22 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,3 °C

Mamlakatimizda
13 Iyun  2019 2726

Adolat so‘rab, oxirgi umid bilan...

- Siz – so‘nggi umidimsiz. Qaerlarga shikoyat qilmadim deysiz, Oliy sudgacha bordim, besh marta televideniega murojaat qildim, lekin shundayam adolat qaror topmasa…

Tadbirkorlardan biri Adliya vazirligi rahbarligidagi ishchi guruh a’zolariga Buxoro viloyati Peshku tumanidagi uchrashuvda ana shunday so‘zlar bilan murojaat qildi. U Bosh vazir qabulxonalarining ochilishi munosabati bilan ishbilarmonlarning murojaatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etildi. Yana bir so‘zga chiqqan keksa kishi poytaxtda haqiqatni qanday izlagani haqida hayajon bilan so‘zladi. Biroq salkam 600 kilometr yo‘l bosib, bir qator davlat organlarida ham shaxsga, ham tadbirkorga nisbatan qo‘pollik va befarqlikka duch kelgan. Endi mas’ul shaxslar bilan shaxsan uchrashish imkoni tug‘ilganidan xursand.

Bu ishda baland cho‘qqilar ko‘zlangani ko‘rinib turibdi. Sohaning barcha vakillari ham Bosh vazir qabulxonalarining tashkil etilishini hali eshitmagan, eshitganlari esa unga ulkan umidlar bilan qaramoqda. Ishonchni esa oqlash lozim.

– Davlatimiz rahbarining Bosh vazir qabulxonalarini ochish borasidagi tashabbusi tadbirkorlarimizning dolzarb muammolarini hal etishda katta ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorov. – Biz murojaatlarning eng ko‘p uchraydigan mavzularini ajratib oldik, ancha paytdan beri bu borada ishlayapmiz ham. Eng ko‘p murojaatlar – yer uchastkalari, shuningdek, kreditlar ajratish bilan bog‘liq. Garchi deyarli hamma joyda «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar - kelajagimiz» davlat dasturlari bo‘yicha bo‘sh yerlar, binolar va zarur pul mablag‘lari, jumladan, xalqaro moliya institutlari liniyalari ham, mavjud bo‘lsa-da, banklar bilan tuzilgan shartnomalarning bajarilishi bilan bog‘liq muammolar mavjud, turli muassasalarda garov ta’minoti va boshqa masalalarga turlicha yondashiladi. Bunday qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va davlat organlarining biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zaro hamkorligini kuchaytirishda xuddi shu yangi qabulxonalar yordam beradi.

Davlat organlari o‘rtasida bo‘zchining mokisidek

Ishbilarmonlik sohasi muammolarni eshitadigan, mintaqasidan qat’i nazar, mansabdor shaxslarning qanchalik o‘xshashligiga beixtiyor hayron qolasiz. Ular murakkab ish - tadbirkorlikni olib borayotgan oddiy insonlar uchun bir xil qiyinchiliklar tug‘dirishadi.

Masalan, murojaat qilganlardan biri ishni yaxshi bilmaslik yoki qonunni qasddan buzishga duch kelgan, deylik. U obi-non va patir ishlab chiqaruvchi oilaviy korxonani tashkil etgan. Bundaylar uchun gazga haq to‘lash jismoniy shaxslarning tariflari bo‘yicha bo‘lishi kerak, undan esa yuridik shaxslar tariflari bo‘yicha, ya’ni ancha-muncha ko‘proq to‘lovni amalga oshirish talab qilinadi. Buning qanday to‘g‘ri hisoblanishi ishchi guruhga ham yaxshi ma’lum va u Majburiy ijro byurosining mahalliy bo‘limiga da’voni ishbilarmonning foydasiga hal etishga ko‘rsatma berdi.

Sulton Omonovga novvoyxona ochish uchun imtiyozli kredit kerak edi, uni oldi ham. Shundan so‘ng yer maydoni masalasida «Yagona darcha» markazi, hokimlik va kadastr xizmati o‘rtasida bo‘zchining mokisiday yelib-yugurishlar boshlandi. Kadastr allaqachon bor, ammo yerni ajratish to‘g‘risida hech qanday qaror yo‘q. Ishchi guruh bu muammoni bir kun ichida hal etishni topshirdi.

Uning elektr ta’minoti bilan hal etilmagan masalasi bor. Tuman elektr tarmog‘i (TET) vakili, agar tadbirkordan ariza kelib tushsa, xodimlari ishni bajarishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uchrashuvni olib borayotgan Adliya vazirining o‘rinbosari Akbar Toshqulov hayron bo‘lib: «Mana, u sizga murojaat qilyapti-ku?!», dedi. Ma’lum bo‘lishicha, TET undan qandaydir texnik shartlarni olish kerak ekan. Ishchi guruh ularni tayyorlashni o‘z zimmasiga oldi. Tadbirkorning shuncha vaqtdan beri asablarini qaqshatib kelayotgan masala muhokamasiga: «Byurokratiyani avj oldirib yuboribsizlar!» so‘zlari bilan xotima berildi.

Xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Sanam Jumaeva 1-iyun kuni yangi bolalar bog‘chasini ochishni rejalashtirgandi. Biroq o‘xshamadi – moliyaviy mablag‘ni to‘liq ololmadi, elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlari ulanmagan. Ixtisoslashgan idoralar mutaxassislari kelib, ulanishni ta’minlashga va’da berib ketishdi va qaytib qorasini ham ko‘rsatmadilar. Ariza «Yagona darcha» markazi orqali taqdim etilgan, markaz ham uning ijrosini nazoratga olmagan…

Yana bir tadbirkor ayol tikuv sexi qurish uchun bir gektar yer ajratishni so‘radi. Hozircha olti nafar ishchisi bor, ammo u ko‘payishi mumkin. Mas’ul organlar yerni berishga va’da berishdi, lekin juda cho‘zib yuborishdi. «Buning uchun kim javobgar?», deya ishchi guruh aniqlashtira boshladi. Tuman komissiyasi ekan. Unda kimlar bor? Muammoni tezroq hal qilish shunchalik qiyinmi? Uch kun muhlat berishdi.

Ikki yillik noaniqlik

Ikki oy oldin Ilhom Hamdamov xususiy klinika qurish uchun yer so‘rab murojaat qilgandi. Ishiga uch milliard so‘m sarmoya kiritmoqchi bo‘ldi. Lekin unga biror aniq javob berishmadi – na ha, na yo‘q, na yer uchastkalari kimoshdi savdosi bo‘lishi-bo‘lmasligi borasida. Afsuski, ushbu masalani darhol ish tartibida hal etishning ham iloji bo‘lmadi – uchrashuvda Buxoro tumanidagi tegishli tuzilmalar vakillari shunchaki yo‘q edi…

Go‘zallik salonini ochish maqsadida murojaat qilgan Nigora Ergashevaning omadi ko‘proq yurishdi. 30 million so‘m kredit olish uchun bankka murojaat qildi, ammo to‘rt oydan beri javob yo‘q. Nega shoshilishmayapti? Bir u hujjatni olib kel, bir bu hujjatni olib kel, deyishadi. Aslida bir kun ichida ushbu masalani hal etish uchun Toshkentdan desant kelishi ham shart emasdi. Mablag‘ borligini bankning o‘zi tasdiqladi. Mahalliy bank sudragan, hal etishini cho‘zgan masalani moliya muassasasining respublika idorasi o‘ziga qayd etib qo‘ydi.

Ular Hakima Berdiyevaning murojaatiga ham munosabat bildirishga shoshilmadilar. O‘zi tug‘ilib-o‘sgan mahalla aholisi uchastkalari buziladimi-yo‘qmi bilolmay ikki yildan beri azob chekishmoqda.

– O‘zim o‘quv markazi qurganman, bolalar bog‘chasi qurishni ham istayman, lekin bunday noaniqlikdan keyin... – qo‘llarini yoyadi ayol. – Va bu «bo‘zchining mokisi»ga oid yagona misol emas. Agar tadbirkorda biror savol tug‘ilsa, «Yagona darcha» mahalliy markazida faqat bitta xodim vakolatli javob berishi mumkin. Qolganlariga murojaat qilishdan ma’ni yo‘q. Agar boshqa organlar – hokimlikdan to soliq xizmatigacha boradigan bo‘lsangiz, ulardagi mutaxassislarning ba’zan mavzuni bilmasligiga yoki har biri o‘zining normativ hujjatlardan keltiradigan sharhlariga to‘qnash kelasiz. Bunda kimga ishonish kerak? Ularning shunday ishlashlari kerakmi? Tadbirkorlar bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladigan ko‘pgina rasmiylarning shaxsan o‘zi hech qachon tadbirkorlik qilmagan. Haqiqiy manzarani qayerdan ham bilishardi?

Bundan murakkabroq holatlar ham uchradi. Xursana Xo‘jayeva un kombinati binosida o‘z ishini ochgandi, uni buzib tashlashdi. Endi xodimlari ishsiz o‘tiribdi. Vaziyatni o‘rganish jarayonida o‘sha yer maydonining «Bukhara City» qurilishi hududiga kiritilgani aniqlandi.

Yana bir tadbirkor «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilishi munosabati bilan kutilmaganda yer maydonidan ajralgan. Ushbu joyni obodonlashtirishga o‘z mablag‘lari hisobidan 130 million so‘mdan ziyod pul sarflagandi, u yerda hovuz qurib, baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygandi. Biroq masalaga oydinlik kiritish jarayonida kadastr xizmati xodimi o‘z sohasi bo‘yicha javob berish bilan cheklanib qolmadi, u tadbirkordan nega biror marta ham baliq ovlash haqidagi statistika va boshqa tuzilmalarga hisobot bermaganini so‘ray boshladi. Ishchi guruhning buning so‘roq emasligini unga eslatib qo‘yishiga to‘g‘ri keldi. Biroq ana shugina misol ham ko‘pgina mansabdor shaxslarning tadbirkorlarga hamma narsa borasida hisbot berishlari shart bo‘lgan kishilardek munosabat ko‘rsatishlaridan dalolat beradi. 

«Anchadan beri tinchimizni yo‘qotganmiz...»

G‘ijduvondagi uchrashuv ham his-tuyg‘ular bilan boshlandi. Bir muammo yarim soatdan ko‘proq vaqt davomida muhokama qilindi, lekin bu juda ko‘pchilikka ta’sir qildi. Bir guruh tadbirkorlar bozorning qisman buzilishi va boshqa joyga ko‘chirilishi sababli bozordagi o‘rinlaridan ajrab qolgan. Yangi savdo nuqtasiga ega bo‘lish uchun ulardan 24 kvadrat metrli do‘kon uchun 170 million so‘mdan ziyod mablag‘ talab qilindi. «Juda qimmat-ku?!», deya pichirlaydi yonimda o‘tirgan ayol. Boshqa jabr ko‘rganlar ham baland ovozda g‘azablana boshladilar. Narxi chindan ham qimmat, tasdiqlaydi Savdo-sanoat palatasi vakili. Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, narx smetaga ko‘ra belgilangan.

Xususiy investor eski nuqtalarda gipermarket qurishga qaror qilibdi. Uni qo‘llab-quvvatlashibdi – bu yaxshi, lekin nima uchun boshqalarni siqib qo‘yish evaziga?

Ishchi guruh birinchi navbatda sobiq do‘kon egalariga bozordan joy ajratish kerak, deya ta’kidladi. Hokimlik vakili esa, odamlar uchun kompensatsiya sifatida boshqa joylardan nuqtalar taklif etilganini aytdi. Tadbirkorlar e’tiroz bildirishdi: tanlash uchun masalan, gaz liniyalari o‘tgan, tashlandiq yoki yaroqsiz joylar berilarkan. Markaziy bozorda savdo qilish o‘z yo‘liga, ammo uning tashqarisida turib noldan qanday qilib xaridorlarni jalb qilish mumkin? Odamlarning eski joylarida tadbirkorligini davom ettirishni istashi ajablanarli emas. Ba’zilariga bu yerda 25 yil oldin savdo nuqtasi taqdim etilgan va shu vaqt ichida ularga nisbatan davlat organlari tomonidan hech qanday da’vo bo‘lmagan. Har bir kishi kadastr hujjatlarini olgan, soliqlar vaqtida to‘langan, endi esa ular yana joy va patent uchun pul sarflashlari kerak. Nima bo‘lganda ham, ko‘pchilikning bu yerda butun oila bo‘lib ishlashi negadir hisobga olinmagan va endi savdosi majburiy to‘xtab qolib, bekor o‘tirishganda, albatta, ularda bunday pulning o‘zi bo‘lmaydi...

– Men yolg‘iz ayolman, ko‘p yillardan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, – deydi so‘z olgan jabrlanganlardan biri, allaqachon sochlariga oq oralagan buvi, hayajon va titroq ovozda. Go‘yoki g‘azabini ichiga sig‘dirolmay va o‘z ojizligidan hozir yig‘lab yuboradiganday. – Biz anchadan beri tinchimizni yo‘qotganmiz. Nima uchun bizni aldashadi, nima uchun kechqurun hujjatlar bilan zudlikda hokimiyatga chaqirishadi, borasiz, ammo u yerda nega hech kim bo‘lmaydi? Nima uchun chalkashtirishga yoki qo‘rqitishga harakat qilishadi? Butun umrim davomida oilamni o‘zim ta’minlaganman, birovdan, hatto, xas so‘ramaganman, faqat har bir kishi Prezident va Vazirlar Mahkamasining qonunlari, farmonlari va qarorlarini bajarishi kerak, shuni so‘rayman. Muammolarimiz nahotki, Buxoro yoki Toshkentda hal etilsa, shu yerda hal qilsa bo‘lmaydimi? O‘zim ham bularning baridan shunchalik charchab ketdimki...

Hokimlikning biznesga bo‘lgan bunday munosabatini qanday oqlash mumkin? Risoladagidek ishlash imkoniyatidan mahrum etib tadbirkorlardan yanada ko‘proq pul undirishga urinishlarni qanday tushuntirsa bo‘ladi? Mahalliy hokimiyat tomonidan bir necha bor tilga olingan tadbirkorlarni tinglashni istamaslik yig‘ilishda vazminlik, ammo ochiq-oydin norozilik bilan qarshi olindi. Ular buni allaqachon eshitishgan, ammo muammoning hal etilishini hali ko‘rishmagan. Ular o‘zlarini tinglashga tayyor kishilar bilan madaniy muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun kelishgan. Axir, ushbu uchrashuv ular uchun hokimlikka bunday tuyulmaydigan og‘riqli muammolar haqida gapirish imkoniyatidir. Ularga esa o‘ta ishonch bilan hammasi yaxshi, tadbirkorlik huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda, deya ma’lum qilaverishgan. Biroq xalqning fikri bilan hisblashmasa ham bo‘lmaydi.

Sal ilgari ellik nafar g‘ijduvonlik bozor bilan bog‘liq masala bo‘yicha Adliya vaziri bilan uchrashish uchun Kogonga yo‘l olishgandi, Bosh prokuratura rahbariyatiga ham murojaat qilishdi. Endi ishchi guruh qaror qabul qildi: yetti kun ichida shunday yechim topish kerakki, barchani qoniqtirsin.

...Uchrashuvlardan birida so‘zga chiqqanlardan biri «hokim – tumanning egasi» iborasini ishlatdi. Afsuski, bunday tasavvur aftidan, birgina tadbirkorlarning muammosiga o‘xshamaydi. Bu hokimiyat tuzilmalarining ba’zi vakillariga juda qo‘l keladi. To‘g‘ri, ularni tayinlashadi, ammo biror joyning egasi sifatida emas. Barcha darajadagi amaldorlar Prezidentimizning «xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi lozim», degan so‘zlarini esga olishlari kerak. Ishchi guruh a’zolarining ko‘p bor turli idoralar xodimlariga buni eslatib turishiga to‘g‘ri keldi. Shu bois chindan ham, yig‘ilishlardagi muloqot tadbirkorlar foydasiga bo‘ldi.

Fikr:

Gulnora Marufova,

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, ishchi guruh a'zosi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi – xalqimiz uchun munosib yashash, mehnat qilish, farovonlikka erishishga qaratilgan ulkan taraqqiyparvarlik tashabbusidir. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 14-maydagi «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida soha muammolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ikkita ishchi guruh tashkil etildi. Asosiy maqsadimiz – tadbirkorlarimiz hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz o‘z bizneslarini boshlasin, ishlab chiqarishni rivojlantirsin, investitsiyalar kiritsin.

Buning muhim jihati – muammolarni ko‘pi bilan yetti kun ichida bartaraf etish lozim. Asosan, deyarli barcha murojaatlarni joyida hal etish mumkin. Agar murakkabroq bo‘lsa, ular mintaqa yoki respublika darajasiga o‘tkaziladi. Ba’zilari juda tor yo‘nalishda bo‘lib, tarmoq vazirliklari vakolatlari bilan bog‘liq.

Ayniqsa, tadbirkor ayollarga alohida e’tibor qaratilgan. Ular hayotda o‘z o‘rnini egallashi zarur va masalalarni hal etishda barcha tuzilmalar davlat organlari, moliya institutlari va boshqalar ishtirok etadi. Xotin-qizlar qo‘mitasi hozirda Milliy va Mikrokreditbank orqali ishbilarmon ayollar uchun atigi sakkiz foizlik kredit mablaglari ajratadigan fondga ega. Ular xursand bo‘lib kredit olishadi, chunki bunday past stavka va ikki-uch yil ichidagi hisob-kitob davri o‘z biznesini boshlashga yoki borini kengaytirishga qaror qilganlar uchun ulkan madaddir. Resurslar bor, imtiyozli kreditlar borasida, ayniqsa, ular ijtimoiy muammolarni hal etish, bandlikni ta’minlash imkonini bersa, hech qanday muammo bo‘lmasligi lozim.

Tadbirkor faoliyatini qaysi joydan boshlashni, kredit olish uchun kimga murojaat qilishni har doim ham bilavermaydi, bu yerda esa tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Umuman olganda, soha vakillariga ba’zida moliyaviy savodxonlik yetishmaydi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni xohlovchilar tobora ko‘paymoqda shuningdek, aholining iqtisodiy madaniyatini muntazam ravishda oshirish vazifasi ham yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ishbilarmonlar ko‘proq o‘qib-o‘rganishi, bozorni tadqiq etishi kerak. Davlat organlari va banklar esa bunda ularga yordam berishi, har bir murojaat qiluvchiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi lozim. Axir, u o‘z hududiga qandaydir ishi bilan yordam berishni, o‘z mintaqasini rivojlantirishga kichik bo‘lsa-da, ammo qimmatli hissasini qo‘shishni xohlaydi.

Ramil Islomov.

«Pravda Vostoka» maxsus muxbiri.

Buxoro viloyati

 

Mazkur maqola «Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 13-iyundagi 118-sonida «Poslednyaya nadejda na spravedlivost» nomi bilan e’lon qilingan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech