05 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,8 °C

Fikr
1 May  2020 1758

Saxovatpeshalik – yuksak madaniyat va eʼtiqod belgisi

— Otni oling, Matqovul aka!

— A? Nimaga? — Hayronlikdan Matqovul akaning koʻzlari bir nuqtaga tikildi.

— Kelinbuvimni ham, bolalarni ham qiynamang. Otni olib, yeringizni haydab oling.

Matqovul aka shoshib qoldi. Dunyoda shoʻri-gʻavgʻodan, baxtiqarolikdan oʻzgasini kutmagan bir bechora uchun aql ishonmaydigan baxt edi bu. Xudodan tani sogʻliq soʻragani esida, beimon oʻldirma, deb iltijo qilgani esida, ammo mushkulimni oson qil, yerni haydab olay, ot bergin, deb soʻramagan edi-ku!

(Mirzakalon Ismoiliyning “Fargʻona tong otguncha” romanidan)

Qoʻshnilarning bir-birlariga oqibati, bir-birlariga yordam qoʻlini choʻzishlariga yoshligimdan guvoh boʻlib kelganman. Toʻgʻrima-toʻgʻri joylashgan hovlining uy bekasi Oʻgʻiloy opa bilan onamiz rahmatli tansiq ovqat qilgan kunlari, albatta, undan oilalarini bahramand qilishga intilishardi. Yon qoʻshnilarimiz bilan ham ahvol shunday edi. Ayniqsa, tatar millatidan boʻlgan Munira ayaning paramachlari mazasi hamon ogʻzimda qolgan. Uy qurish, taʼmirlash ham hashar bilan bitgani esimda.

Urush yillari frontga yaqin yerlardan koʻchirilgan bolalarni temir yoʻl bekatining oʻzidayoq saxovatpesha oʻzbek oilalari oʻz bagʻirlariga olganlari maʼlum. Ellik toʻrt yil ilgari roʻy bergan Toshkent zilzilasi davrida ham boshpanasiz qolganlarni uyi kamroq zarar koʻrganlar hovli-joylariga taklif qilib, bir oila boʻlib yashagandilar. Yaxshi-yomon kunlarda qoʻshnilar hamon bir-birlariga suyanadilar. Kuni kecha videomuloqotda Malayziya Islomni anglash instituti direktori, professor Aziza Bahoruddin “oʻzbek mahallasining diniy-maʼrifiy, saxovat, tarbiya ishlaridagi tajribasi Malayziyani qiziqtirayotgani”ni aytdi. Avvalroq aynan shu gaplarni pokistonlik hamkorlarimiz ham taʼkidlagan edilar.

Oʻzaro yordam, yelkadoshlik hissi, ehtiyojmandlarga yordam qoʻlini choʻzish tuygʻusi xalqimizning azaliy fazilatidir. Ushbu fazilat keyingi oylarda butun dunyoni tashvishga solib qoʻygan yangi yuqumli kasallik – tojdor virus tarqalishi munosabati bilan eʼlon qilingan vaqtinchalik karantin paytida, ayniqsa, yorqin namoyish boʻlmoqda. Karantin eʼlon qilinishidan avvalroq Oʻzbekiston rahbari tomonidan mamlakat aholisining muayyan qismi (turli sabablarga koʻra) kambagʻallik darajasida ekani tan olindi va uni tugatish, birinchi navbatda, ehtiyojmand aholining turmushini yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan edi.

Karantin oqibatida aziyat chekkanlar, avvalo, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotganlar, vaqtincha ishsizlar, nogironligi borlar va koʻp bolalik oilalarga davlat hamda saxovatpesha insonlar, tadbirkorlar tomonidan yordam berila boshlandi. Tadbirkorlar uchun belgilangan imtiyozlar ular tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan saxovat yordami koʻlamining yana-da oshishiga sharoit yaratdi.

Kecha va bugunning oʻzida Fargʻona vodiysi viloyatlarida uyini sotib muhtojlarga yordam koʻrsatgan, yaqindagina tadbirkorlikni boshlab, 50 oilani oziq-ovqat bilan taʼminlayotgan, zangori ekrandan turib uch bolalik beva ayolga bir yarim oyda uy qurib beraman, deyayotgan tadbirkorni, ming oilaga tarqatilayotgan sogʻin sigirlar, hali ish faoliyatini boshlamagan yoshlarimizga yer uchastkalarining ajratib berilayotgani, ham saxovat markazi, ham aholi tomonidan tarqatilayotgan oziq-ovqat, birinchi ehtiyoj mollarini koʻrib, kishi hayajonga tushmay qolmaydi. Albatta, ushbu roʻyxatning boshida karantinning dastlabki kunlaridanoq xalqimizga yordam qoʻlini choʻzgan, fan, sanʼat va sport homiysi, mashhur vatandoshimiz Alisher Usmonov, Moskvadagi elchixonamizga katta miqdorda yordam puli olib kelib bergan yana bir vatandoshimiz joy olgan. Qolaversa, kechayu kunduz mehnat qilayotgan rahbarlarimiz, huquq-tartibot idoralaridagi xodimlar, qahramon shifokorlarimiz, onlayn mashgʻulotlar oʻtkazayotgan ustozlarimiz shijoati ham muqaddas islom dinimiz, demakki, yaratgan Alloh va uning Paygʻambari (s.a.v.) maqtagan, yoqtirgan, daʼvat qilgan amallardir.

Mazmun-mohiyati, daʼvati, maqsadlari bilan ilm-maʼrifat, insoniylik, ezgulik va bagʻrikenglik boʻlgan tabarruk dinimiz xalqimizda saxovat, yelkadoshlik, insonparvarlik, vatanparvarlik tuygʻularini asrlar mobaynida shakllantirib kelmoqda. Dinimiz taʼlimotida saxovat va yordam alohida qadrlanadigan fazilatlar sifatida ulugʻlanadi. Kezi kelganda tan olish kerakki, xalqimiz har doim saxovatni ogʻrinmasdan va ogʻrintirmasdan qilib kelmoqda. Bu esa elimizning azaliy va anʼanaviy madaniyati belgisidir.

Qurʼoni karimning “Baqara” surasi 177-oyatini hammamiz uchun eslatmoqchiman: “Yaxshilik faqat namoz paytida yuzlaringizni Sharq va Gʻarb tomonga oʻgirishlaringizda emas. Eng yaxshi inson Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, ilohiy kitoblarga va paygʻambarlarga imon keltiradi. Allohga muhabbati yoʻlida molini yaqinlariga, yetimlarga, miskinlarga, yoʻlovchilarga, sadaqa soʻrovchilarga, qarzdorlarning qarzlariga sarf qiladi. Imon keltirganlar namozlarini oʻz vaqtida ado etadilar, miskinlarga zakot beradilar, vaʼdalariga vafo qiladilar, faqirlik va betoblikda sabr qiladilar. Haqiqatgoʻylar va taqvo egalari ana oʻshalardir”.

Niso surasining 114-oyatida esa bunday deyiladi: “Odamlarning bir-birlariga befoyda, bekorchi soʻzlarni aytishlarida hech bir xayr va savob yoʻqdir. Magar ularning bir-birlarini yaxshi ishlarga va sadaqotlarga chaqirib, islohga daʼvat qilib aytgan soʻzlarida xayr va savoblar bor va ular, albatta, ajr topgaylar. Kim shu amallarni Allohning roziligi uchun qilsa, qiyomat kuni oʻsha bandalarga ajri aziym beramiz”.

“Men yaxshi xulqlarni yana-da takomillashtirgani yuborildim”, deya xitob qilgan Paygʻambarimiz (s.a.v.) ham saxovat egalarini maqtaganlar. U kishidan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda: “Albatta, rizq eshigi yetti osmonning ustidan ochiqdir. U Arshgacha yetib borgan. Oʻsha eshik tunu kun yopilmaydi. Alloh har bir bandaga niyati, sarfi, sadaqa va infoq qilishiga qarab oʻsha rizqdan tushiradi. Bas, kim sadaqani koʻpaytirsa, unga ham rizqi koʻpaytiriladi. Kim kamaytirsa, unga ham kamaytiriladi. Kim baxillik qilib ushlab qolsa, undan ham baraka va keng rizq ushlab qolinadi”, deyilgan (Hakim Termiziy rivoyati).

Roʻza oyining sokin, barakotli, ajr-savob beradigan kunlari boshlandi. Ulamolarimizning aytishlaricha, ushbu oyda qilingan xayr-ehsonlarning ajri marta va marta ulugʻdir. “Saxovat va koʻmak” markazlari, “Vaqf” xayriya jamgʻarmasi, boshqa xayriya fondlari orqali yoki bevosita ehtiyojmand qoʻni-qoʻshnilarimiz, qarindosh-urugʻlarimiz, yor-doʻstlarimizga yordam koʻrsataylik, tabarruk roʻza oyida ajru savoblardan umidvor boʻlaylik!

Boshqa barcha yurtlar qatori, suyukli Vatanimizga va xalqimizga tojdor virus sinovidan talafotlarsiz oʻtib olish nasib qilsin! Tabarruk oyda qilayotgan ibodatlarimiz, duolarimiz Yaratgan huzurida qabul boʻlsin!

Shoazim Minovarov,
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech