17 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,5 °C

Ijtimoiy hayot
26 Iyul  2019 2156

Gullar shahridagi tilanchilik «sanoati»

- Tasavvur qiling-a, xotinim bilan kafeda o‘tiribmiz. To‘satdan tomdan tarasha tushganday, kimdir suhbatimizga aralashib, qo‘lini cho‘zdi va pul so‘radi. Rosa xira ekan, qani keta qolsa, naq yelimning o‘zi. Qizig‘i, kafega kirayotib, ko‘chada aynan shu tilanchiga pul bergandim, - deydi hamkasbim.

- Ziqna emasmanu lekin bunday bezbetlarga toqat qilolmayman. Yana yer ostidan o‘tish yo‘llarida va jaziramada bolalari bilan o‘tirib olib, yaxshi pul topadigan ayollar haqida nima deyish mumkin?! Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qaerga qarayotganiga hayronman, axir bu, emizikli bolakaylarni tahqirlash-ku?! Tilanchilar ularga ham yelimday yopishib olishsa, chet ellik sayyohlar mamlakatimiz haqida nima deb o‘ylasharkan? – deydi u kuyunib.

Chindan ham, tilanchilar juda ko‘payib ketdi: ularni bozorlarda, jamoat joylarida, qabristonlarda, ziyoratgohlarda va ko‘pincha sayyohlar tashrif buyuradigan tarixiy obidalar oldida uchratish mumkin. Xorijiy mehmonlar masalan, ko‘hna Ota Valixonto‘ra masjididagi san’at galereyasiga tashrif buyurib, tomosha qilishdi, deylik, ammo bittagina yelimshak tilanchi shahrimiz haqidagi barcha ijobiy taassurotlarni bir pul qilishi mumkin. Shunday bir gala tilanchilar xorijlik diplomatga xira pashshaday yopishib, mamlakatimizni juda noqulay vaziyatda ko‘rsatgan bir hodisa ham yuz bergan.

Kishini tashvishga soladigan tomoni, «tilanchilik biznesi»ga barcha yoshdagi bolalar jalb etilgan. Masalan, juda serqatnov va tartibga solinadigan chorrahalarda deyarli butun oilani ko‘rish mumkin: onasi va qizlari har bir mashinaning oynasini chertib, pul so‘rashadi. Bolalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilayotgani haqida onasi o‘ylamaydi va butun oila mashinalar orasida yurib, tilanchilik qiladi. Avtomobil yo‘lida har narsa sodir bo‘lishi mumkin va mashinalar orasida qo‘lini sadaqa so‘rab cho‘zgan uch yoki to‘rt yoshli bolakayni haydovchi oddiy kopot ortida ko‘rmay qolishi ham ehtimoldan holi emas. Axir, bola bu yerda bo‘lmasligi kerak! Ko‘chalarimizdagi tirbandlik va harakat intensivligi sabab haydovchining vaziyatni vaqtida baholash va qaror qabul qilishi oson emas va yo‘ldagi avtomobillar oqimi oralab pildirayotgan tilanchi bolalar, rulda o‘tirganlarni chalg‘itadi.

Agar haydovchi yo‘lda bolani turtib ketsa nima bo‘ladi? Sudma-sud sudrayverib tinkasini quritishsa kerak.

Aytgancha, tilanchilarni og‘ir kasal yoki jabrdiydalarni mukammal tarzda ijro eta oladigan mohir aktyorlar ham, deyish mumkin. Ular orasida surbetlarcha, tap tortmay va bezbetlik bilan pul so‘raydiganlari bor: ko‘chada yoki to‘xtash joyida qarshingizda paydo bo‘ladi va to maqsadiga yetmaguncha yelimday yopishib, yoningizdan ketmaydi.

Huquq-tartibot xodimlari bunday vaziyatlarga aralashishi lozim, lekin bunga ko‘pincha befarq qaraydilar, bu yil tilanchilarga qarshi jazo choralari ancha kuchaytirildi. «Ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bu eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mehr-muruvvat va hamdardlik, yaqinlariga hamisha yordam qo‘lini cho‘zishga tayyorlik - xalqimizning eng yaxshi an’analaridan biridir, ammo bu an’analardan ko‘pincha firibgarlar chaqaloqlarini qurol qilib o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqdalar. Lekin ular fonida chindan ham pulga muhtoj bo‘lganlar, qiyin vaziyatga tushib qolganlar ajralib turadi. Yaqinda bir savdo majmuasida sadaqa so‘ragan homilador ayolni uchratdim. Ko‘zi yoriydigan vaqtga juda yaqin qolgan, ammo zarurat majbur qilmasa, shu issiqda yordam berishlarini so‘rab turarmidi? Yordam berishlarini so‘rayotgan ba’zi nogironlaru keksa odamlar o‘zini munosib tutadi, yalinib-yolvorib, tilanib so‘rashmaydi, balki shunchaki yordam berib ketishlarini aytishadi. Bunda ularni qanday qo‘llab-quvvatlash haqida bosh qotirish lozim bo‘ladi.

...Yashashga boshpanasi, yeyishga hech vaqosi yo‘q fuqarolar bilan uy-joyi bor, lekin daromad manbai bo‘lmaganlar o‘rtasidan chiziq tortish kerak. Albatta, har ikkala toifa fuqarolari uchun ham xayriya oshxonasini ochish mumkindir, ammo bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Uysizlar uchun maxsus boshpanalar, tibbiy xizmat, boshpanasi bo‘lganlarga - ish yoki mos pensiya ta’minoti zarur. Uni biznesga aylantirgan va mehr-muruvvatimizdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganlar bilan esa bevosita huquqni muhofaza qilish organlari shug‘ullanishsin.

Feruza Otaxonova.
«Pravda Vostoka».
Namangan viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech