03 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,2 °C

Xavfsizlik
20 Mart  2020 1016

Po‘lat Bobojonov: Muammolar joyida hal etilmasa ildiz otib ketadi

Yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga, tinchlik va osoyishtalikni, barqarorlikni saqlashga, xalqimiz farovonligini ta’minlashga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Shuningdek, shahrimiz, qishlog‘imiz, mahallamiz tinchligi va osoyishtaligi asosi bo‘lgan mahalla-oila-ta’lim muassasasi hamkorligini yangi darajaga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti qarori bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi shu yo‘ldagi yana bir ezgu qadam bo‘ldi.

Yangi vazirlik tashkil etilishi bilan Ichki ishlar vazirligiga ham bir qator vazifalar yuklatildi, talablar kuchaytirildi. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat BOBOJONOV bilan suhbatimiz ana shu o‘zgarishlar, kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida bo‘ldi.

- Po‘lat Razzoqovich, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda mahallaning alohida o‘rni bor. Yangi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi Ichki ishlar ­vazirligi zimmasiga qanday vazifalarni yuklaydi?

- Davlatimiz rahbari jamiyatda tinch­lik-osoyishtalikni asrash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor ­qaratib kelmoqda. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkil etilishi oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish bilan birga, ushbu tuzilmalarning yaqin hamkorlikda faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mahalla tuzilmasining boshqa idoralar bilan hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, xotin-qizlar, yoshlar va keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi mavjud emasligi, oila, turmush doirasidagi masalalarga yuzaki qaralgani ko‘p hollarda oilalar va mahallalarda turli notinchliklarga sabab bo‘lgan.

Aholini qiynayotgan oddiy muammolar joylarda hal etilmaganidan keyin ildiz otib, turli tushunmovchiliklarga, fuqarolarning ovoragarchiliklariga sabab bo‘lgan. Bu esa huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarga ham putur yetkazib, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Yangi vazirlikni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ham shu kabi muammolarga barham berish, aholi osoyishtaligini ta’minlash, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirishdir. Shuningdek, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli va mavqeini yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, ularning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchini yanada mus­tahkamlash maqsadi ham  ko‘zlangan.

Endilikda har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asos­langan yangi tizim joriy etiladi. Bunda mahalla institutini aholining chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, mahalla institutining ichki ishlar organlari, bosh­qa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari va ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarining roli va mavqeini yanada oshirish, mustaqilligi hamda vakolatlarining amaliy samaradorligini ta’minlash va boshqalar ham asosiy vazifa sifatida belgilangan.

- Yangi vazirlik tashkil etilishi bilan bir qancha tashkilotlar tugatildi, maqomlari o‘zgardi. Bu ichki ishlar organlari tizimida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi?

- Farmonga ko‘ra, endilikda fuqarolar yig‘ini raisi besh yil muddatga saylanadigan, profilaktika inspektorlari besh yilga tayinlanadigan bo‘ldi. Shunga mos ularning vakolatlari va mavqei oshirildi. Eng muhimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda profilaktika inspektorlari boshqa davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlarini takrorlovchi, ortiqcha va xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarning bir qanchasidan ozod qilindi.

Yana bir o‘zgarish shuki, fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, bu vazifani bajarish profilaktika (katta) inspektori zimmasiga yuklatildi. O‘z o‘rnida, fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘ldi.

Shuningdek, fuqarolar yig‘ini raisiga hudud profilaktika inspektori faoliyatiga baho berish hamda uni rag‘batlantirish yoki unga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha Qoraqalpog‘is­ton Respublikasi IIV, Toshkent shahri va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyat­lar IIBlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish huquqi ­berildi.

Yana bir yangilik - hududiy ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh bosh­qarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari - huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari lavozimiga o‘zgartirildi.

Xuddi shunday, tuman(shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari - huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi(bo‘linmasi) boshliqlari, yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari tegishincha tuman(shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining huquq­buzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlariga o‘zgartirildi.

Profilaktika inspektori osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish uchun o‘z hududini yaxshi bilishi, mahalla past-balandi, yaxshi-yomonidan xabardor bo‘lishi lozim. Aholi bilan ishlab, amaliy tajribaga ega bo‘lguniga qadar unga muayyan vaqt kerak bo‘ladi, albatta. Endi o‘ylab ko‘ring, hududiga moslashib, jinoyatlarning oldini olishga kirishganida, kutilmaganda uning boshqa hududga xizmatga o‘tkazilishi xizmat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Albatta ko‘rsatadi. Shu bois ham bu masala yuzasidan fuqarolarning talab va takliflarini o‘rgangan holda profilaktika inspektorlari besh yil muddatga tayinlanadigan bo‘ldi.

Sir emas, profilaktika inspektorlari hududlarda jinoyatlarning kelib chiqish sabab va omillarini yaxshi biladi. Yetarli tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lgani uchun huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan qanday choralar ko‘rish kerakligi ham ularga yaxshi ma’lum. Shuning uchun quyi rahbarlik lavozimlariga ana shunday tajribali profilaktika inspektorlaridan tayinlanishi belgilab qo‘yildi.

Yana bir e’tiborli jihati, profilaktika inspektorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIVning, Toshkent shahri va Toshkent viloyati IIBBlari hamda viloyatlar IIBlari boshliqlarining o‘rinbosarlari - huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga asosan, ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Shunga mos ravishda tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan uning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari tavsiyasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

- Yuqorida profilaktika inspektori o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan bir qancha vazifa va funksiyalardan ozod etilganini aytib o‘tdingiz. Shu haqda batafsil to‘xtalsangiz.

- Bir haqiqatni hech kim inkor etolmaydi: jamiyatda hamma o‘z ishini maromiga yetkazib bajarsa, boshqa ishlarga chalg‘imasa, hayotimizda hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Keyingi vaqtda tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini xatlovdan o‘tkazishdan tortib, hajga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun tuzilgan ishchi guruh tarkibida faoliyat yuritayotgan, fuqarolarning majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalarini xatlovdan o‘tkazayotganlar ham shu soha vakillari bo‘lib qolayotgandi. Huquqbuzarliklar oqibatida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda ixtisoslashtirilgan muassasalar tuzish, fuqarolar yig‘inlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgan choralarni amalga oshirish ham profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan edi.

Asosiy ishi hududda osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘lgan profilaktika inspektoriga shu kabi o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan vazifalarning yuklanishi oqibatida hech bir yo‘nalishda ijobiy natijaga erishib bo‘lmasdi. Shularni nazarda tutgan holda, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ko‘plab vazifa va funksiyalar qisqartirilib, asosiy faoliyati bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratildi.

Bundan tashqari, ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosariga profilaktika inspektorlari faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va mas’ul xodimlariga nisbatan bevosita intizomiy jazo choralarini qo‘llash vakolati berildi. Bu ham ularning samarali xizmat qilishiga zamin yaratadi.

Yaqin vaqtlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida kadrlar bilan ishlash bo‘limi (bo‘linmasi, guruhi) tashkil etiladi. Huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan ta’sirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektorlarining ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish hamda bevosita ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qonun lo­yihasi ishlab chiqilmoqda.

Xullas, asosiy maqsad - har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va profilaktika inspektorlarining mustaqilligini ta’minlash, ular faoliyatiga asossiz aralashishlarga chek qo‘yish va o‘zlariga taalluqli bo‘lmagan vazifalardan ozod etish birlamchi  vazifadir.

N.Ahmedova,
suhbatlashdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech