20 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29 °C

Fikr
12 Mart  2019 14831

Birinchilardan bo‘lish oson emas

So‘nggi yillarda sayyoramizda strit-art, komikslar va boshqalar juda ommalashib bormoqda. Bir paytlar «oxirgilar» safida bo‘lgan ushbu san’at turlari endi yaratuvchilariga millionlab daromad keltiradigan sohaga aylangan. Ammo qay sabablarga ko‘ra, bu yo‘nalishlar bizda rivojlanmayapti?

 

Qumdan qurilgan qal'alar

Bundan bir necha o‘n yillar burun strit-art asarlari jahonning manaman degan muzeylariga qo‘yilishini hech kim tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Bunday ko‘cha «suratlari»ni nafaqat san’at toifasiga kiritishmagan, balki ularni qonundan tashqarida, deb ham hisoblashgan. Vaqt o‘tib, dunyoda vaziyat o‘zgardi, ilgari odamlardan yuzini yashirganlar bugun omma oldida chiqishlar qilmoqda, yangilarga brend sifatida o‘z nomzodini namoyish etish uchun o‘ziga xos va takrorlanmas uslubni qidirib topish lozimligi haqida gapirmoqda. Strit-art maqomining o‘zgarishini o‘tkir ijtimoiy ishlari ko‘cha san'atiga bo‘lgan qiziqishni keng oshirgan angliyalik andergraund-rassom Benksi nomi bilan bog‘laydilar (andergraundommaviy madaniyat, meynstrim va rasmiy san’atga qarama-qarshi qo‘yiluvchi zamonaviy san’at (musiqa, adabiyot, kino, tasviriy san’at va boshqa)lar majmui). Bugun uning asarlarini kimoshdi savdolarga qo‘yilmoqda, devorlardagi rasmlari uzoqroq saqlanishi uchun plyonka bilan qoplanmoqda.

Ushbu janrning yosh rassomlari o‘z nomlarini abadiylashtirishga intilishmaydi: gap shundaki, bugun devorda bir surat tursa, ertaga uning o‘rniga boshqasi chiziladi. Ba'zida bunday ijod nafaqat ko‘zni quvnatadi, balki muhim va dolzarb mavzularga e’tiborni jalb qiladi, tarixiy shaxslar va voqyea-hodisalar haqida hikoya qiladi. Shunday qilib, Qozog‘istonda devorlardagi bunday suratlarga me’yoriy ko‘z bilan qaray boshlashgach, ko‘plab turar-joy binolari badiiy yuksak va diqqatga sazovor maskanlarga aylandi. Bizda ham o‘tgan yildan boshlab, poytaxt qoshidagi jamoatchilik kengashi shahar ob’ektlariga o‘z g‘oya va fikrlariga ko‘ra bezak berishni taklif qildi. Buning uchun oldindan oldindan joy va muammoning tavsifi keltirilgan taqdimot ko‘rinishidagi loyiha, agar mavjud bo‘lsa, lokatsiya (tovush va to‘lqinlar qaytishi) tasviri, eskiz, byudjeti va qancha vaqtda bitishi taqdim etilishi lozim. Albatta, g‘oya ma'qullanishi lozim, ammo u hammavaqt ham ustaning fikriga mos kelavermasligi mumkin. Negaki, bu sanְ’at yo‘nalishi anchadan beri o‘zbekistonliklar qalbidan joy olgan.

Masalan, Umar Sayfullayev bolaligidanoq devordagi gulqog‘ozlarga qalamda rasm chiza boshlaganman, deya hazil qiladi. U maktabdaligidayoq matematikadan past, tasviriy san’at va chizmachilikdan «a’lo» baho olgan o‘quvchilar sirasiga kiradi. Bugun Michigan universitetining «San’at va dizayn» yo‘nalishida tahsil olmoqda. Ikki yil muqaddam o‘zi bunga ishonmasa-da, xorijiy OTMga shaxsiy anketasi va portfoliosi (ishlari)ni jo‘natgandi. Buni qarangki, uni o‘qishga qabul qilishgani haqidagi maktub kelib turibdi-da! Uning R.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida o‘qib yurganida vaqt mavzusidagi uncha katta bo‘lmagan suratlariga professorlardan biri munosib baho beribdi.

- Bu yerda ham hammasini ajoyib, deb bo‘lmaydi, albatta, - yozadi Umar u bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog‘langanimizda. - O‘qitish qimmat, vaqt yetishmaydi, ammo yaxshi jihatlari ko‘p. Masalan, deysizmi? Ijodga to‘liq erkinlik berilgan, saboqlarda ko‘chirib chizishga emas, balki tajriba qilib ko‘rish, o‘ylab topishga o‘rgatishadi. O‘zbekistonda yozuvlar va tasvirlar bilan shug‘ullanadigan bir-ikki yigitni bilaman, ammo ularning bor faoliyati kafe, badiiy studiyalardagi kichkina xonalar ko‘lamida boshlanadi va o‘sha yerda yakuniga yetadi. Va bu orzudagi ish emas. Bu yerda esa talabalarni ko‘ngilli dam olish maskanlariga: fud-kort (savdo markazlaridagi ovqatlanish hududlari), klublar, konsert maydonlariga aylantirilgan tashlandiq zavod va fabrika binolarining old tomoniga surat chizishga yollash amaliyoti keng tarqalgan. Bu tabiiyki, rag‘batlantiriladi, ish natijasini kurs ishi sifatida topshirish mumkin.

- Kollejda turli san'at turlarini o‘rganardik, biroq... Go‘yoki uzoq-uzoq asrlardan beri bitta qumdonda o‘ynagandekmiz, belkurakchalar va tuvakchalarni almashtirganmiz, albatta, ammo mohiyat bitta: qumdan chiroyli, murakkab, ammo allaqachon ba'dga urgan qasr qurish. Rang-baranglik bo‘lsa ham mayli edi, - davom etadi grafikachi usta. – Ha, sayyohlar uchun gilamlar, atlas, sharqona go‘zallik va chopon kiygan yoshi ulug‘lar - bu qiziq. Ammo o‘zbekistonliklarning o‘zini bunday galereyaga olib kirib bo‘lmaydi, negaki, hammasini bilishadi, bari tanish. O‘z navbatida so‘nggi paytlarga qadar uncha taniqli bo‘lmagan bir-ikkita blogerlarning yozganini aytmasa, qiziqarli va yangi loyihalar oshkor etilmagan. Vaziyatning juda sekin bo‘lsa-da, o‘zgarayotganini ko‘rish ko‘ngilli, albatta. Buni og‘aynim, yosh rassom va dizayner Abbos Sharifzoda misolida ko‘ryapman. Uning ishini ko‘rib: «Buni bizda tushunishmaydi!», «Bu O‘zbekiston uchun emas», deyishganlarini ham eslayman. Hozir yigit «Murad Buildings» kompaniyasida grafik dizayner bo‘lib ishlayapti. Undan yoshi kattaroq g‘aroyib iste’dodlar ham bor, ko‘pchiligi jasurona ishlarini vatanida namoyish qilmagan, bir qismi ijod qilish uchun xorijga ketgan. O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida u yoqqa-bu yoqqa borib-kelib yurganlari ham bor. Bunga qarshi kurashish kerak. Uyga qaytganimdan so‘ng darrov ishga sho‘ng‘imoqchiman, ehtimol, hozirgi menga o‘xshaganlarga ushbu san’atdan dars ham berarman.

G‘arb an’analari

Bizda ommalashayotgan badiiy oqimlardan yana biri, endi-endi paydo bo‘layotgan komikslardir. Ular allaqachon ommaviylashgan va adabiyot va tasviriy san’at turlarini o‘zida aks ettiradi. Ularning yaponcha variatsiyasini (manga va boshqalarni) yoshlar ham, yoshi kattalar ham birday o‘qimoqda. O‘zbekistonda matnidan ham suratlari ko‘p bo‘lgan kitoblarni, jiddiy ijod sifatida hozircha qabul qilish qiyin kechyapti.  Yaqinda «Comics.uz» nomli g‘oyat qiziqarli g‘oya paydo bo‘lgani haqida eshitdik. Uning maqsadi – O‘rgimchak-odam va Betmen kabi superqahramonlarni o‘zimiznikilarga almashtirishdan iborat.

- 1990-yillarning boshlarida ko‘pgina tengqurlarim Amerika pop-madaniyati: Gollivud filmlari, animatsiyasi, kliplari va albatta, komikslari bilan tanishdi. Ayniqsa, komikslar qalbimizdan chuqur joy oldi, - deydi «Comics.uz» loyihasi g‘oyasi muallifi va ta'sischisi Shohruh Nizomiddinov. – Bolaligimda ularni o‘zim chizardim. Oradan uzoq yillar o‘tib, «Neon va red» nomli sifatli mahsulot yaratish uchun hamfikr-professionallar bilan jamoa tuzdik. Ishlar xorijda asos solingan qoidalar asosida olib boriladi, biroq harakatlar biz ko‘nikkan qaerlardadir uzoqda emas, balki bizning mamlakatda sodir bo‘ladi. Ya’ni o‘zbekistonlik o‘quvchilar birinchi marta vatandoshlari haqida bunday tarixni o‘qiydilar. Istalgan kishi fantastik voqyelik fonida kundalik turmush voqyea-hodisalarini ko‘ra oladi.

Ayni damda yigitlar mablag‘ yig‘moqdalar. Negaki, mamlakatimizda bunday kitoblar chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar hozircha yo‘q. Buning uchun maxsus qog‘oz ham kerak bo‘ladi. Ular birinchilardan bo‘lib, bunday yangilikka qo‘l urishdi. To‘g‘ri, kitob javoni xorijiy nashrlarga to‘la, boz ustiga odatda 20 yoki 40 sahifalik bunday kitobning bittagina «tomi» 100 ming so‘mdan ziyod turishi mumkin. Bu olib kirishdagi to‘lov zarurati bilan bog‘liq. Agar talab bo‘lib, yetarli miqdorda taklif bo‘lmasa, sotuvchilarning o‘zlari istagan narxni qo‘yib sotishadi. Bunday muammoni ham madaniy import o‘rnini bosish yordamida hal etsa bo‘ladi.

Komikslar yaratayotgan yigitlar barchasini o‘zlari, maxsus dasturlar yordamida chizish, yorug‘lik va soyaning joylashuvi texnikasi, to‘g‘ri kadrlash va kompozitsiyalarning roli haqidagi videoroliklarni tomosha qilib mustaqil ravishda o‘rganishgan. Enda hamma rassomlarga ham ajoyib san’at asari yaratish uchun qalin mato (polotno), bo‘yoqlar va mo‘yqalamlar shart bo‘lmay qoldi. Ammo bunday texnologiyalar yurtimiz ta’lim jarayonlariga, ayniqsa, ijodiy sohaga to‘liq kirib kelgan emas. Shu bois ham bu sohada birinchilarga qo‘lida bitta planshet bilan o‘ziga va bunga bo‘lgan katta ishonchiga tayanishlariga to‘g‘ri keladi.

Birinchi bo‘lishdan qo‘rqish

Hali bizda rivojlanmagan yo‘nalishga istaganlarni qanday o‘rgatish mumkin? Ularning iste'dodini kim ochadi? Umuman, komikslaru garaffitilar bizga kerakmi? Masalaga har tomonlama yondashish uchun «eski maktab» vakili, rassom, professor, hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida uzoq yillar talabalarga dars bergan Asqar Kartayevga murojaat qildik.

- O‘zimni eskilik tarafdori demagan bo‘lardim, ammo devordagi suratlaru g‘arb qahramonlarini tushunmaydiganlar toifasidanman, - deydi rassom. – Biroq hayot doimiy harakatda, va albatta, qandaydir yangilik paydo bo‘ladi. Bu mutlaqo tabiiy va ajoyib. Ammo bunda muammo shundaki, ko‘pgina yoshlarimiz birinchi bo‘lishdan qo‘rqadi va bu hamisha kuzatiladigan holat. Bu san’at ob’ekti bo‘ladimi yoki inson faoliyatining boshqa natijasi, agar asarlarni yaratish jarayoni yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, boshlash hamisha qiyin bo‘ladi. E’tibor bering, har ikkala holatda ham o‘z shartlarini qo‘yadigan, taqiqlarni yuzaga keltiradigan yovuz yo‘q. Aksincha, o‘zing istaganingdek ijod qil. Ha, bu borada hali ustozlar yo‘q, ammo maqola qahramonlari kabi olg‘a intiluvchan yigitlarimiz bir necha yillardan so‘ng yosh rassomlarga o‘z tajribasini o‘rgata boshlaydilar, shunchaki, hozir boshlab olish kerak, xolos. Bir asr muqaddam insonga ko‘mir yordamida yozish va chizish mumkinligini hech kim o‘rgatmagan. Birinchi suratlar mualliflari tajriba qilib ko‘rishgan, ishlashgan, buni jamiyatning qila olmayotganiga to‘qnash kelishgan.

- Hatto, bittagina mamlakatning o‘zida birinchi bo‘lish ham juda qiyin, biroq insonlar shu yo‘l bilan tarixda qoladilar, - so‘zlariga yakun yasadi professor. – Ana shu tarixning ko‘zimiz oldida kechayotganini bilish ko‘ngilli. Agar bunda gap chindan ham, sifatli badiiy ijod haqida ketsa, badiiy ijodkorlar uyushmasi yosh iste’dodlarni, shubhasiz, qo‘llab-quvvatlaydi.

Sabina Alimova.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech