temur Kaysarov olgan surat

Shu bois madaniyat Prezidentimizning doimiy diqqat markazida, uni rivojlantirish zarurati Harakatlar strategiyasida mustahkamlangan, aholi o‘rtasida targ‘iboti esa respublikamiz rahbarining beshta muhim tashabbusi qatorida e'lon qilingan. Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish alohida band bilan keltiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan maktubida: «Biz milliy tiklanishdan – milliy yuksalishga erishishni o‘z oldimizga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qo‘ydik», dedi va bu jarayonda adabiyotning ahamiyati katta ekanini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «...g‘oyat murakkab muammolarni hal etish yo‘lida barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik g‘oyalar ruhida tarbiyalashda badiiy so‘z san’atining o‘rni va mas’uliyatini har qachongidan ham yuksaltirish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda».

So‘nggi ikki-uch yil ichida O‘zbekistonning madaniy hayotida yuksalish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvda faollashish va shu tariqa barcha sohalarda boyish kuzatilmoqda. Toshkentda o‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi, o‘tkazilgan xalqaro festival va tanlovlar, o‘tgan yilning Qozog‘istonda O‘zbekiston va bu yilning O‘zbekistonda Qozog‘iston yili, deb e'lon qilinishi buning tasdig‘idir.

Shu bilan birga, ijobiy trendlarga qaramasdan, ma'naviy-axloqiy sohadagi o‘zgarishlar hali olg‘a qarab rivojlanishda kutilayotgan jadallikni yuzaga keltirmagan. Bir tomondan biz, mamlakatning rivojlanish talablari sifatida qaraladigan, odamlarning xulq-atvorini shakllantiradigan bajarilishi shart mavjudlik kabi an'anaviy qadriyatlarga egamiz. Boshqa tomondan – og‘riqli nuqtalar, oilalarning parchalanishi jarayonlari, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning murakkabligi, mas'uliyatsizlik, ikkiyuzlamachilik, laganbardorlik, davlat boyliklarini talon-toroj qilish, xudbinlik va manfaatparastlik kabi shaxsiy va jamoat tartibi kasalliklari sabablarining saqlanib qolgani. Axir, Prezidentimizning mart oyida Buxoro viloyatida jamoatchilik bilan uchrashuvda chapak chalib, balandparvoz gaplarni aytishdan to‘xtashga chaqirgani ham tasodifan emas.

Axloqiy qashshoqlashuv ko‘p jihatdan san'atni tijoratlashtirish, ommaviy madaniyatning salbiy ko‘rinishlari, ma'naviyatning rolini past baholash, madaniy tadbirlarni o‘tkazishdagi shunchaki rasmiyatchilik va tizimsizlik bilan bog‘liq. Bu qisman kitobxonlik va turli ijodlarga – xalq ijodi, tasviriy san'at, musiqa, teatrga bo‘lgan qiziqishning pasayishiga olib keldi. Natijada, ko‘plab fuqarolarimiz, shuningdek yoshlar, sohaning buyuk namoyandalarini faqat diqqatga sazovor joylar, yodgorliklar, ko‘cha nomlari orqaligina biladi... Bunda ularning asarlari, umuman, milliy va jahon madaniyati haqida juda kam tasavvurga egaligini sezmaslik ham mumkin emas. O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov haqli ravishda ta’kidlaganidek, «ma'naviyat» tushunchasi bizda noaniq tusga ega bo‘ldi: «Yosh yigitdan har tomonlama rivojlangan shaxsni qanday shakllantirish mumkin? Bunga balandparvoz gaplar va ma’nisiz uchrashuvlar bilan erishilmaydi va bu borada biz ortda qolyapmiz».

O‘z madaniyatimizni ko‘proq qadrlashimiz kerak. Agar Xitoy xalqi o‘z merosiga g‘amxo‘rlik qilmaganda, masalan, Konfutsiyni, uning g‘oyalarini muntazam tarqatmaganda, fikrlarini insoniyatga yetkazmaganda, mutafakkirning shuhrati o‘z mamlakatidan tashqariga chiqmagan bo‘lardi va ta'limoti jahon madaniy an'analarida abadiylikka erishmagan bo‘lardi. Lekin har bir davlat tarixida buyuk shaxslar bo‘ladi. O‘zbekistonliklar uchun ulardan biri - Alisher Navoiy. Uni hech bir mubolag‘asiz boshqa daholar bilan bir qatorga qo‘yish mumkin. Ular kabi, Navoiy ham mehr-muruvvatni, saxovat, jasorat, sevgi, ilmga olishga bo‘lgan intilishni ulug‘lagan, rahm-shafqat va do‘stlikni tarannum etgan, jaholat, zo‘ravonlik va qo‘pollikni qoralagan. Navoiy o‘gitlari iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi va shu bilan birga milliy mentalitetimizni ham ifoda etadi.

Shubhasiz, vatandoshlarimiz dahoga aloqadorligi bilan faxrlanadi. Biroq biz hali ham unga, shuningdek, zamonaviy va bizdan ancha ilgari yashab o‘tgan boshqa buyuk ijodkorlaru madaniyat arboblariga yetarlicha qiziqish bildirmayapmiz. Biz munosib hayoti, aqli, adolati, iste'dodi bilan vatanimiz shuhratiga shuhrat qo‘shgan, qo‘shayotganlarga hurmat ko‘rsatishni o‘rganishimiz kerak. Shunday loyihalar bor, albatta, ammo yetarli emas. Ta’lim, madaniyat markazlarida buyuk shaxslar xotirasiga hurmatni tarbiyalash va asrab-avaylash ishlarini tizimlashtirish, yoshlarga tariximizni e’zozlashni o‘rgatishimiz zarur. Mumtoz adabiyot vakillaridan biri: «Buyuk insonlar o‘zlariga poydevor qurishsa, haykalini kelajak quradi», deb yozgandi. Buni yodda tutib, taniqli vatandoshlarimizga yodgorliklar o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Toshkent va Andijonda xalq shoiri Muhammad Yusuf, Nukusda O‘zbekiston qahramoni Ibragim Yusupov xotirasi abadiylashtirildi, ularning nomlari berilgan maktablar ochildi. Ular qatorini xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Igor Savitskiy va ziyolilarimizning boshqa vakillari ham to‘ldirishi mumkin.

Badiiy asarlarni tarjima qilish bo‘yicha ishlarni ham faollashtirish maqsadga muvofiq. Bu nafaqat soha mutaxassislari, Fanlar akademiyasi xodimlari, balki, eng avvalo, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan amaliyot sifatida ham amalga oshirilishi mumkin. Bunday faoliyatni rag‘batlantirish uchun davriy nashrlarda va maxsus almanaxlarda chop etiladigan eng yaxshi tarjimalar tanlovlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Kadrlar masalasi hal etishga aholi ehtiyojiga mos ravishda barcha darajalarda chet tillarni o‘rganishni tashkil etishni qayta ko‘rib chiqish yordam beradi. Masalan, rus, ingliz va boshqa Yevropa bilan birga sharq tillaridan ham birini kiritish mumkin.

Yana bir muhim vazifa - folklorga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, chunki u Termiz shahridagi Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimida davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, insoniyat tomonidan yaratilgan bebaho madaniyat xazinalarining manbaidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq ijodiyoti va ustalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Tengsiz ma'naviy boyligimiz bo‘lmish mumtoz san'atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg‘or fikrli olimlar va san’atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir», dedi mamlakatimiz rahbari. Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi xalqaro xalq amaliy san’ati festivali shular jumlasidandir.

Madaniyat bilan bog‘liq dolzarb vazifalarning yana biri - muzeylar faoliyatini mamlakat ichkarisi va tashqarisida ko‘rgazmalarini tizimlashtirish nuqtai nazaridan qayta baholashdir. Masalan, cho‘ldagi Luvr deb atalgan Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi chet elda shuhrat qozongan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat rahbarlari tashrif buyurgan ushbu to‘plamdan rasmlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Biroq respublika muzeylarining aksariyati aholi orasida yetarlicha ommalashmagan, jumladan, yo‘l ko‘rsatkichlar, mahalliy va xorijiy rassomlarning suratlari kataloglari, maqsadli teleko‘rsatuvlar, turli tillardagi davriy nashrlarda maqolalarning yetishmasligi sababli ham. Shu bilan birga jahon tajribasiga muvofiq muzeylar boyligiga e’tiborni jalb qilish uchun hududlarda biror muallif yoki yo‘nalish suratlari ekspozitsiyalarini o‘tkazish, taniqli olimlar, san’atshunoslar va madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar tashkil etish mumkin edi.

Ma’naviyat va ma’rifat o‘choqlari sifatida oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishga yangicha yondashuvlar zarur. Islohotlar samarasi o‘laroq, sifat jihatidan yangi imkoniyatlar, jumladan, bakalavriat va magistraturada ikkita diplom dasturlari paydo bo‘lmoqda, oliy o‘quv yurtlarining ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorligi kengaymoqda, bu esa, albatta, kadrlar tayyorlash sifatida o‘z aksini topadi. Shu bilan birga, ilm-fanni yoshlarni san’at va ijodkorlikka jalb qilishga xizmat qildirish, ularni jahon tajribasidan foydalanib keng ommalashtirish lozim, shu bilan bir qatorda qo‘shma forumlar doirasida ham. Jumladan, Janubiy Koreya va O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya oldidan Tegu shahridagi Kyonbuk milliy universitetida milliy liboslarimiz, taomlarimiz va diqqatga sazovor joylarimiz namoyish etilgan ko‘rgazma ham tashkil etildi. O‘zimiz guvohi bo‘lganimizdek, ishtirokchilarda respublikamizga katta qiziqish uyg‘ondi, ko‘pchiligida uni shaxsan o‘z ko‘zlari bilan borib ko‘rish istagi paydo bo‘ldi.

Shuningdek, taniqli tarixchi olimlar, madaniyatshunoslar, san’atshunoslar, tilshunoslar va san’at arboblari bilan hamkorlikda adabiyot va rangtasvir bo‘yicha antologiyalar, mamlakat haqidagi turli yo‘lko‘rsatkichlar va qo‘llanmalar, Islom sivilizatsiyasining yangi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, yodgorlik majmualari, muzeylar, teatrlar, xalq urf-odatlari va boshqa qadriyatlarga oid materiallardan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Ular nafaqat xorijiy sayyohlar, balki vatandoshlar tomonidan ham munosib baholanadi.

Biz aytib o‘tgan bo‘shliqlar Prezidentning nutqlari va takliflarida ko‘rsatilgan madaniy strategiyaning sifat jihatidan yangi yo‘nalishlarini, normativ hujjatlarni yanada maqsadli amalga oshirish zarurligini taqozo etadi. Uning tarkibiy qismi - allaqachon aytilgan beshta tashabbusdir. Ular yoshlarni madaniyat muassasalariga keng jalb etish va 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan ikki million yoshni qamrab olish bo‘yicha tegishli hududiy «Yo‘l xaritalari»ni tasdiqlash, bolalar musiqa va san'at maktablarida, cholg‘u, vokal ijro va tasviriy san’at to‘garaklarida, havaskor teatr guruhlarida va madaniyat markazlarida ijodiy ansambllarda qo‘shimcha yo‘nalishlarni tashkil etishni nazarda tutadi. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun yangicha yondashuvlar qo‘llaniladi. Shu maqsadda har bir mintaqaga bir million nusxada badiiy, tarixiy, ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, shuningdek, maxsus transport vositalari - bibliobuslarni yetkazib berish, axborot-kutubxona markazlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, tadbirkorlar tashabbusi bilan xalq kutubxonalarini ochish rejalashtirilgan.

Bularning bari respublika ravnaqiga qo‘shimcha turtki beradi, aholi o‘rtasida insonparvarlik, do‘stlik, ijtimoiy adolat kabi yuksak g‘oyalarning mustahkamlanishiga, jamiyatimizni salbiy xususiyatlardan xalos etishga va umuman, mamlakatimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Lyudmila Xvan.

Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,

Berdaq nomidagi

Qoraqalpoq davlat universiteti professori.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech