30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Fikr
29 Aprel  2020 879

Qalbida ishonchi bor xalq qudratlidir

Allohga shukrki, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat borgan sari ijobiy tomonga oʻzgarib, xalqimiz muborak Ramazon oyini shukronalik va yaxshi kunlar umidi bilan oʻtkazyapti. Lekin bu bizning bir daqiqa ham ogohlikni yoʻqotishimizga, eʼtiborsizlik qilishimizga asos boʻla olmaydi.

Bugungi tashvishli damlardaboshimizdan oʻtkazgan qiyin zamonlarni eslashimizga ehtiyoj tugʻiladi. Xalqimiz esa bunday tashvishli kunlarga koʻp duch kelgan. Lekin hamisha ularni mardonavor yengib oʻtgan. Birgina misol. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari oxirida juda katta qatliomlarni boshimizdan oʻtkazganmiz. Eng sara, eng maʼrifatli yurtdoshlarimiz tuhmatlar bilan yoʻq qilingan. Lekin shunday qiyin damlarda ham qoʻlni qoʻlga berib, misli koʻrilmagan mardliklar koʻrsatib Fargʻona kanalini qazigan va ming yillar davomida qaqrab yotgan yerlarni bogʻu chamanzorga aylantirgan xalqmiz biz.

Albatta, kimdir u zamonlar bilan bugungi kunlarni solishtirib boʻlmaydi, deyishi mumkin. Lekin bu notoʻgʻri gap. Aslida zamonlar, mafkuralar oʻzgaradi, ammo xalq qalbidagi bunyodkorlikka intilish, mehr-muruvvat, bagʻrikenglik, saxovat, yaxshilik qilish tuygʻulari hech qachon yoʻqolmaydi. Bunday tuygʻular avloddan avlodga oʻtib yashayapti va yashayveradi.

Yurtimizda soʻnggi uch yilda amalga oshirilgan bunyodkolik ishlarni odamlar qalbidagi obod va ozod vatanni yana-da goʻzal, unda yashayotgan xalqni yana-da farovon qilishga intilish natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

QoraqalpogʻistonRespublikasida, katta ekologik muammoga duch kelgan Orol dengizi hududida yuzaga kelgan vaziyatga bugun alohida etibor qaratilmoqda. Xaroba holiga kelib qolgan Moʻynoq shahrini bugun koʻrganlar bugun hayratda: 

— Bu biz kechagina koʻrgan, tuzli boʻronlar quchogʻida qolgan shahar emas-ku!

Oroldan uzoqda yashaganlarga bu dard unchalik sezilmasligi mumkin, ammo dengiz boʻyida tugʻilib, shu yerda voyaga yetganlar dengizsiz qolish qanday yoʻqotish ekanini yurak-yuraklaridan his etishdi. Moʻynoqda yashayotgan keksalar hamon Orolni tushlarida koʻrib chiqishadi.

Balki bir kun moʻjiza roʻy berib, dengiz qaytar, tirilar, armonlar ushalar. Ammo bugun Orol boʻylariga, Moʻynoqqa yangi hayot, yangi kayfiyat kirib kelayotgani, mehr-eʼtibor qaytgani haqiqat. Moʻynoqning qiyofasi, salohiyati butunlay oʻzgarib borayotgani bor gap.

Shaharda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat moʻynoqliklarni, uzoq-uzoqdan kelgan mehmonlarni ham hayratga solmoqda. Hayratlanmay boʻladimi, juda qisqa muddatda 245 oʻrinli madaniyat uyi, 1000 oʻrinli stadion va 800 oʻrinli afmiteatr, yuzlab zamonaviy turar joylar bunyod etildi. Ovullarda ham yangi tibbiyot maskanlari, maktabgacha taʼlim muassasalari, yoʻllar qurilmoqda, ichimlik suv, gaz quvurlari tortib kelinmoqda.

Qurigan Orol dengizi tubida toʻqayzorlar yaratish boʻyicha qilingan ishlar, tuman markazidagi yangilanishlar va ishga tushirilgan korxonalar haqida koʻp va xoʻb gaplar aytilgan, aytiladi. Ammo ekologik muammoga duch kelgan hududni obod maskanga aylantirish uchun butun bir davlat katta mablagʻ va resurslarni jalb qilishi haqidagi gaplarni eshitsak-da, ilgari koʻrmagan edik. Bugun bu haqiqatga aylandi. Yana qurigan dengiz tubida yuz minglab gektar yerlarga saksovul, qandim, qorabaroq va shunga oʻxshash oʻsimliklar urugʻini ekish bundan avval jahon tajribasida uchramagani haqiqat.

Minglab chaqirim yoʻl yurib, Orol dengizining qurigan tubiga borganimda, faqat qoraqalpogʻistonliklargina emas, balki bepoyon vatanimizning barcha hududlaridan kelgan tashabbuskor yoshlar va ularning chehrasidagi ishtiyoq hamda intilishni koʻrganimda xalq qalbidagi eng ezgu tuygʻular, mehr-muhabbat, bunyodkorlik hali barhayot ekaniga, hech qachon oʻlmasligiga amin boʻldim. Yana bir narsani angladimki, xalqimiz qalbida

kelajakka boʻlgan ishonch juda katta. U daryolarni oʻzanidan chiqarib, togʻlarni joyidan koʻchirishga qodir! Qalbida ishonch bor xalq esa qudratlidir.

“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tashkillashtirish tashabbusi xalqimiz duch kelayotgan qiyinchiliklarni yengish yoʻlida odamlarni jipslashtirishga, bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon boʻlib harakat qilishga chaqiriqdir.

Qoraqalpoqlarda “toʻyda koʻrishaylik”, degan yaxshi gap bor. Xalqimiz toʻy qilish uchun manglay terini toʻkib mehnat qiladi, orzularga intiladi. Qiyinliklarni mardonavor yengib, toʻy kuni koʻrishishning esa gashti boshqacha. Har birimizga toʻylarda koʻrishish nasib etsin!

Kengesboy Karimov,
Qoraqalpogʻiston Yozuvchilaruyushmasi raisi,
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech