22 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,4 °C

Ijtimoiy hayot
26 Aprel  2019 7104

Ishchilarning huquqlari qanchalik himoyalangan?

Fuqarolarning mehnat manfaatlarini himoya qilish mamlakatimizda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Bu sohada bugun keng ko‘lamli islohatlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sohaga oid ko‘plab savollar tahririyatga kelib tushmoqda va ularga javob olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildik. Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev xodimlarning qonuniy huquqlari, nafaqalar, ishga olish imkoniyatlari va boshqa ko‘p narsalar haqida gapirdi.

Kasallik varaqasi, mehnat ta’tili va tushlik vaqti

"Rahbariyat mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi uchun pul to‘lamasligi mumkinmi?"

  1. Xuraliyev. Andijon sh.

- Mehnat Kodeksining 285-moddasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kasal bo‘linganda, mehnatda mayib bo‘lgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan turmushda jarohatlanganda, oilaning betob a’zosini parvarish qilganda, karantin e’lon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda to‘lanadi, deyiladi .

Agar siz olayotgan nafaqa bilan hamkasblaringiznikidan farq qilsa, hayron bo‘lmang. Shunchaki, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib bo‘lish va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa, xodimning davlat ijtimoiy sug‘urtasi badallarini to‘lagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi voyaga yetmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining oltmish foizidan yuz foizigacha miqdorda to‘lanishini bilish kerak bo‘ladi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasining eng kam miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

"Kompaniyada homiladorlarni ishdan bo‘shatish hollari uchragandi. Bunga qonunchilik yo‘l qo‘yadimi?"

G.Alimova. Jizzax sh.

- Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi. Bunday holatlarda Mehnat Kodeksining 237-moddasiga bemalol tayanishingiz mumkin.

Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.

"Tushlik vaqti qonun bilan aniq qilib belgilab qo‘yilganmi? Boshliq uni qisqartirish yoki tushlik paytida ishlashini so‘rashi mumkin".

N.Rustamova. Toshkent sh.

- Agar rahbariyat xodim mehnat vazifalarini bajarishdan holi bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdan, ya’ni dam olish vaqtidan mahrum etsa, bu qonunchilikning buzilishidir.

Xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi. Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi. Xullas, MKning 127 va 127-moddalariga tayaning.

Ishlab chiqarish sharoitiga ko‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin bo‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyatini ta’minlashi shart.

"Direktor belgilangan yillik mehnat ta’tilimni bermayapti yoki kerakli paytda uni berishga rozi bo‘lmayapti. Bu bilan u xodimning huquqlarini buzyaptimi?"

  1. Yunusov. Qarshi sh.

- Barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi. MKning 133-moddasiga muvofiq direktor uni sizga berishni rad etolmaydi.

Savolning ikkinchi qismiga kelsak, MKning 144-moddasiga ko‘ra, yillik ta’tillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi. Ta’til berish vaqti haqida xodim ta’til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin xabardor qilinishi kerak.

Quyidagi xodimlarga ta’til ularning xohishiga ko‘ra yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda berilishi ham o‘sha moddada ko‘rsatilgan. Ular sirasiga o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga, 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga va boshqalar kiritilgan.

Kimga shikoyat qilay?

"Xodimning mehnat huquqlari buzilgan bo‘lsa, qanday instansiyalarga murojaat etishi mumkin?"

  1. Yusupov. Guliston sh.

- Yakka mehnat nizolari — bu ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qo‘llanish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir. Bunday hollarda nizoning xodim manfaatini ifoda etuvchi tarafi bo‘lib xodimlarning vakillik organi ishtirok etishi mumkin (MK 259-modda).

Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun o‘z xohishiga ko‘ra, mehnat nizolari komissiyasiga yoki bevosita tuman (shahar) sudiga murojaat etishga haqlidir.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning asosiy vazifalariga:

- fuqarolarning mehnat sharoitlari xavfsizligini ta’minlashda mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

- nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga amal qilinishi va ular uchun zaruriy mehnat sharoiti yaratilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

- manfaatdor vazirlik, idora va jamoatchilik tashkilotlari bilan birga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va to‘liq bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;

- soha masalalari bo‘yicha ishchilar va ish beruvchilarga, shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik sub’yektlariga  maslahat va uslubiy ko‘mak berish va ishlab chiqarishda jarohatlanish va baxtsiz hodisalar oldini olish bo‘yicha amaliy faoliyat olib borish va hokazolar kiradi.

Kim yordam beradi?

"Uzoq vaqtdan beri ish topa olmayapman. Bu ishda yordam bera oladigan biror tashkilot bormi? Shuningdek, kimga va qanday holatlarda ishsizlik nafaqasi berilishini bilmoqchi edim?"

  1. Iskandarov. Angren sh.

- Avvalo, kim ishsiz, deb e’tirof etilishini ko‘rib chiqaylik. Bu «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasida «Ishsizlar — o‘n olti yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno)», deya aniq ko‘rsatilgan.

Agar shaxslar ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ishsiz deb e’tirof etiladi. Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror mahalliy mehnat organi tomonidan ular ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay qabul qilinadi.

Biroq biror kishi mehnat organlarida ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida taklif etilgan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan bo‘lsa yoki ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga ko‘ra mehnat organiga kelmasa, ishsiz deb e’tirof etilmaydi. Va mehnat organiga kelmagan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kun o‘tganidan keyingina shaxs ish qidirayotgan sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishga haqli bo‘ladi.

Ishsizlik nafaqasi ularga mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran yoziladi va to‘lanadi. Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:

- ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;

- ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotgan shaxslarga esa o‘n ikki oylik davr mobaynida o‘n uch kalendar hafta to‘lanadi.

Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart. Batafsil ma’lumotni Adliya vazirligida 1999 yil 13 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Mehnat organlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomdan olish mumkin.

Darvoqye, yana bir variant sifatida: mamlakatimizda pullik asosda xizmat ko‘rsatuvchi xususiy bandlik agentliklari faoliyat yuritmoqda. Bunday muassasalar ro‘yxatini vazirlikning www.mehnat.uz saytidan olish mumkin.

Qaerda vakansiya ko‘p?

"Qaysi sohada kadrlar yetishmasligi kuzatiladi?"

  1. Kan. Yangiyo‘l sh.

- Mehnat bozorini o‘rganishda qo‘yidagilar aniqlangan: O‘zbekistondagi davlat va xususiy tashkilotlar tibbiyot, axborot texnologiyalari (dasturchilar, tizim administratorlari), uy-joy kommunal xo‘jaligi (santexnik, mexanik, muhandis, isitish tizimlari, santexnika va shamollatish uskunalari, issiqlik, energiya va suv ta’minoti ustalari, ta’mirchi-slesarlar), qurilish (gaz-, elektr payvandlovchilar, duradgorlar, kranchilar, landshaft dizaynerlari) sohalarida kadrlar yetishmasligi mavjud. Qishloq joylarida, ayniqsa, agrosektor (veterinar, zootexnik, bog‘boglar, agronomlar) va sog‘liqni saqlash (jarrohlar, umumiy amaliyot shifokorlari, pediatrlar, stomatologlar)da kadrlar yetishmasligi kuchli seziladi.

Shuningdek, rahbarlik lavozimlariga ham mutaxassislar yetishmasligi kuzatiladi. Ushbu muammoni hal etish uchun Prezidentimiz tomonidan 2019-yilga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini kelgusida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Dasturni tasdiqladi. Hujjatga muvofiq boshqa mamlakatlarda mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovka o‘tashga nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi hamda jamg‘arma hisobidan vazirliklar va idoralarning ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli buyurtmalari asosida amalga oshiriladi.

Agar jamg‘arma hisobidan 2019-2021-yillarga o‘qitishga jo‘natilayotgan kadrlar soni haqida gapirsak, bu magistratura va doktorantura uchun joylar umumiy sonining kamida 20 foizidan kam bo‘lmagan  4000 taga yaqin joy, degani.

Boquvchisini yo‘qotgan qo‘llab-quvvatlanadimi?

"Ish beruvchining aybi bilan boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga imtiyozlar bormi?"

  1. Aliyeva. Termiz sh.

- Shubhasiz, bunday holatga tushib qolgan insonlar moliyaviy ko‘maksiz qolmaydi. MKning 192-moddasiga muvofiq xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart. Qaramoqda bo‘lish farazan olinadi va buning uchun dalil talab etilmaydi.

Odamlarda kimlar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanishi borasida savol paydo bo‘ladi. Ular:

- o‘n olti yoshdan katta shaxslar, agar ular shu yoshga to‘lgunga qadar nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar;

- oltmish yoshga to‘lgan erkaklar va ellik besh yoshga to‘lgan ayollar;

- belgilangan tartibda nogiron deb topilgan shaxslardir.

Oila a’zosining mehnatga qobiliyatsizligi boshlangan vaqt (boquvchining vafotiga qadar yoki undan keyin) uning zararni undirishga bo‘lgan huquqiga ta’sir etmaydi.

O‘n olti yoshdagi va undan katta o‘quvchilar, o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qishni tugatgunlarigacha, lekin o‘n sakkiz yoshga qadar bo‘lgan davrda, zararni undirish huquqiga egadirlar. Bundan tashqari, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining bo‘limlari tomonidan boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlanadi.

Boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va boshqa daromadlar qoplanadigan zarar to‘lovi hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqdagi har bir shaxsga tegishli bo‘lgan zararni qoplash summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining ellik foizidan oz bo‘lishi mumkin emas. Bu MKning 193-moddasida o‘z aksini topgan.

Muddatidan ziyod ishlashga qanday haq to‘lanadi?

“Qanday sharoitlarda xodimni muddatidan ziyod ishlashga jalb etish mumkin? Bunda to‘lov qanday bo‘ladi? Bunga homilador va yosh bolali ayollarni jalb etish mumkinmi? Bunday ishlashga me’yor (soatbay) bormi?”

  1. Abdullaev. Buxoro sh.

- MKning 124-moddasiga asosan Xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin. Bunda ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, ularning roziligisiz homilador va 14 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarni jalb etish ham man etiladi.

Ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, - ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Dam olish kunlari ishlash qonuniymi?

"Ko‘pgina ish beruvchilar ishga olayotganda «normalanmagan ish vaqti», degan iborani ishlatishadi. Bu odamning roziligisiz ham dam olish kunlari ishga jalb qilinishi mumkin, deganimi? Va u bunga ko‘nmasa, bo‘shatib yuborish bilan qo‘rqitishsa-chi?"

  1. Majidova. Chirchiq sh.

- MKning 130-moddasini har bir ish beruvchi esda saqlashi kerak, unga ko‘ra, dam olish kunlari ishlash taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Cheklovlarga rioya qilishning barcha ko‘rinishi MKning 220-moddasi 5-qismi va 228-, 245-moddalar bilan o‘rnatilgan.

Bo‘shatib yuborish bilan qo‘rqitishga kelsak, har qanday sharoitda ham bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnat shartnomasi quyidagi sabablarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin:

- taraflarning kelishuviga ko‘ra;

- taraflardan birining tashabbusi bilan;

- muddatning tugashi bilan;

- taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra;

- mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra;

- yangi muddatga saylanmaganligi (tanlov bo‘yicha o‘tmaganligi) yoxud saylanishda (tanlovda) qatnashishni rad etganligi munosabati bilan.

Umidlar oqlanmaganda

"Boshqa majburiyatlari bo‘lgan va yuqori maosh berilishi nazarda tutilgan ishga olingan bo‘lsangiz, ish beruvchi lavozimingizni tushirishga haqlimi?"

  1. Isroilov. Toshkent sh.

- MKning 89-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishga faqat texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi, basharti bunday o‘zgarishlar xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining o‘zgarishiga olib kelishi oldindan aniq bo‘lgan hollardagina haqlidir.

Ish beruvchi ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat shartlarini o‘zgartirish xususida korxonadagi xodimlarning vakillik organlari bilan oldindan maslahatlashib oladi. Ish beruvchi mehnat shartlaridagi bo‘lajak o‘zgarishlar haqida xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirib tilxat olishi shart. Ko‘rsatilgan muddatni qisqartirishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinishi mumkin, bunda xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi. Ko‘pchilik xodimlar guruhi uchun mehnat shartlari noqulay tarzda o‘zgargan taqdirda, ish beruvchi mahalliy mehnat organiga bunday o‘zgartirishlarning sababi haqida ma’lumot berishi shart. Xodim ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari o‘zgartirilganligi ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. Nizoni ko‘rish vaqtida ish beruvchining zimmasiga avvalgi mehnat shartlarini saqlab qolish imkoniyati yo‘qligini isbotlab berish majburiyati yuklatiladi.

Okladni kesishdi

" Boshlig‘imiz barchaga maoshimizni kesish haqidagi qarorini ma’lum qildi. Bu qanaqa asosda? Buni u o‘z xohishiga ko‘ra qila oladimi?"

  1. Ismoilova. Samarqand sh.

- Mehnatga individual haq to‘lashning xodim uchun noqulay tomonga o‘zgarishiga uning roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi. Bu oldingi sharoitlar saqlanib qolinmaydigan texnologiyalar, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda istisno tariqasida mumkin.

MKning 164-moddasida xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, — sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin. Xodimning roziligidan qat’i nazar, belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar mehnat haqidan ushlab qolinadi. Ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim. Ushbu cheklovlar aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazo va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik uchun ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim.

Ishlab chiqarish jarohati: rasmiylashtirish tartibi

"Rahbariyatning ishdan bo‘shatib yuborish bilan qo‘rqitib, ishlab chiqarishda olingan jarohatni ishlab chiqarishda olinmagan, deb yozishi qonun buzilishiga kiradimi?"

  1. Yoqubov. Andijon sh.

- MKning 222-moddasida ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida tekshirishi va hisobga olib borishi shart, deya keltiriladi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi Nizomning 4-punktida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida xodimning mehnat qobiliyati kamida bir kunga yo‘qotilsa yoki tibbiy xulosaga muvofiq yengilroq boshqa ishga o‘tishi zarur bo‘lsa, N-1 shaklidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi (1-ilova). Ish beruvchi tekshirish tugaganidan so‘ng 3 sutkadan kechiktirmay jabrlanuvchiga yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxsga davlat tilida yoki boshqa maqbul tilda rasmiylashtirilgan baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi N-1 shaklidagi dalolatnomani berishi kerak. Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tekshirish hamda hisobga olish, N-1 shaklidagi dalolatnomani tuzish, baxtsiz hodisa sabablarini bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javobgardir.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tekshirish va hisobga olishni, shuningdek, baxtsiz hodisa kelib chiqishi sabablarini bartaraf etishga oid chora-tadbirlarning bajarilishini korxonaning yuqori turuvchi xo‘jalik organi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi, davlat mehnat texnika nazoratchisi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va «O‘zenergonazorat» agentliklari organlari nazoratdagi tegishli ob’yektlarda nazorat qiladi.

Ish beruvchi N-1 shaklidagi dalolatnomani tuzishdan bosh tortsa, jabrlanuvchi yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs N-1 shaklidagi dalolatnoma mazmunidan norozi bo‘lsa, jabrlanuvchi yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasiga yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organiga murojaat qiladi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organi 10 kun muddat ichida baxtsiz hodisaning kelib chiqishi sabablarini o‘rganib chiqadi, mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me’yorlari, mehnat xavfsizligi andozalari buzilishini aniqlaydi, zarur deb hisoblasa, ish beruvchidan N-1 shaklidagi dalolatnomani tuzishni yoki qayta tuzishni talab qiladi. Ish beruvchi bu talablarni bajarmasa, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki boshqa vakillik organi, shuningdek jabrlanuvchi yoki boshqa manfaatdor shaxs davlat mehnat texnika nazoratchisiga murojaat qiladi.

Dalolatnoma tuzilmaganligi yoki noto‘g‘ri tuzilganligi aniqlangan hollarda davlat mehnat texnika nazoratchisi ish beruvchidan dalolatnomani tuzishni yoki boshqatdan tuzishni talab qilish huquqiga ega. Ish beruvchi davlat mehnat texnika nazoratchisi xulosasini bajarishga majburdir.

Kim uchun nafaqa?

"Turmush o‘rtog‘im yo‘q, qaramog‘imda uch nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Menga davlat tomonidan oyma-oy beriladigan biror pulli imtiyoz bormi? Buning uchun qanday hujjatlar kerak va qaerga murojaat qilish lozim?"

  1. Islomova. Bekobod sh.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi «Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq kam ta’minlangan oilalarga uch turdagi nafaqa to‘lanadi – 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam.

Nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash (ro‘yxatdan o‘tish) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga murojaat qilish talab etiladi. 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech