18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,2 °C

Mamlakatimizda
24 Aprel  2019 5499

Onlayn-auksionlar: ertami-kechmi barcha shunga o‘tadi

Yilning ustuvor vazifalaridan biri – ichki yalpi mahsulotni ko‘paytirish va korrupsiyani kamaytirishdir. Bu 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Prezidentimizning 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham o‘z aksini topgan. Davlat mulklarini boshqarish sohasida ularning ijrosi qanday borayotgani haqida Davlat aktivlarini boshqarish Agentligining Davlat aktivlarini tasarruf etish va majburiyatlarni monitoring qilish departamenti boshlig‘i Jo‘rabek AHMEDOV so‘zlaydi:

– Davlatimiz rahbari tomonidan xalq xo‘jaligining barcha sohalarini zamonaviy texnologiyalar bilan yangilash va shu asosda «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturini tatbiq etishni nazarda tutuvchi  Milliy raqamli iqtisodiyot konsepsiyasini ishlab chiqish topshirilgan.

Sanoatimiz rivojlanishining muhim sharti bo‘lgan faol investitsion siyosatni izchil davom ettirish vazifasi ham yuklangan. Iqtisodiyotni boshqarishda davlatning ishtirokini keskin qisqartirish zarurligi ham ta’kidlangan. Bunga erishishning ta’sirchan mexanizmlaridan biri davlat mulki ob’ektlarini sotishdir.

– Bunday ob’ektlarni sotishning an’anaviy usulidan elektron onlayn-auksion tizimiga o‘tishga nima asosiy sabab bo‘ldi?

– An’anaviy usul amalda bu ancha vaqtni olardi. Bu avvalo, ma’lum byurokratik to‘siqlar bilan bog‘liq edi.

Masalan, ilgari sotilishi kerak bo‘lgan davlat mulki, majburiy tartibda baholash jarayonidan o‘tardi. Keyin baholash hisobotining to‘g‘riligi, ishonchliligini aniqlash uchun ekspertiza zarur bo‘lardi. Ko‘pincha bunga ikki oylab vaqt ketardi va yana byudjet mablag‘laridan ma’lum xarajatlar sarfi ham qo‘shilardi.

Tanlov asosida savdolarni o‘tkazish va g‘olibni aniqlash jamoatchilikda turlicha munosabat uyg‘otdi. Ilgari e’lonlar hamma uchun erkin bo‘lardi va cheklangan miqdorda bosma nashrlarda e’lon qilinardi va ma’lum joylargagina tarqatilardi.

Shunday qilib, bu kabi ob’ektlarni sotishdagi boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartirish lozimligiga kuchli zarurat paydo bo‘ldi. Yuzaga kelgan vaziyatni yaxshilash uchun Prezidentimiz tomonidan innovatsion qarorga kelindi va bu 2018-yil 11-oktyabrda e’lon qilingan «Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmon bilan mustahkamlandi. Hujjatda mos tajriba o‘tkazish nazarda tutilgan. Shuningdek, bo‘sh turgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining qiymatini baholamay elektron savdo maydonida auksionga qo‘yish ham nazarda tutilgan.

«E-IJRO AUKSION» investitsion va ijtimoiy majburiyatlari bilan boshlang‘ich bahosi bir so‘mga teng.

– Mazkur auksionning qanday afzalliklari bor?

– Biz raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan olamda yashayapmiz, an’anaviy va kundalik jarayonlar yanada ko‘proq internetga o‘tmoqda. Elektron savdolar ham bundan istisno emas.

O‘zbekiston yoshlari ko‘p mamlakat hisoblanadi va aholining yarmisidan ko‘prog‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Ular AT bilan hamqadam va barcha yangiliklarni osonlik bilan o‘zlashtirmoqda hamda paydo bo‘lgan imkoniyatdan o‘z maqsadlarini amalga oshirishda foydalanmoqda. «Global o‘rgimchak to‘ri»ga ulanmagan zamonaviy kishini, ayniqsa, tadbirkorni rusumda bo‘lgan gadjetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. AKT sababli mahsulot xarid qilish yoki xizmatlar uchun to‘lovlar joy va kunning qaysi vaqti ekanidan qat’i nazar mobil telefon yoki shaxsiy kompyuterdagi bir necha tugmachani bosib amalga oshirilmoqda.

Davlat mulklari ob’ektlarini elektron savdolar orqali sotishda shuningdek, inson omili minimumlashtiriladi va jarayonning maksimal darajada ochiq va shaffofligi ta’minlanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bozor mexanizmlari, aynan, talab va taklif yordamida haqqoniy, ya’ni bozor qiymati shakllanadi, bu esa tabiiy yo‘l bilan sotib olish narxlari masalalarini adolatli aniqlashda nomzodlar fikriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Tajriba qanchalik muvaffaqiyatli chiqdi?

– Qisqa vaqt ichida tajriba o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatdi. 2019-yilning birinchi choragida uning doirasida 314 ta bo‘sh yotgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari elektron savdo maydonida boshlang‘ich bahosi bir so‘m qiymatda auksionga qo‘yildi. Ularning 152 tasi 119,6 milliard so‘mlik investitsiya kiritish va 1678 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 5,968 milliard so‘mga sotildi. Ushbu yangilik davlat va mahalliy byudjetga pul mablag‘lari tushishi, shuningdek, korxonalarni modernizatsiya qilish va fuqarolarni ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

– Ushbu ijobiy tajribani kelgusida yana davom ettirish ko‘zda tutilganmi?

– Tajribaning omadli natijalarini inobatga olib, Prezidentimizning 2019-yil 19-fevraldagi «Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida jarayonlarni soddalashtirishning dastlabki testini o‘tkazish muddatlarini 2020-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Shu bilan birga qator yangi tartib-qoidalar tasdiqlandi. Hujjat qabul qilingan kundan boshlab butun respublika hududlarida davlat ob’ektlarining (aksiyalardan tashqari) sotilishi «E-IJRO AUKSION» elektron maydonida amalga oshirilmoqda. Buning natijasida jarayonlarning maksimal darajada qisqarishi va shaffofligi ta’minlanadi. Boshlang‘ich bahosi bir so‘mga teng qiymatda elektron savdo maydoniga qo‘yilgan ko‘chmas mulk to sotilgunga qadar auksiondan olinmaydi.

Joriy yilning 1-iyunidan ijaraga berish savdolarini ham «E-IJRO AUKSION» elektron maydonida amalga oshirish rejalatirilmoqda. Ko‘chmas mulk ob’ektlarining ijara to‘lovlari faoliyat turidan kelib chiqib, ular balansida bo‘lgan muassasalar tomonidan keltirilgan minimal stavkada ko‘rsatiladi.

– Tadbirkorlar uchun yana qanday yangiliklar bor?

– Davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan va davlat ulushidan tushgan mablag‘lar tahlili jarayonida tadbirkorlik sub'ektlaridan to‘lov muddatlarini uzaytirish borasidagi murojaatlar bo‘lgan holatlar ham kuzatiladi. Bu ko‘proq ularning bir necha biznes-loyihalarni baravar amalga oshirishga intilishlari bilan bog‘liq, olingan majburiyatlarni muddatida bajarish uchun esa pul mablag‘lari vaqtida kelib tushmaydi. Ushbu faktlarni va teng huquqlarni taqdim etish hamda aktivlarni (aksiyalardan tashqari) sotib olishda teng sharoitlar yaratish inobatga olinib, ular summasiga qarab oldi-sotdi shartnomasi imzolangan kundan boshlab uch oydan uch yilgacha bo‘lgan muddatlar belgilangan.

Amaliyotda shuningdek, iqtisodiyotning asosiy tarmog‘ini rivojlantirish uchun nufuzli investorlarni tezkor jalb etish zarurati yuzaga kelgan holatlar ham uchraydi. Ushbu masalani hal etish uchun davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish Davlat komissiyasiga xo‘jalik sub’ektlarining Nizom jamg‘armalarida davlatning aksiyalar paketi (ulushi)ni tanlov o‘tkazish yo‘li bilan sotish va oldi-sotdi shartnomasi ro‘yxatga olinadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvlarni savdo maydonchasi tashqarisida amalga oshirish huquqi berilgan.

So‘nggi yillarda olingan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, talab va taklifning hamda iqtisodiyotning tuzilmaviy qayta o‘zgarishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarishni qayta tashkil etish va/yoki kengaytirish/qisqartirish muammosiga to‘qnash kelmoqda. Ilgari ular «nol» qiymatda sotib olingan mulkka egalik qilish huquqiga ega emasdilar. Bugun bunday ob’ektlarni sotishda qabul qilib olingan paytdan boshlab yil davomida yangi ish o‘rinlarini saqlab qolish tartibi va investitsion majburiyatlarni bajarish bekor qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning 2019-yil 19-fevraldagi farmoni faoliyatni tashkil etish va kengaytirish uchun biznesga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini o‘zida mujassam etgan.

Otabek Iskandarov

suhbatlashdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech