15 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,9 °C

Ijtimoiy hayot
16 Iyul  2019 2636

Aytilgan so‘z mas’uliyati

Jurnalist kim? «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsdir.

OAV vakili olingan ma’lumotlarni asossiz va bir tomonlama aks ettirmasligi, o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shart (ushbu qonunning 6-moddasiga muvofiq). Biroq boshqa axborot manbalaridan ma’lumotni oldinroq taqdim etish, jurnalistlik mas’uliyatini bilmaslik yoki shunchaki yuzakilik tufayli muxbirlar tez-tez «qovun tushiradigan» dalillarni e’lon qiladilar, bu esa ular ishlayotgan nashrning va umuman, barcha mass-media nufuziga putur yetkazadi.

Maqolada keltirilgan ma’lumotlarning yolg‘onligi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Aynan shu sababli jurnalist o‘zi tayyorlagan va tarqatayotgan xabar hamda materiallarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.

Buncha uzun kirish so‘zi nimaga kerak, dersiz? Hozir o‘zingiz tushunib olasiz. Viloyatda faoliyat yuritadigan ko‘p yillik tajribaga ega jurnalistdan (odob nuqtai nazardan ism-sharifi va yashash joyini keltirmadik) ko‘plab yirik ommaviy axborot vositalariga maqola keldi. Lozim topsalaringiz, nashr qilarsizlar, deganday. Daydi hayvonlar tishlashi natijasida quturishga chalinish holatlariga oid materialni yuborgan. Itning odamga hujum qilishi, dahshatli kasallikka chalinish, uning dahshatli alomatlarni tasvirlangan uzundan-uzun kirish qismi. Haqqoniylikdan hayratga tushasiz: «...yutinish juda og‘riqli... Nafas olish qiyinlashib bormoqda. Fikrlar ayqash-uyqash, ...qaqshab og‘riyapti. yelkalar og‘riqdan zirqiraydi, oyoqlar qaqshaydi. Og‘izdan ko‘pik chiqadi. Kasalning yoqalashgisi, tirnagisi, tishlagisi va bor ovozda o‘kirgisi keladi. Bemor na qarindoshlari, na biron yaqinini tanimaydi. Aql o‘tmaslashadi. Butun tanani g‘azab, nafrat, umidsizlik va bemajollik egallab oladi. Nihoyat, bemor qutura boshlaydi, stol, stulni sindirib, romni uchirib yuboradi, idishlarni chil-chil qiladi va... behush yiqiladi. Lekin uzoq vaqtga emas. O‘ziga kelgach, haligi azoblar yana yangidan boshlanadi. Odatda bu bir necha kunga cho‘ziladi... Charchagan yurak oxir-oqibat to‘xtaydi». Ushbu satrlar muallifi quturish haqidagi batafsil ma’lumotlarni qaerdan olgan? Biror mutaxassis sharhi yo‘q. Keyingi paragrafga ko‘zimiz tushadi va hammasini tushunamiz: jurnalist, quturish holatlarining juda kam kuzatilishini ta’kidlaydi, shuning uchun ushbu kasallikning dahshatli tasvirini... boshlayotgan yozuvchi, bir qishloq shifokorining hikoyasi chop etilgan eski jurnaldan olganini keltiradi.

Keyin muallif bir tanishining nabirasi bilan sodir bo‘lgan voqyeani barcha bo‘yoqlarda tasvirlaydi. Qizaloqqa ulkan qora it tashlanib, xippa tomog‘idan olibdi. Qizaloqning kuni bitmagan ekan, biroq gapira olmay qolgan. So‘ng bir pensioner kampirni daydi itlar salkam tilka-pora qilayozgani, itning yo‘lini kesib o‘tishi natijasida yuzaga kelgan YTH va hokazolar tasvirlanadi. Jurnalist savol beradi (o‘ziyam buni shafqatsizlik, deb ta’riflaydi): daydi itlarning yashashi kerakmi?  Axir, quturish - yuz foiz o‘limga olib keluvchi kasallik-ku?!

Mamlakatdagi vaziyatni aniq bilish uchun (agar quturish qayd etilgan bo‘lsa, qaysi hududlarda, hodisalar soni va boshqalar) mutaxassisga murojaat qilish zarur. Biz shu ishni qildik - Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tegishli savolni berdik. Bizni respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (DSENM)ning o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘limiga yo‘naltirishdi. Biroq afsuski, mutaxassislar faqat quturishning oldini olish va sabablari haqida izoh berishdi, ammo mamlakat aholisiga yuqishi hollari qayd etilganmi, degan savolga javob bo‘lmadi…

Muammo paydo bo‘lsa, uni hal qilish yo‘llarini izlash kerak. Agar maqola muallifi hududida daydi hayvonlar bilan ahvol shunday bo‘lsa, balki vaziyatni hal etishni boshlash kerakdir? Ko‘ngillilardan yordam so‘rash, sonini kamaytirish uchun it va mushuklarni sterillash kerakdir? Muallif go‘yoki buni eshitganday, shunday ta’kidlaydi: «shaxsan fikrimcha, kanalizatsiya, suv ta’minoti, issiqlik tarmog‘ini ta’mirlash yoki sifatli ta’mirlash uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagan shahar va tumanlarda daydi itlarni sterillashga boshlarini qotirib ham o‘tirishmaydi. Garchi ma’lum bo‘lishicha, bu qonun bilan belgilangan. Xuddi shuningdek, boshpanasiz itlarga o‘q uzish ham insoniylikdan emas. Negadir ko‘zlar birdaniga «o‘q uzish» so‘ziga tusharkan. Mamlakatda daydi hayvonlarni otishga ruxsat berilganmi o‘zi? Quyidagi satrlar hayratda qoldiradi: «Adolat yuzasidan aytsak, hududdagi daydi itlarni otuvchi maxsus bo‘linma o‘z vazifasini vijdonan bajarmoqda. Lekin ularda ham muammolar yetarli. Ularga o‘q berilmaydi, balki o‘zlari sotib oladilar. Yagona miltiq ham brigadirning o‘ziga tegishli. Menimcha, agar qurol davlat tomonidan berilsa, uni saqlashni ta’minlaydigan davlat idorasiga tegishli bo‘lsa, bu to‘g‘ri va qonuniy bo‘lardi...»

Qachondan beri daydi hayvonlarni tutish xizmati daydi itlarni otuvchi maxsus bo‘linmaga aylanibdi va yana o‘z qurolidan foydalanib? «Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 15-iyundagi «Mehr va Oqibat» JHQ NNT bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining «Uy va qarovsiz hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish va ularni saqlash boshpanalarini yaratish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi haqida «Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat bilan qanday kurashamiz?» maqolasi chop etildi va Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi (QHTBT) portaliga ham joylashtirildi (o‘sha paytda). Ushbu hujjat hokimliklar huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘linmasini «Qarovsiz hayvonlarni qutqarish xizmati»ga qayta tashkil etishni nazarda tutadi. Ularning tutishda eng kam jarohat yetkazuvchi usullar qo‘llaniladi - to‘rlar, matraplar, tuzoqlar, oziq-ovqat xo‘raklari va boshqalar. Shafqatsiz usullar yoki otish bilan qo‘lga olish taqiqlanadi (quturish yoki odamlarga hujum qilish hollari bundan mustasno). Bunga izoh berishlari uchun tutish xizmatining o‘ziga murojaat qildik.

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi nazoratsiz hayvonlarni tutishga ixtisoslashtirilgan mexanizatsiyalashgan otryad boshlig‘i Vladimir RAVDIN:

- Xizmatimizda otish qat’iyan man etiladi. Biz tutishning bunday noinsoniy usullarini qo‘llamaymiz. Eslatib o‘tilgan shaxsiy qurol va o‘qlardan foydalanish-ku, ayniqsa - bu qoidani buzish, degani! Ekstremal holatlarda, masalan, hayvon insonga hujum qilganda, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan va faqat davlat qurollari ishlatilishi mumkin. Agar kimdir qo‘liga miltiq tutib, o‘q-dorilarni sotib olib, it yoki mushukni otgan bo‘lsa, bu hayvonlarga bo‘lgan shafqatsizlarcha munosabat, deb tasniflanadi*. Quturish masalasiga kelsak, bizga shunday itni tutish borasida hyech qanday ariza kelib tushgani yo‘q.

Kimning so‘zlariga ishonish kerak?..

* May oyi oxirida Prezident MJ kodeksining 111-moddasiga kiritilgan tegishli o‘zgartishlarni imzoladi. O‘zgartishlarga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Moddaga yangi qism kiritildi:

«Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Nima bo‘lganda ham jurnalistning maqolasida baribir ratsional mag‘iz mavjud. Muallif statistikani keltiradi: hududda daydib yurgan itlarning 99 foizi o‘z sohiblariga ega. Ularning hyech biri pasportga ega emas. Bu veterinariya bo‘limlarining egalari bilan birgalikdagi ishi, shuningdek, hayvonlarni quturishga qarshi vaqtida emlash ham amalga oshirilishi kerak. Yana bir muammo bor: ko‘pchilik qishloq aholisi tunda itlarini zanjirdan bo‘shatib yuboradilar va ular ko‘chaga chiqib ketadilar. Ular o‘tkinchilarni qo‘rqitishi yoki hatto, tishlashi mumkin. It egalarini tegishli javobgarlikka tortish kerak, negaki hayvonlarni jamoat joylarida zanjirsiz va tumshuqbog‘siz qo‘yib yuborish mumkin emas.

Haqiqatan ham, ularning egalari boshqa odamlarni va uy hayvonlarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun itlarni saqlashning muayyan me’yorlari mavjud.

Daydi hayvonlarning paydo bo‘lishi - ularga nisbatan beparvo munosabat natijasidir. Hayvon egalarida uy hayvonlariga munosabat madaniyatini va mas’uliyatni hosil qilish lozim. Ko‘chalarda it va mushuklar populyasiyasining o‘sishiga qarshi insoniy usullar bilan kurashish talab etiladi. Shunga o‘xshash maqolalar bilan (chunki ba’zi nashrlarda bunday material chop etilishi ham mumkin!) odamlarni dahshatli suratlar va kasallik oqibatlari bilan qo‘rqitib, ekspert izohini keltirmay va mamlakatdagi quturish bilan bog‘liq haqqoniy vaziyatni ko‘rsatmay, aholi orasida vahima urug‘ini sochish kerak emas.

Ushbu javob bilan nima demoqchimiz? Hurmatli hamkasblar, jamoat noroziligiga olib keladigan materiallarni yozishda juda ehtiyot bo‘ling va chuqur o‘ylab ish tuting. Bu kabi istalgan mavzularni mutaxassislar fikrini keltirib, turli isboti yo‘q taxminlardan va sub’yektivizmdan qochib, ta’sirchanlikka berilmay, ob’yektiv yoritish kerak. Zero, so‘z – yaratishga ham, vayron qilishga ham qodir bo‘lgan kuchdir.

Yuliya Lafeyson.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 16-iyuldagi 142-sonida «Ответственность за сказанное слово» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech