11 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,3 °C

Mamlakatimizda
24 Sentyabr  2019 3573

Shov-shuvlar ketidan quvish yoki kasb etikasi: sudlar va OAVning o‘zaro bahamjihatligi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan seminar-trening ishtirokchilari sud-huquq organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida professional hamkorlik modeli qanday bo‘lishi va bo‘la olishi mumkinligini muhokama qildilar. Uni O‘zbekiston Respublikasi hududlaridan tashrif buyurgan  bosma va elektron nashrlar xodimlari uchun AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi tashkil etdi.

– O‘zbekistonda sud-huquq islohoti bo‘yicha USAID dasturi (JRUP) Adliya vazirligi va boshqa davlat organlarining hamkorlik va texnik ko‘mak borasidagi so‘rovlariga javoban tashkil etilgan bo‘lib, respublika hukumatining qonun ustuvorligini ta'minlash, kelgusida qonunchilik va sud-huquq tizimlarini isloh qilish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining o‘sishi va rivojlanishi borasidagi sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, – dedi seminar-treningni ochib bergan loyiha vakili Rahima Nazarova. – Hukumat tomonidan OAV va fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyatining liberallashtirilishi munosabati bilan ushbu jarayonlarga jiddiy ko‘mak zarur. Aholining sud-huquq islohotining asosiy maqsadi, uning sabablari va vazifalari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishi uchun fuqarolarning huquqiy madaniyatini, ularning huquq va majburiyatlarini bilish darajasini oshirishga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni amaliyotga joriy etish zarurati yuzaga chiqadi. Shuni unutmaslik kerakki, bu ikkala hokimiyat – OAV va sudlar - bir ijtimoiy muhitda, umumiy huquqiy makonda mavjud, shu bois ular jamiyat manfaatlariga xizmat qilishda yagona missiyani bajaradilar.

Bundan ham ko‘prog‘ini aytish mumkin, dasturimiz kasbga oid fakultetlar va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda yuridik kasbni rivojlantirishni nazarda tutadi (sudyalar, prokurorlar va advokatlarni o‘qitish, NNT bilan ishlash modellari bilan tanishish uchun milliy maslahatchilarning chet ellarga safarlari). Loyiha shuningdek, huquqiy islohotlarni axborot bilan qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilishni ta'minlash uchun fuqarolik jamiyati salohiyatini rivojlantirishga, eng yaxshi xalqaro amaliyotlardan foydalangan holda mavzuga oid tadqiqotlar o‘tkazishda jamoatchilikning ishtirokiga qaratilgan.

Ommaviy axborot vositalari va adliya tizimining birgalikdagi faoliyati har ikki tomon uchun ham foydali. Lekin bu munosabatlarning tabiati qanday? Mutaxassislar bugun o‘zaro ishonchsizlik doirasida bo‘lgan sudlar va matbuotdagi shaffoflik darajasi past ekanini ta'kidlamoqda.

– Huquqiy madaniyat pastligi sababli, jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari orasida ham sudlov organlari faoliyatini yoritishda ulkan muammolar mavjud, – deydi O‘zbekiston jurnalistlarini qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova. – Huquqiy mavzularda yozadigan muxbirlar soni kam, jurnalist tekshiruvi janrida professionallarcha ishlaydiganlari undan ham ozchilikni tashkil etadi. Jamiyatning talablarini hisobga olsak, ommaviy axborot vositalarida sud-huquq mavzusi bo‘lgan, bor va unga talab hamisha bo‘ladi. Shu bois, hozirgi sharoitda ommaviy axborot vositalari xodimlarining, xususan, sud organlari faoliyatini yoritishda to‘g‘ri ma'lumot berishi masalasi ayniqsa, dolzarbdir. Jurnalistning nuqtai nazari to‘g‘riligi tekshirilgan va ob’ektiv, axloq va kasb doirasidan chiqib ketmagan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, OAV vakillari huquqiy atamalarga ham e'tibor berishi lozim, chunki ular qonun va protsessual me'yorlar haqida to‘laqonli axborotga ega bo‘lish uchun mos ma’lumotga ega emaslar.

Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan bosma va elektron nashrlar muxbirlariga Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi murabbiysi Yoqutxon Mamatova ikki kun davomida sud-huquq mavzusini to‘g‘ri yoritishni o‘rgatdi. Trening dasturi doirasida mamlakatimiz sud-huquq tizimini isloh qilishning asosiy jihatlari, milliy ommaviy axborot vositalarida huquqiy mavzularni yoritishdagi zamonaviy yondashuvlar, uslubiyat va janrlar imkoniyatlari tilga olindi va maqolalarni yozishning media standartlari taklif etildi.

Seminar davomida sudning axborot borasida yopiqligi bir necha bor ta’kidlandi, bu esa jamoatchilik orasida, jumladan, ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan ham, turli asossiz, uydirma gaplar tarqalishiga imkon beradi. Cheksiz axborot makonida jurnalist axborot to‘plash menejeri vazifasini o‘taydi. Shu bois ham sudlarning ochiq qaror qabul qilishning tushunarli mexanizmi bilan ochiqlik va shaffoflik imidjini shakllantirishi muhimdir. Buning uchun tizim jamoatchilikni qiziqtirgan mavzularni yopish uchun turli bahonalaru sabablarni qidirmasligi, balki to‘liq ma’lumotni, ayniqsa, aks sado beruvchi ishlar bo‘yicha, taqdim etishi lozim. O‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari ham sud tizimini rivojlantirishda, jamiyatga huquqiy bilim berishda faol yordamchilarga aylanishi kerak. Seminar ishtirokchilari huquqiy amaliyotning o‘ta nozikligiga, o‘yin shaklida bo‘lsa-da, kichik guruhlarda va vaziyatli rol o‘yinlarida ro‘baro‘ kelishdi.

Shuningdek, sud-huquq mavzusini yoritadigan jurnalistlar xavfsizligini ta'minlash mavzusi, uning gender jihatlari ham muhokama qilindi. Ba’zan shov-shuv ketidan quvish kasb etikasidan ko‘ra, muhimroq bo‘lib qoladi. Muxbirlar poraxo‘rlar hamda byurokratlar haqidagi yangiliklarni tez ilib olishadi va rivojlantirishadi, bu ayniqsa, raqamli migrantlar, deb ataladigan internet-jurnalistlarining hozirgi avlodiga taalluqli. Bunday mazmundagi axborotlar saytlarga yuqori reyting keltiradi. Ommaviy axborot vositalarining raqamli avlodidan oldingi, ya’ni bugun o‘zining yaxshi kunlarini boshdan kechirmayotgan gazetalarga kelsak, ta'kidlanganidek, ularning ko‘piga mahalliy media bozorda qolish variantlarini qidirib topishi kerak bo‘ladi. Misol tariqasida o‘quvchilarni ko‘proq jalb qilish maqsadida nashrning rivojlantirib boriluvchi, shuningdek, o‘zbek tilida ham, elektron versiyasini ochgan «Pravda Vostoka» gazetasi amaliyoti taklif etildi.

Seminar-trening yakunida tashkilotchilar jurnalistlarning olgan bilim va ko‘nikmalari huquqiy mavzularni yoritishda yanada bilimdonroq bo‘lishiga yordam berishiga umid bildirib qoldilar.

Sitora Sadiyeva.

Navoiy viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech