23 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,2 °C

Madaniyat
14 Mart  2019 5443

Namanganliklar uchun millionta kitob

Qo‘lida kitob tutgan yigit-qizlarning to‘planib olib yoki daraxtlar tagiga qo‘yilgan kursilarga o‘tirgancha yo ko‘chalarning o‘zida nimalarnidir jonli bahslashayotgani manzarasiga so‘nggi yillarda qanchalik tez-tez duch kelyapsiz? Kutganingizdan sezilarli kam bo‘lsa kerak. Unday bo‘lsa, Namanganga bir keling! Bu yerda so‘nggi bir necha kun ichida xuddi shunday muhit hukmron.

 

Ana, uch nafar xushqomat, qorasoch, dugona talaba-qizlar shoira Zulfiyaning she’rlarini yoddan o‘qimoqda, har zamon-har zamon chiroyli bezak berilgan kitobga qarab qo‘yishadi. Ana, bir to‘da bolalar kelishmoqda, kiyimidan maktabdan uyiga qaytayotgan o‘quvchilarga o‘xshaydi. Qo‘llariga qaradim. Birining qo‘lida Umar Hayyom asarlari to‘plami, boshqasida Alisher Navoiy asarlaridan bir tom, uchinchisi, rus klassik-shoirlari she'rlari to‘plamini qiziqish bilan varaqlaydi. Xullas, qancha janr va mualliflar borligini sanab ham bo‘lmaydi. Mamlakatimizning naq adabiyot poytaxti, deyavering!

Buning bari Prezidentimiz tashabbusi tufayli, u ma'naviy boyliksiz barkamol avlodni tarbiyalashning mumkin emasligini ko‘p takrorlaydi. Bundan ikki yil muqaddam davlatimiz rahbari «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishni imzoladi. Uning doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan milliy va jahon klassik adabiyoti durdonalariga bo‘lgan talabni o‘rganish borasida ishlar olib boriladi. Shu bilan birga, kitoblarni chop etish hamda aholiga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan boshqaruv tizimining, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini chet tillariga tarjima qilish, kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va aholining keng qatlamini qamrab olish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish, chop etilayotgan kitoblarni aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish, kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlari, kitob bayramlari va yarmarkalarini tashkil etish tizimini takomillashtirish va boshqa ko‘pgina ishlar amalga oshiriladi. Xullas, davlatimiz rahbarining aholi, ayniqsa, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini oshirish kabi hayotiy o‘ta muhim muammoga e'tibori sabab respublikamizda mislsiz hodisalar yuz bermoqda... Xo‘sh, bu borada aholi vakillarining o‘zi nima deydi?

- Kuni kecha «Namanganni eng ko‘p kitob o‘qiydigan viloyatga aylantiramiz» shiori ostida «Kitob karvoni» yetib keldi, - deydi hayajonini yashirmay, savollarimizga javob bera boshladi Namangan pedagogika kolleji o‘quvchisi Maftuna Rahimova. – Buni so‘z bilan ta'riflash qiyin, Prezidentimizning sovg‘asi, yap-yangi, hali bosmaxona bo‘yog‘i hidi kelib turgan kitoblarni ko‘rib yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha hayratda! Millionta kitob olib kelishibdi! She'riyat, nasr, milliy va jahon klassik adabiyotlari, zamonamizning taniqli mualliflari asarlari! Endi namanganliklarning respublikamizda eng ko‘p kitob o‘qiydigan viloyatga aylanish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishlariga ishonchim komil. Buni uddalashimizga o‘zingiz ham ishonch hosil qilishingiz mumkin, - deydi Maftuna, «atrofga bir qarang», degandek qo‘llarini yoyib.

Atrofda esa biz maqola boshida keltirgan manzara. Haqiqatan ham, mahalliy aholi o‘tkazib yuborilganlar o‘rnini to‘ldirishga va yana qog‘ozda bosilgan kitob o‘qishga qat'iy bel bog‘lagan.

- Biz yoshi ulug‘ kishilarning hozirgi juda kam mutolaa qiladigan yoshlarni tushunishimiz qiyin. Yoshlarning qiziqishi butunlay boshqachaligini ko‘rish afsuslanarli edi, masalan, kompyuter o‘yinlariga, - deydi yozuvchi Isoqjon Nishonov. – Axir, aynan, kitoblarga insonlarning boy tajribalari va bilimlari, olam-olam g‘oyalari, usullari-yu strategiyalari jo bo‘ladi. Bosma nashr dunyoqarashni shakllantiradi – to‘g‘ri kitoblarni mutolaa qilgan inson dunyoga o‘zgacha ko‘z, nazar bilan boqa boshlaydi, bilimi va tafakkuri boyiydi, dunyoga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi, fikrlari tiniqlashib boradi.

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, kitob o‘qish ko‘plab savollarga javob topishga yordam beradi, ma'lum va kerakli ma'naviy hamda axloqiy qadriyatlarni paydo qiladi. Namanganliklarning xursand chehralarini, yoshlarning xuddi shunday ishtiyoq va ko‘tarinkilik bilan kutubxonalarga borishini kuzata turib, ishonchim komil bo‘ldiki, endi odamlar mutolaa zavqini yana qayta tuyadi, ulardan yangi bilimlar oladi va kitoblarning jonli va g‘oyat qiziqarli olamini tark etishni istamay qoladi. Prezidentimizning mutolaa madaniyatini oshirish muammosiga e'tibor qaratishi va yoshlar ma'naviyatini rivojlantirish va tarbiyadagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga bor kuch-g‘ayratini sarflayotganining o‘zi juda muhim hodisadir, - deya ta’kidlaydi yozuvchi.

Chust tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi Sabina Mubullayeva ham hayajonini yashira olmay so‘z ustasining aytganlarini takrorlaydi. Qizaloq ko‘zlarida hayrat bilan atrofga boqmoqda.

- Maktabimizda uzoq yillar davomida badiiy adabiyotlar juda tanqis edi, endi turli janrdagi, o‘zbek va rus tillaridagi kitoblar ko‘paydi. Yosh avlod vakilasi bo‘lishimga qaramay, kitobning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini yaxshi tushunaman. Bugun ko‘plab yosh qizlar va o‘g‘il bolalar qimmatli vaqtini mutlaqo foydasiz ishlar va ermaklarga sovuradi. Bu esa hozirgi jamiyatning nozik nuqtasi. Ilgarigi kishilar ko‘p kitob o‘qishgani sababli qiziqarliroq, aqlliroq va bilimliroq bo‘lishgan, deb o‘ylayman. Davlatimiz rahbarining bu muammo bilan kurashayotganini, yoshlar orasida adabiyotga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishga harakat qilayotganini ko‘rish quvonarli. Millionta kitobning uni barcha yoshdagi odamlar orziqib kutgan hududdagi maktablar va mahallalariga tarqatilishini bir tasavvur qiling-a?!

Shuningdek, ushbu tadbirni targ‘ib qilish maqsadida Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida shoirlar o‘rtasida «Mushoira» bellashuvi o‘tkazildi. Tadbirga to‘plangan biz maktab o‘quvchilari va talabalar u yerda taniqli so‘z ustalari – dramaturg G‘ofur Shermuhammad, shoiralardan Dilbar Haydarova, Enaxon Siddiqova, Zuhra Aliyeva, Xurshida Qo‘chqorova, Antonina Iplina va boshqalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ular o‘zlarining kelgusidagi ijodiy rejalari haqida gapirib berishdi, sohaning sir-asrorlari bilan o‘rtoqlashishdi, mahorat saboqlari berishdi. Tashrif buyurganlarning ko‘piga bu yerdagi adabiy ruhiyat ko‘chdi va buni uzoq vaqt eslaridan chiqarmasalar ham kerak.

... Bizga yana bir qancha namanganliklar o‘zlarining hayratu quvonchga to‘la fikrlarini izhor etishdi, va afsuski, ularning barini sahifalarimizga joylashtirishning imkoni yo‘q. Prezidentimizning ushbu tashabbusi badiiy adabiyot mutolaasini nafaqat biz yosh katta avlod vakillari orasida, balki yoshlar o‘rtasida ham ommalashishiga kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Feruza Otaxonova.

Yuliya Sarimsokova.

«Pravda Vostoka» muxbirlari.

Namangan viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech