27 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Mamlakatimizda
30 Mart  2020 631

Mehnat guvohnomasi ish stajini kafolatlaydi

Yurtdoshlarimiz orasida biror korxona, idora yoki tashkilotda oʻziga qulay ish topolmasligi natijasida mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega boʻlmagan, biroq turli mavsumiy mehnat bilan band boʻlgan yoki oilasida tomorqa bilan shugʻullanib, daromad topadiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ammo shu kunga qadar ularning faoliyati hech qayerda qayd etilmasdi. Bu esa nafaqa yoshiga yetganda nafaqa tayinlash uchun talab qilinadigan mehnat staji yoʻqligi muammosini keltirib chiqaradi.

Bu masalada fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida aholi bandligini oshirish, xususan, oʻzini oʻzi band qilayotgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari roʻyxatini qayta koʻrib chiqish va kengaytirish masalasi muhim vazifa sifatida belgilandi.

Kimlarga beriladi?

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mamlakatimizda 2019-yil 1-sentyabrdan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga mehnat guvohnomalari berish amaliyoti joriy etildi.

— Talabgor respublikaning istalgan hududidagi aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi boʻlgani holda murojaat qilib, belgilangan miqdordagi toʻlovlar (bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 barobaridan 4,5 barobarigacha)ni amalga oshirganidansoʻng unga oʻzi shugʻullanadigan faoliyat turi boʻyicha 1 oylik, 3 oylik, 9 yoki 12 oylik muddat asosida mehnat guvohnomasi rasmiylashtiriladi va fuqaroga topshiriladi. Shu kundan boshlab uning ish staji yuritiladi, — dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tadbirkorlikni rivojlantirish va oʻzini oʻzi band qilishni ragʻbatlantirish boʻlimi boshligʻi Farrux Hamroyev. — Yana bir muhim jihati, mehnat guvohnomasini olgan kishi mehnatiga haq toʻlash yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqish obyekti hisoblanmaydi. Masalan, mashina yuvish shoxobchasida ishlaydigan ishchi tadbirkor bilan shartnoma asosida faoliyat yuritadi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro ham, uni ishga olgan tadbirkor ham yagona ijtimoiy toʻlov toʻlamaydi.

Guvohnoma beriladigan faoliyat turlari kengaytiriladi

Ayni paytda mehnat guvohnomalari 24 ta faoliyat turi boʻyicha rasmiylashtiriladi. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, shu kunga qadar respublikamiz boʻylab jami 59 ming 340 nafar yurtdoshimiz ana shunday guvohnomalarga ega boʻldi. Endilikda mehnat guvohnomasini oladigan fuqarolar soni yana-da ortadi.

— Davlat dasturi asosida mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari roʻyxatini koʻrib chiqish va kengaytirish boʻyicha ayni paytda aniq takliflar ishlab chiqilyapti, — dedi Farrux Hamroyev. — Xorij tajribasini tahlil qilish jarayonida koʻplab faoliyat turlari koʻrib chiqildi. Ayniqsa, freelansing (masofadan turib ishlash) boʻyicha 100 dan ortiq faoliyat turi borligi qayd etildi. Shuningdek, roʻyxatga tikuvchilik, kosiblik, kalitsoz, pichoq charxlovchi, repetitor kabi faoliyat turlarini ham kiritish rejalashtirilgan.

Mehnat guvohnomasi ish stajini hisobga olib, keyinchalik pensiya olishni kafolatlash bilan birga, fuqaroga aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan mikrokreditlar olish va uning asosida qoʻshimcha tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yaratadi.

Shu oʻrinda faoliyat turi oʻzgarganda, guvohnoma ham oʻzgartiriladimi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Mutaxassislar bu borada vaqtinchalik guvohnoma muddati tugab, fuqaro faoliyat turini oʻzgartirgan taqdirda, istasa oʻzining amaldagi faoliyat turi boʻyicha qayta guvohnoma rasmiylashtirishi yoki faoliyat turini oʻzgartirib, guvohnoma olishi mumkinligini taʼkidladi. Mehnat guvohnomasi soni ham cheklanmagan. Asosiysi, guvohnoma egasi ularni oʻzida saqlab, pensiya yoshiga yetganida mehnat stajini tasdiqlovchi hujjat sifatida taqdim etsa, kifoya.

Iroda Toshmatova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech