20 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,2 °C

Sport
28 Mart  2019 10106

«Evrika!», deb hayqirish uchun...

Sport sohasida davlat-xususiy sheriklik dasturi yosh avlodni faol turmush tarziga jalb qilishning yangi bosqichidir.

– To‘qqiz yoshli nabiramni qanaqa sport seksiyalariga olib bormadim deysiz, – so‘zlaydi pensioner Yelizaveta Xan. – Suzishga bordi, taekvondo va stol tennisi bilan shug‘ullandi. Keyin kutilmaganda qilichbozlikka qiziqib qoldi.

Xuddi hozirgi bolalar kabi nabiram Yura ham soatlab kompyuter qarshisidan ketmasdi, – davom etadi buvisi. – Uni monitordan «uzib» bo‘lmasdi. Bunday bog‘lanib qolishidan xavotirga tushdik, albatta. Shu bois nevaramning ota-onasi ham, o‘zim ham uni faol turmush tarziga, mashq qilishga jalb etishga urina boshladik. Bunday yoshdagi o‘g‘il bola o‘ynashi, sakrashi, jismonan rivojlanishi kerak. Bu tabiiy holat. Har holda shunday, deb hisoblardik. Biroq o‘zbek va ingliz tillarini o‘rganayotgan Yuriy bunga sira ko‘na qolmasdi. Yo unisi yoqmasdi yo bunisi. Shovqin-suronli joylarni xushlamasdi. Ammo davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida va Respublika federatsiyasi ko‘magida ochilgan «Milliy qilichbozlik klubi»ga kelgach, darrov o‘zgardi. Endi mashg‘ulot bo‘ladigan kunlarni intiqlik bilan kutadi.

Nabirasining fe’l-atvoridagi bu tub burilishni birinchi galda klub murabbiylarining ishi bilan bog‘laydi. Er-xotin Oleg va Svetlana Tixomolovlar rahbarligida mashg‘ulotlar turli-tuman va o‘yin shaklida o‘tkaziladi. Har xil mashqlaru harakatlar bir-biriga o‘xshamaydi va takrorlamaydi. O‘zi uchun hamisha nimanidir kashf qilishga intiladigan bolakaylarga ham xuddi shu narsa qiziq. Gap shundaki, bolalar «Evrika!», deb hayqirishga majbur etadigan mashg‘ulotning o‘zida bevosita ishtirok etadi.

–  Turmush o‘rtog‘im bilan xorijda o‘n besh yil murabbiy bo‘lib ishladik, – deydi Svetlana Tixomolova. – To‘rt yil –Tailandda, sakkiz yil – Malayziyada, uch yil – Bahraynda. Murabbiy sifatida yaxshigina tajriba orttiridik. Shogirdlarimiz Janubi-Sharqiy Osiyo turnirining g‘olib va sovrindorlari bo‘lishgan, Fors ko‘rfazining Arab o‘yinlarida medallarni qo‘lga kiritishgan. O‘z ustida ishlash yuqori natijalarga erishishga yordam beradi, albatta. Boshqa davlatlardan ham qiziqtiruvchi shartnomalarni taklif etishgan, albatta. Ammo Vatan sog‘inchi kuchli bo‘larkan. To‘g‘ri, mehnat ta’tillarida o‘zimiz tug‘ilib-o‘sgan, qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi talablarini bajargan Toshkentga kelib turardik. Internet orqali respublikamizda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar va o‘tkazilayotgan islohotlarni kuzatib borardik. Prezidentimizning «Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman. Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman... Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman», degan murojaatidan so‘ng butunlay qaytishga qaror qildik. Davlatimiz rahbarining bu samimiy so‘zlarini bir umrga yodimda qoldi. Men ham mamlakatimizda jadal sur’atlarda kechayotgan islohotlarga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Bundan tashqari, do‘stlarimizu murabbiy hamkasblarimiz ham qaytinglar, deb qo‘yishmadi. Negaki, bir paytlar mashhur bo‘lgan o‘zbek qilichbozlik maktabi qayta tiklanmoqda. Jonajon «Paxtakor» stadionidagi maxsus zaldan yana qilichlarning sharaq-shuruqi eshitila boshladi. «Umid» sport majmuasi va Respublika olimpiya zaxiralari internati arenalari modernizatsiya qilindi.

Svetlana Tixomolovaning ta’kidlashicha, nafaqat Toshkentda, balki respublikamizning boshqa shaharlarida ham qilichbozlik moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan. Andijonda haqiqiy mushketyorlar uchun mehmonxona va tiklanish markaziga ega saroy qurildi. Yaqinda Chirchiq shahrida ham shinam arena ochildi. O‘zbekistonda tobora ko‘proq o‘tkazila boshlangan turli mahalliy va xalqaro turnirlar g‘oliblari ichida Nukus, Buxoro, Navoiy, Samarqand shaharlaridagi qilichbozlik murabbiylarining shogirdlari ham bor. Xullas, geografiya kengaymoqda.

Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi shtab-kvartirasining Toshkentda ochilgani ham muhim hodisa bo‘ldi. Fevral oyida ushbu tashkilot shafeligida Yoshlar va kadetlar o‘rtasida birinchi ochiq chempionat o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘onistondan tashrif buyurgan yosh iste’dodlar ham medallar uchun bellashdilar. Darvoqe, shohsupaga ko‘tarilganlar orasida Tixomolovlarning shogirdlari, ya’ni «Milliy qilichbozlik klubi» vakillari – Yekaterina Tolkachyova va Ilyos Molinlar ham bor edi.

– Davlat-xususiy sheriklik asosidagi klublar tizimi jahonda juda ommalashgan, – deydi ushbu tadbirkorlik tashkiloti rahbari Gulnora Saidova. – U qisqa fursatlar ichida nafaqat sportda yuqori natijalarga erishish imkonini beradi, balki turli yosh vakillarini ham faol turmush tarziga jalb qila oladi. Bizda bir nechta oilaviy juftlik shug‘ullanmoqda. Ammo oldimizga quygan maqsadimiz iste'dodlarni qidirib topish, mahoratli ustalarga munosib o‘rinbosarlarni tayyorlashni nazarda tutadigan seleksiya faoliyatidir. Bunda bizni Respublika federatsiyasi qo‘llab-quvvatlamoqda. Federatsiya klubga to‘rtta qilichbozlik yo‘lakchasini, zarur apparatura va uskunalarni taqdim etdi. Bizning sport turimiz – texnik jihatdan murakkab. Qilichlar va maxsus kiyimlarni o‘zimiz sotib olamiz, hatto, o‘z filialimiz bor. «Kelajak ta’limi» xususiy maktabida o‘z seksiyamizni ochdik va u yerda qirqqa yaqin o‘g‘il-qizlar shug‘ullanmoqda. Jami shug‘ullanuvchilarimiz soni esa saksondan oshadi. Klubning o‘zini-o‘zi oqlashi uchun bu hozircha kam, albatta. Ammo Sergeli va Chilonzor tumanlarida ham shunday bo‘limlarni ochish borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bolalarni qiziqtirish uchun klub muntazam ravishda «Oltin shamshir» turnirini o‘tkazmoqda. Musobaqalar maktablardagi qishki va yozgi ta’tillar chog‘i tashkillashtiriladi. Yosh iste’dodlarga, so‘zsiz, xorijiy klublar bilan kelishuvlar ham kuchli turtki berishi aniq. Xususan, Tixomolovlar o‘z aloqalarini ishga solib, o‘quv-mashq yig‘inlariga Malayziyadan yoshlar jamoasini taklif etishdi. Keyin Kuala-Lumpurga javob tashrifi bo‘ladi. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bilan hamkorlikda xuddi shunday formula asosida Janubiy Koreya va Fransiya davlatlariga safarlar uyushtiriladi.

Timur Nizayev.

«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

Rashid Galiev surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech