21 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,9 °C

Xalqaro hamkorlik
26 Fevral  2020 5880

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi ufqlari

O‘zbekiston Prezidentining shu yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi Rossiyada katta aks-sado berdi. Bu birgina O‘zbekiston va Rossiyaning vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherikligi bilan bog‘liq emas. So‘nggi yillarda respublika va mamlakat rahbarining xalqaro maydondagi nufuzi keskin oshayotgani, xalqaro hamjamiyat tomonidan davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tan olinayotgani natijasidir.

Keng ko‘lamli o‘zgarishlar asosida yotgan davlat rahbarining g‘oyasi, ularning maqsadga yo‘nalganligi, xalq turmush darajasi va inson manfaatlarini yaxshilashga qaratilgani nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki Rossiya jamoatchiligining keng qatlamlari orasida ham chinakam qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston rahbarining korrupsiyani bartaraf etish va sog‘lom raqobatni shakllantirish hamda qulay investitsion muhit yaratilishiga yo‘l qo‘ymaydigan «yashirin iqtisodiyot»ga qarshi qaratilgan qat'iy niyati alohida e'tibor uyg‘otdi. Aynan, bu kabi salbiy illatni bartaraf etish, e'tiborni sanoatlashtirishga qaratish, ish o‘rinlari yaratish va arzon uy-joy qurish Singapur aholisini uning yetakchisi Li Kuan Yu atrofiga jipslashtirgan va oxir-oqibat bu mamlakatni dunyodagi eng boy davlatlardan biriga aylantirgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va an’anaviy do‘stlik rishtalariga asoslangan munosabatlar tobora rivojlanmoqda. Ikki mamlakat Prezidentlarining strategik sherik­lik va ittifoqchilikni mus­tahkamlash borasidagi qat'iy sa'y-harakatlari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi va yuqori bosqichga ko‘tardi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoevning 2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiyaga  qilgan davlat tashrifi ulkan hodisaga aylandi va uning doirasida iqtisodiy, investitsion, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda umumiy qiymati 15 milliard dollardan ziyod 50 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.

2018-yil 19-oktyabr kuni Prezident Vladimir Putinning Birinchi O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo forumi va davlatlar rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar uchun Toshkentga qilgan tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yangi muhim kelishuvlarga erishildi. Forum doirasida umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod 800 taga yaqin savdo-investitsion bitimlar va memorandumlar imzolandi.

Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2017-yilda mamlakatlarimiz tovar aylanmasi — 4,73 milliard, 2018-yilda — 5,66 milliard, 2019-yilda — 6,63 milliard dollarga yetdi. 

Hozir O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida mingdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi hududida o‘zbekistonlik sarmoyadorlar ishtirokida 560 tadan ortiq korxona tashkil etilgan. Savdo-iqtisodiy aloqalarning dinamik rivojlanishiga yoqilg‘i-energetika majmuasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, samolyotsozlik va temir yo‘l transportini misol tariqasida keltirish mumkin.

O‘zbekiston rahbari tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbus va vazifalar mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni o‘ylayotgan xalqaro biznes va salohiyatli investorlarga muhim chorlov bo‘ldi. Shuningdek, ular ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi.

Bu, avvalo, rivojlanish sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mavjud hududiy transport yo‘laklaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq. Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga o‘z vaqtida yetkazib berish, shuningdek, uning tannarxini kamaytirish uchun transport va logistikani yanada rivojlantirish muhimligi ta'kidlanadi. O‘zbekiston uchun geografik joylashuv va uning jahon bozorlaridan uzoqligi, dengiz kommunikatsiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘qligi sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning asosiy omili — barcha geografik yo‘nalishlarda yangi ishlarni shakllantirish yoki mavjud transport yo‘laklariga xizmat ko‘rsatishni bir maromda saqlashdir.

Davlatlarimizning bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorligi aynan qanday bo‘lishi mumkin? Avvalo, bu tomonlarning «iqtisodiy masofa»ni qisqartirish, ya’ni yuklarni tashqi bozorlarga yetkazib berish jarayonida sarflangan barcha vaqt va moddiy xarajatlar miqdorini kamaytirish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatidir. Bunga infratuzilmani modernizatsiya qilish, axborot manbalariga ochiq va erkin kirishni hisobga olgan holda yuklarning tranzit hamda bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini soddalashtirish, norasmiy to‘lovlarni bartaraf etish va ikki mamlakat tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik omili bo‘lgan boshqa qator chora-tadbirlar orqali erishish mumkin. Bularning barchasi Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada qo‘yilgan ulkan vazifani hal etishga yordam bergan bo‘lardi, ya’ni mamlakat tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bu vazifani amalga oshirish nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya manfaatlariga ham mos keladi. Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidentining tranzit yo‘llarini ishlab chiqish strategiyasi mamlakatning global ta'minot zanjiri tizimiga integratsiyalashuviga va Yaponiya, Xitoy hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini Rossiya va yevropa Ittifoqi bilan bog‘lovchi savdo, transport va iqtisodiy ko‘prikka aylanishiga yordam beradi.

Ikkinchi. Murojaatnomada respublika sanoatiga xomashyoni uzluksiz yetkazib berish vazifasi yuklatilgan. Uni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda ulkan maqsadlar — 2020-yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Salohiyatli investorlarni o‘z rivojlanishiga jalb qilish uchun kamida 20 ta kon bo‘yicha tayyor loyihalar to‘plami shakllantirilib, salohiyatli investorlarga taklif etiladi. Rossiya ulardan ayrimlarini amalga oshirishda O‘zbekis­ton bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Uchinchi. Prezident o‘z Murojaatnomasida keyingi 5-7 yilda meva-sabzavot eksporti ­hajmini 3-4 barobar ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi. Shu bilan birga, u bu keng ko‘lamli vazifani amalga oshirish uchun chuqur o‘ylangan, hisoblangan mexanizmlarni belgilab berdi. Haqiqatan ham, malakali ishchi kuchi va ishlab chiqarishdagi kam xarajatlar, noyob iqlim sharoiti, davlat rahbari tomonidan taklif etilgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etish uchun bozor mexanizmlarini qo‘llash bilan birga (paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini va boshqa chora-tadbirlarni bekor qilish) iqtisodiyotning ushbu sektorining yetarlicha yuqori raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Bu Rossiya uchun ham muhim, chunki tarixan ekologik toza va sifatli o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlari bozorlarimizda doimo xaridorgir bo‘lib kelgan.

Shu munosabat bilan mamlakatlarimizning tegishli idoralari O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha «yashil yo‘lak» deb atalmish kompleksni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozim. Bu sohada bajarilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar yaxshi ma’lum: bojxona to‘lovlarini kamaytirish; Rossiyaning turli mintaqalarida, ayniqsa, uning shimoliy hududlarida O‘zbekistonning savdo uylari va iqtisodiy vakolatxonalari faoliyatini kengaytirish.

To‘rtinchi. Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020-yilni «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili», deb e’lon qildi. Fan va ta’limni davlat siyosatining birinchi pog‘onasiga qo‘yish shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston rahbariyati hozirgi voqyelikni ham, mamlakatni barqaror rivojlantirish uchun uzoq muddatli strategik maqsadlarni ham yaqinlashib kelayotgan to‘rtinchi texnologik inqilob sharoitida chuqur anglaydi.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik uzoq tarixga ega va uni chuqurlashtirishning ulkan imkoniyatlari mavjud. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi, O‘zbekistonda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti filialini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, Fanlararo ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.

Murojaatnomada ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozimligiga alohida e’tibor qaratilgan. Har bir oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot dargohiga nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu va boshqa tashabbuslar Rossiya hamda O‘zbekistondagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratmoqda.

Hamkorlikning qayd etilgan yo‘nalishlarini amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan o‘zaro manfaatli darajada rivojlantirishga yangicha turtki bo‘ladi, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va milliy bozorlarni an'anaviy hamda innovatsion raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.

Shubhasiz, O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi jiddiy dasturiy hujjat bo‘lib, uni amalga oshirish, buni alohida ta’kidlash joiz, nafaqat mamlakat ichida muhim ahamiyat kasb etadi. Uning ayrim holatlari Markaziy Osiyo, MDH va ShHT doirasidagi integratsion, siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan milliy iqtisodiyot va davlat-siyosiy tizimini isloh qilishning dolzarb muammolarini hal etishdagi yondashuvlar va vositalardan, O‘zbekistonning bu borada to‘plagan tajribasidan «etib olishga intilayotgan» deb ataluvchi mamlakatlarda ham, zamonaviy dunyoning rivojlangan davlatlarida ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

 MUALLIF HAQIDA SO‘Z:

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor. Iqtisodiyot va xalq xo‘jaligini boshqarish sohasidagi taniqli mutaxassis. 250 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Rossiya Fanlar Akademiyasining «Modernizatsiya va Rossiya iqtisodiy xavfsizligi» hamda «Ob’ektiv va kechayotgan xavf-xatarlar keskinlashuvi sharoitida Rossiyaning milliy iqtisodiy xavfsizligi» dasturlari muvofiqlashtiruvchisi. Federatsiya Kengashi va Rossiya Federatsiyasi xavfsizlik Kengashi raisi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashlari a’zosi.

Valeriy SVETKOV,
Rossiya Fanlar Akademiyasining Bozor muammolari instituti direktori, RFA muxbir-a’zosi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech