03 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,3 °C

Transport
31 Yanvar  2019 14352

GPS tizimi yana ishga tushadimi? Bu qachon sodir bo‘ladi?

Mana, ikki oydirki, Toshkentda jamoat transportini GPS-monitoring qilish tizimi ishlamayapti. Xo‘sh, u qachon ishga tushadi?

...Yaqinda Rossiya OAVda Saransk merining kechqurun ishdan uyiga markaziy bekatlardan biridan jamoat transportida ketgani haqidagi xabarni e'lon qilishdi. «Bekatda rosa bir soat turdim... Shunda ko‘p narsaga tushundim. Kechqurun hamma ishdan uyiga ketadigan tig‘iz payt – munitsipal avtobuslaru trolleybuslar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? - deya hayratini yashirmadi u meriyadagi yig‘ilishda. – Ishni qanday qilish kerak bo‘lsa, shunday bajarish kerak. Keyin odamlarning haqorat-yu, dashnomlarini eshitib, o‘zingiz xafa bo‘lib yurasiz». Sal oldin Saratov meri ham xuddi shunday tajribani o‘tkazib ko‘rgandi. U ishiga avtobusda yetib bormoqchi bo‘ldi va kech qoldi.

Yuqoridagi misollar bejiz keltirilgani yo‘q. O‘tgan yilning oktyabr oyida «Toshshahartransxizmat» AJning hamda uning tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlari va boshqa xodimlarining haftaning har juma kuni xizmat avtomobilidan foydalanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi buyruq chiqarilgandi. Ya'ni ular shu kunlari ishga jamoat transportida kelishlari kerak edi. Ular yo‘lovchi tashish sifati, haydovchilar va chiptachilarning madaniyati, yo‘l harakati qoidalari va sanitar-gigienik me'yorlarga amal qilishi, yo‘lovchilarning kayfiyati va turli noroziliklarga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rganish uchun haftaning boshqa kunlari ham jamoat transportida yurishlari ham mumkin aslida.

Xo‘sh, natijalar aholiga sezilarli bo‘lyaptimi? Xuddi shu savol bilan turli tumanlar aholisiga murojaat qildik. So‘rovda ishtirok etganlarning ko‘pchiligining fikriga ko‘ra, rahbariyat yetarlicha jamoat transportida yurmayotgandek. Yoki yaqqol ko‘rinib turgan muammolarni bartaraf etishga yetarlicha mas'uliyat bilan yondashishmayapti.

...Soat kechki to‘qqiz. Poytaxtdagi kurantlar oldidagi bekatda olti kishi turibdi. Har biri  o‘z avtobusini kutmoqda. Ammo ular kelarmikan? Ob-havo yaxshi, vaqt ham kech bo‘lib ketmagan, yerda harakatlanuvchi jamoat transporti soat 22-23 gacha yuradi. Har holda ko‘pgina bekatlarda osib qo‘yilgan va «Toshshahartransxizmat» AJ saytidagi harakatlar jadvalida shunday, deya ko‘rsatilgan.

«Kechirasiz, bilmaysizmi, 1-avtobus hali yurarmikan? – yonidagi kishilardan so‘raydi yoshgina qiz. Ular bunga javoban yelka qisishadi. – Ilgari ancha qulay edi: telefondagi ilovani ocharding-da, avtobuslar yuryaptimi-yo‘qmi, agar yurayotgan bo‘lsa, qancha vaqtdan so‘ng sen turgan bekatga qachon yetib kelishini oldindan bilarding. Hozir taxmin qilishdan o‘zga chora yo‘q...»

Yanada tushunarli bo‘lishi uchun: Toshkent aholisining 60 foiziga yaqini jamoat transportidan foydalanadi. O‘tgan yili 250 milliondan ko‘proq kishi tashilgan, ularning 80 foizi avtobuslarda o‘z manziliga yetib olgan. Xorijda bo‘lganlar buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan: ko‘pgina davlatlarda avtobuslar harakatlanish jadvaliga qat'iy amal qiladi. Bizning holatda esa yo‘lovchilar shoyad kelib qolsa, deb kutadi.

Vaziyat esa yaqindan boshlab o‘zgara boshladi: 2016-yilning yozida «Toshshahartransxizmat» AJ va «Grand Technology System» kompaniyalari «TashBus» mobil-ilovasini test rejimida ishga tushirdi. Bunda smartfonlar egalari GPS ma’lumotlari orqali avtobuslarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish va kerakli joyga qaysi vaqtda yetib kelishini kuzatib borishlari mumkin edi. 2017-yilning kuzida AJ ko‘magida bir guruh tashabbuskorlar tomonidan kengroq funksiyalarga ega boshqa, «MyBus Tashkent» ilovasi amaliyotga tatbiq etildi. Shaharliklar ham uning qulayligini e’tirof etdi. Negaki, kerakli paytda bekatga chiqish, agar avtobuslar harakati to‘xtagan bo‘lsa, vaqtni yo‘qotmay, taksi chaqirishi mumkin bo‘ldi.

Ammo GPS-monitoring tizimining asosiy vazifasi «Toshshahartransxizmat» AJ va avtobus parklarining o‘zi tomonidan jamoat transporti ishini nazorat qilishdir. Dispetcherlar qaysi bekatda avtobuslar odam to‘ldirish uchun ko‘p vaqt to‘xtab qolgan, qaysi haydovchi tezlikni me’yoridan oshirgan, qaysi yo‘nalishdan transport vositasi vaqtidan ertaroq chiqqanini nazorat qilib borishardi. GPS-modul paydo bo‘lgandan so‘ng ham amalda ba’zi haydovchilarning qoidalarni buzishda davom etayotgani kuzatildi.

- 2018-yilda AJ haydovchilari ishtirokida 37 ta YTH sodir etildi, 28 holatda haydovchilar aybdor. Buning natijasida 3 kishi hayot bilan vidolashgan, 68 tasiga turli og‘irlikdagi tan jarohati yetgan. Shulardan haydovchining aybi bilan 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 50 kishiga jarohat yetgan. Ular tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi 1152 marta kuzatilgan, bu ko‘rsatkich 2017-yilda 1982 martani tashkil etgandi, - deydi «Toshshahartransxizmat» AJ Jamoat transporti xavfsizligini ta'minlash bo‘limi bosh mutaxassisi Nodirxon Xo‘jayev.

Tabiiyki, hatto, onlayn-monitoring ham bunday ko‘ngilsiz statistik ko‘rsatkichlardan chetlab o‘tishni kafolatlay olmaydi. Bunda hamma gap ayrim haydovchilarning mas'uliyatni yetarli darajada his etmasligida. Agar kuzatuvga mas'uliyat bilan yondashilsa, poytaxt aholisi shu haqda tez-tez shikoyat qiladigan jadvalni cho‘zish va boshqa yo‘nalishdagi transportlar bilan «poyga qilish»larga barham berilishi mumkin. Bu qisman moliyaviy va yonilg‘i ta'minotida ham tartibni yuzaga keltirgan bo‘lardi. Ammo bu quruq og‘izda bo‘lmasligi kerak.

Darvoqe, tizim dekabr oyida to‘satdan ishlamay qoldi. AJ profilaktika ishlari olib borilayotgani munosabati bilan uning vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayotganini xabar qildi va yo‘lovchilardan bunday noqulaylik uchun  uzr so‘radi.

Xo‘sh, profilaktika ikki oy vaqt davom etishi mumkinmi? Ana shu savolga javob olish maqsadida AJga murojaat qildik. Ammo bari kutilganidan ham murakkabroq ekan. Xizmat ko‘rsatuvchini «O‘zbektelekom» AK bilan hamkorlikda «BePro» dasturchilar markazi tomonidan ishlab chiqilgan mahalliy «UZGPS» tizimiga almashtirishga qaror qilingan. U esa «Xavfsiz shahar» loyihasida ishtirok etmoqda, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, poytaxt o‘t o‘chirish xizmati, Farg‘ona va Namangandagi «Tez yordam» xizmatlari va boshqa tashkilotlar undan foydalanyapti. O‘tgan haftada avtoparklardagi ko‘pgina avtobuslar mazkur tizimga ulandi, yaqin kelajakda qolganlari ham ulanadi. Shu bois ham monitoring hozircha keng omma uchun ishlamayapti, biroq hademay, «MyBus Tashkent» ilovasi orqali yo‘lovchilarning unga kirishi mumkin bo‘ladi. Bunga esa oz kun qoldi.

Yangilikning afzalligi nimada? Oldingi tizim faqat bitta xarita bilan ishlardi va ko‘pgina jihatlarni o‘ziga qamrab ololmasdi. Hozirgisi biryo‘la sakkizta xaritani qamrab oladi va transport harakatini to‘la kuzatib borish imkonini beradi. Bunda har bir holat dispetcherlarning ko‘z o‘ngida bo‘ladi. AJda ham bu tizimga katta umid bog‘lanmoqda. Ammo oddiy toshkentliklarni  avvalo, butunlay boshqa savol qiziqtiradi – avtobuslar endi jadvalga qat'iy amal qilgan holda va juda kechgacha yuradimi?

Ramil Islomov.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech