22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,1 °C

4 Iyun  2019 3673

Qog‘ozbozlik va loqaydlik labirinti: bunda tadbirkor qanday yo‘l topishi kerak?

Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlar muammolarini hal etishning yangi mexanizmi yaratildi - Bosh vazir qabulxonalari.

Hujjatlarni rasmiylashtirish cheksiz jarayonga aylanadi, kredit ajratish cho‘zilib ketadi, mos keladigan joy taqdim etilmaydi, mahsulotlar bojxonalarda turib qoladi, qo‘shimcha soliqlar hisoblanadi - bu xususiy sektor har kuni duch keladigan muammolardan bir nechtasi, xolos. Bularning barchasi haqida tadbirkorlarning o‘zi mamlakat bo‘ylab o‘tayotgan respublika vazirliklari, idoralari va banklari vakillari bilan uchrashuvlarda so‘zlaydilar.

Muammolarni qayd etish emas, balki hal qilish lozim

Tadbirkorlar qancha murakkabliklarga duch kelishadi? Afsuski, islohotlarga qaramay, hali ko‘p murakkabliklarga, shu bois ular bilan ishlashni qayta tashkil etishga qaror qilindi. Buning uchun Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi hamda unga ko‘ra, har bir tuman va shaharlarda yangi tuzilma - Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbarining Virtual va Xalq qabulxonalari tajribasi samarali ekani isbotlangan, biroq tadbirkorlikka alohida e'tibor zarur.

Hujjatlarni tushuntirish va tadbirkorlarni tinglash uchun Adliya vaziri va Savdo-sanoat palatasi raisi boshchiligidagi ikki yirik ishchi guruh hududlarga yo‘l oldi. Tarkibiga - 50 ga yaqin deyarli barcha respublika hokimiyati va moliya tuzilmalarining birinchi shaxslari, mahalliy hokimliklar va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda boshqa xodimlar kiritilgan. Kelgusi haftalarda xususiy sektorning o‘n mingdan ortiq vakillari, jumladan, xorijiy investorlarni ham, qamrab olish reja qilingan.

– Buning oddiy uchrashuvlardan sezilarli farq bor. Hozirgisi ma'ruzalardan iborat bo‘lib qolmasligi,  balki haqiqiy muloqot bo‘lishi lozim. Biroq shikoyatlar qayd etilishi bilan cheklanmaymiz – ishga juda jiddiy kirishilgan, - deydi ishchi guruh rahbarlaridan biri, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov. – Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning har bir murojaatiga qisqa muddat ichida yechim topish vazifasini qo‘ydi. Agar imkoni bo‘lsa – o‘sha joyning o‘zidayoq. Eng ko‘p muddat - bir hafta ichida. Birorta murojaat e'tibordan chetda qolmaydi. Mamlakat kelajagi ularning qaroriga bog‘liq, chunki tadbirkorlik - iqtisodiyotning yuritgichidir.

To‘rt yillik ovoragarchilik... yechim qanday?

...Soat ertalabki to‘qqiz bo‘ldi, Kogon tumani hokimligi majlislar zaliga odamlar hali kelishda davom etmoqda. Bu yerda Adliya vazirligi boshchiligida guruhning birinchi uchrashuvi - Buxoro, Kogon, va Qorovulbozor tumanlaridan ishbilarmonlar tashrif buyurgan. Ishchi guruhga murojaat qilishni istaganlar juda ko‘p - zalda 200 dan ortiq kishi o‘tiribdi. Birinchi bo‘lib viloyat markazida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi «Halim obod savdo» MChJ rahbari Hakim Boboqulov murojaatini boshladi. U to‘rt yillik sarsongarchilikdan g‘azabda.

– Oldingi 1750 kvadrat metrlik uchastkani davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishdi va o‘rniga nima berishdi? Faqat 600 kvadrat metr joy berishdi, xolos, – deydi tadbirkor. – Qolgani kafolat maktubida va'da qilingan, ammo amalda – uzoq kuttirish, quruq rasmiyatchilik uchun yozilgan xat, yaroqsiz uchastkalarni taklif qilishdi, boz ustiga, hatto, foydalanilmagan joy uchun soliq undirishga harakat qilishdi. Qayerga bormayin, hech qanday yordam berishmadi.

Mahalliy hokimiyat vakillari: «Bu masalani o‘rganish kerak», dedi. Biroq uchrashuvni olib borgan Adliya vazirining o‘rinbosari Akbar Toshqulov shunday dedi: «yetar, to‘rt yil mobaynida yetarli o‘rganibsizlar. Shahar me'mori, kadastr xizmatini chaqiring. Bugunoq bu masalani hal qilish kerak». Shuningdek, biznes-ombudsman apparati vakili ham qo‘shimcha qildi: «Vaziyat ilgari nazoratga olingan, tadbirkorga nisbatan chindan ham adolatsizlikka yo‘l qo‘yilgan». Xo‘sh, hal etish yo‘lini topishdimi? Bu haqda quyida.

Qambar Quliyev ham yuragidagi og‘riq bilan gapirdi. Ohaktosh ishlab chiqarish bo‘yicha «Mironshoh Avtotrans Servis» MChJ rahbari gaz yetkazib berish uzib qo‘yilgani sababli korxona ishini to‘xtatishga majbur bo‘libdi. Tadbirkorlikni 1997-yilda boshlagan, o‘z binosi bor va mahsulotiga bo‘lgan talab ham katta. Boz ustiga 2018-yilda 250 mln. so‘mlik kredit olgan. Agar faoliyat tadbirkorning aybi bilan to‘xtab qolmagan bo‘lsa, kreditni qanday qaytarishi mumkin? Endi mol-mulkini sotishiga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi…

«O‘ztransgaz» AK mutaxassisi qaror ularning vakolatiga kirmasligini tushuntirdi. Gaz bor, bu muammo emas. Uning ta’minoti esa qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga «zangori olov» yetkazib berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi markazlashgan qaror bilan to‘xtatilgan.

– Viloyatdagi tegishli korxonalarning bir qismi gaz oladi, ularning ro‘yxati tasdiqlangan, – deya izoh berdi viloyat hokimi o‘rinbosari Jamol Nosirov. – Ro‘yxatga mazkur MChJni ham kiritish qolgan istovchilarga nisbatan teng ko‘rmaslik bo‘ladi.

«Unda men nima qilishim kerak?» so‘raydi tadbirkor. Unga ham, ko‘plab hamkasblari singari, ko‘mirdan foydalanishga o‘tishni taklif qilishdi. Ammo bunda mahsulot o‘z iste'mol xususiyatlarini yo‘qotadi, ya’ni qorayib ketadi.

Bugun ushbu muammo butun O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab ishbilarmonlarni tashvishga solmoqda. Shu bois muammoni respublika darajasida ko‘rib chiqishga qaror qilindi. «O‘ztransgaz» AJ qonunchilik jihatini hisobga olmoqda, uning hududiy filiallari yuqorida tasdiqlangan raqamlarni kutmasliklari kerak, balki o‘zlari qancha mahalliy korxonalar gazga favqulodda muhtojligini asosli hisob-kitoblar bilan taqdim etishlari lozim. Savol murakkab va hukumat tomonidan nazoratni talab qiladi.

Kredit tuzog‘i

Buxoro tumanidan «Ruxsat Shahnoza» XK rahbari Shavkat Qudratov yana bir umummilliy og‘riqli nuqtaga to‘xtalib o‘tdi. Valyuta kursini liberallashtirishdan oldin muzlatgich ombor qurish maqsadida xorijiy valyutada kredit olgan va undan keyin uning miqdori keskin oshib ketgan, ya'ni so‘m ekvivalentida 624 milliondan qariyb ikki milliard so‘mgacha! Tadbirkor to‘g‘ri aytdi: «Kursning liberallashtirilishini oldindan bilganimda kredit olmagan bo‘lardim? Endi uni qaytarishning sira imkoni yo‘q».

Bank vakilining aytishicha, unga imkoniyat berilibdi, shu va shunga o‘xshash holatlarda to‘lov muddati yetti yildan 10-12 yilgacha uzaytirilibdi. Biroq dollar kursining o‘zgarishi moliya muassasasining vakolatiga kirmaydi. Ishchi guruh ushbu masalani Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi.

Umumdavlat darajasida ko‘tarilishi kerak bo‘lgan yana bir masala zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni olib kirish bilan bog‘liq. Janubiy Koreyaning «Korea Medikal Fund Sangwon Clinik Himchan» QK investorlari Buxoroda zamonaviy klinikani ochishga qaror qilishdi, ammo davolanish uchun uskunalar yetkazib berilmadi. Avval ularni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak va bu Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun mas'uliyat. Bojxona esa uskunalarga kod berilishi bilan o‘tkazib yuborishga tayyor…

Qizig‘i shundaki, loyiha uchun investitsiyalarning umumiy miqdori juda katta - olti million dollar, uning yarmi o‘sha uskunalar uchun, ular esa bojxonada to‘xtab qolgan. To‘g‘ri, texnologiya yangi va bizga notanish. Biroq ishchi guruhning qayd etishicha, buning uchun juda ko‘p hujjatlar talab etiladi va ularni ko‘rib chiqish muddati ham katta. Kamaytirish kerak. Masalani hal etishda Iqtisodiyot vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi yordam berishi lozim.

Yana qancha cho‘zish mumkin?

O‘nlab murojaatlar orasida turli muammolarning umumiy xususiyatlari – mas'ul shaxslarning tadbirkorlar holatiga befarqligidir. Ko‘pchilik o‘z ishini risoladagidek bajarishni istamaydi. Qorovulbozor tumanidagi tadbirkor ayol hammom qurmoqchi bo‘ldi. Yer ajratilgan, «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha 200 million so‘mlik kredit ham taklif etilgan. Faqat buning uchun garov kerak. Garov sifatida hammomni ilgari qurilishi tugallanmagan bino sifatida rasmiylashtirish rejalashtirilgan. Lekin unga hali ham kadastr berilmagan. Ishchi guruh faqat hayratga tushdi – bunda muammo nimada? Mayli, rasmiylashtiraverishsin, nihoyat...

Boshqa bir tadbirkor ham yer maydoni ololmagan – u qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash korxona qurishga va buning uchun 1,3 mlrd. so‘m sarmoya kiritishga tayyor edi. Buning uchun 20 sotix yer kerak bo‘lardi, yana 50 kishi ish bilan ta'minlanardi. Ammo buxorolik amaldorlar joy topib bera olishmadi... Lekin uchrashuvda Kogon tumanidan mos joy topish varianti tanlandi.

Yana bir holat bozordagi joy bilan bog‘liq. Uchrashuvda mahalliy hokimiyat organlari bunda qur'a tashlanib, unga ko‘ra joylar ajratilganini aytishdi. Tadbirkor esa ishonch bilan hech qachon buning bo‘lmaganini aytdi. Aytishicha, 65 mln. so‘m qo‘shimcha xarajat talab qilishgan.

Kreditlar bilan bog‘liq muammolar tez-tez yangradi. Bir joyda kredit berilmaydi, boshqasining shartlari to‘g‘ri kelmaydi va goho tadbirkorning o‘zi loyihaning barcha jihatlarini to‘liq hisobga olmagan bo‘ladi. Jumladan, so‘zga chiqqanlardan biri «Har bir oila – tadbirkor» dasturi bo‘yicha eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sakkiz foiz stavkali imtiyozli kredit so‘ragan. Unga bunday foizli kredit, birinchi navbatda, aholi bandligini ta’minlashda sezilarli ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar uchun ajratilishini tushuntirishgan. Va unga Markaziy bankning mahalliy boshqaruvi yordam beradigan tegishli bankni topishni taklif qilishdi.

Zararni kim qoplaydi?

Agar Kogon qabulida so‘zga chiqishni istaganlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa, Qorako‘lda ular soni kamroq edi. U yerga, Jondor va Olot tumanlari aholisi tashrif buyurdi. Chandir qishlog‘idan Rustam Ro‘ziyevga nisbatan qilingan o‘zboshimchalik, ayniqsa, esda qolarli bo‘ldi.

– 2018-yilning yanvar oyida mahalliy hokimiyat 19 yildan beri ishlamay yotgan bolalar bog‘chasini tartibga solishni topshirdi. Men bu topshiriqni o‘z hisobimdan xarajat qilib, uddaladim va xususiy MTMni ochish haqida o‘ylay boshladim, lekin yer maydonining berilishi haqidagi hyech qanday qarorni ko‘rmadim. Bir yildan oshiq vaqtdan beri kutyapman, – deydi R. Ruziyev. – Ma’lum bo‘lishicha, bu orada binoni Maktabgacha ta'lim vazirligi balansiga o‘tkazibdilar, ular esa uni tenderda sotishi mumkin. Xullas, ko‘rgan zararimni kim qoplab beradi?

Bu yerda Toshkentdan yuksak mehmonlar kelishini kutib o‘tirmay, qog‘ozbozlik labirinti bo‘ylab ovorayu-sarson qilmay hal etsa bo‘ladigan vaziyatlar juda ko‘p edi. Ijarada to‘quvchilik sexi faoliyatini yuritayotgan tadbirkor ayollardan biri «Yoshlar – kelajagimiz» dasturi bo‘yicha yer maydoni so‘radi. NNT oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rahbari ham ijtimoiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish uchun joy so‘radi. Fermer - chorva mollari sotib olish uchun kredit. Nahotki, mahalliy hokimiyat organlari ular uchun mos variantlar topa olmagan?

Uchrashuvni tumanda yashovchi fuqaro ayollardan biri tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlagani uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib yakunladi. Ishchi guruhning kelishini o‘zining tug‘ilgan kuniga mos kelib qolgan bayram, deya atadi. Uchrashuvlarning birinchi kuni ana shunday ko‘tarinki ruhda o‘z yakuniga yetdi. Uning natijalariga ko‘ra, ishchi guruh 40 kishining murojaatini shaxsan tingladi va deyarli ellik kishining yozma murojaatlarini qabul qildi. Masalalarning bir qismi, masalan, maqola boshida keltirilgan Hakim Boboqulovning ishi, joyida hal etildi. Birinchi natijalar – ko‘zga ko‘rinarli.

Fikr:

Akbar Toshqulov,

Adliya vazirining o‘rinbosari:

– Prezidentimiz may oyida tadbirkorlik bo‘yicha alohida uchrashuv o‘tkazib, oldimizga muammolarning hal etilishi kerakligi borasidagi muhim vazifani qo‘ydi. Joyida hal qilinishi mumkin va kerak bo‘lgan ko‘plab misollarga duch keldik. Barchasi umumiy ma'lumotlar bazasiga kiritildi va endi odamlarning o‘zidan qarordan mamnunmi-yo‘qmi ekanini shaxsan bilib olish mumkin. Ularning roziligi olinmaguncha, masala yopilmaydi. Xususiy sektor vakillari ushbu yangi mexanizmning amalda ishlashiga ishonishlari lozim. Ayrim masalalar mahalliy darajada ko‘rib chiqilishi mumkin, ba'zilari viloyat, eng murakkablari esa respublika darajasida ko‘rib chiqishga o‘tkaziladi. Albatta, barcha murojaatlar - Bosh vazirning nazoratida. Murojaatlarga nisbatan beparvolikka yo‘l qo‘yganlarni tegishli choralar kutmoqda.

Sardor G‘aniyev,

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili devonining yetakchi inspektori:

– Ishbilarmonlar bilan bevosita muloqot qilish - yaxshi amaliyotdir. Hozirda keng tarqalgan muammolarni aniqlayapmiz, masalan, agar 100 murojaatdan 50 tasi yer xususida bo‘lsa, demak ular tizimli tavsifga ega. Har bir vaziyatning o‘z ildizlari mavjud. Ularni bartaraf etish uchun ba’zi hollarda normativ hujjatlarni o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Biz qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlashda ishtirok etyapmiz ham. Agar buzilishlar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etish borasida taqdimnoma kiritamiz. Ko‘plab kamchiliklarni joyida bartaraf etish hokimiyatning hududiy organlarga bog‘liq. Biroq o‘z huquqlari va yuridik jihatlarni bilish masalasi ham muhim hisoblanadi. Ba'zilar og‘zaki va'dalarga ishonadi, lekin har qanday harakat hamisha rasmiy tasdiqlanishi lozim. Shu bois huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish va qaror qabul qilishning shaffofligini oshirish kerak.

Ramil Islomov.

«Pravda Vostoka»ning maxsus muxbiri.

Buxoro viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech